22 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Checheniston Respublikasi rahbari Ramzan Qodirovning taklifiga binoan Shali shahrida bunyod etilgan muhtasham masjidning ochilish tadbirida ishtirok etish uchun ushbu davlatga jo‘nab ketdi. O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibiga hukumat vakillari, ulamolar, mudarrislar va ommaviy axborot vositalari vakillari kiritilgan.
Ushbu nufuzli marosimda davlat va din arboblari, muftiylar, taniqli islom ulamolari, soha mutaxassislari va ekspertlar ishtirok etadi. Shuningdek, masjidning ochilish marosimi doirasida turli diniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumki, mazkur ulug‘vor masjid me’morchilik an’analarini bezavol saqlab kelayotgan mahoratli o‘zbek me’morlari tomonidan loyihalashtirilgan va Markaziy Osiyoga xos uslubda qurilgan.
Mazkur xalqaro tadbir jarayonlari saytimiz orqali yoritib boriladi.
Eslatib o‘tamiz, 2017 yil 16 oktyabr kuni Checheniston Respublikasi Prezidenti Ramzan Qodirov mamlakatimizga qilgan safari mobaynida Toshkent shahridagi “Hazrati Imom” majmuasiga tashrif buyurgan edi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Kotibiyat mas’ul xodimi Muhammadamin qori Xoliqovning padari buzrukvori vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Muhammadamin qori Xoliqovga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi