Agar siyrat kitoblarini yosh bolalarga o‘qib bersangiz Rasullulloh haqlarida ularda qanday tasavvur hosil bo‘ladi? Go‘yoki ul zotning hayotlari faqat urush, g‘azotlardan iboratday tuyuladi. Badr, Uhud, Xudaybiya, Makka fathi va shu kabilar ul zotning xarbiy yurishlaridagi kechirgan vaqtlari xolos. Siyrat kitoblarida bu g‘azotlar orasidagi oddiy hayotlariga kam e’tibor berilganday ko‘rinadi. Aslida mana shu oraliqda Madinada islom davlatini qurish bilan bir qatorda oddiy hayot ham o‘z yo‘lida davom etgan. Allohning rasuli ayollari, farzandlari, do‘stlari bilan doimo birga muloqotda bo‘lganlar.
Ul zot sollallohu alayhi va sallam Madinada istiqomat qilgan vaqtlarida 50, 60 yosh bo‘lishlariga qaramasdan, ko‘rinishlari juda chiroyli bo‘lib, ular bolalar uchun qari bir mo‘ysafid ko‘rinishida emasdilar. Ularning oldilariga yosh bola qo‘rqmasdan bora oladigan suratda edilar. Ya’ni ular bilan birga o‘ynasa bo‘ladigan, hazil qilsa ko‘taradigan, shu bilan birga ularga nisbatan hurmat qilinadigan salobatlari bo‘lgan. Xuddi bola otasini yaxshi ko‘rib, unga erkalik qila olganidek, bir vaqtni o‘zida uning haybat, salobatidan o‘zining haddini bilib turgan kabi edi. Chunki yosh bolaga payg‘ambar kim ekanligi, ularga osmon eshiklari ochiqligi, xohlagan vaqtda ularga vahiy kelishi mumkinligini tushuntirib bo‘lmaydi. Bu holatlarni bola faqat katta bo‘lgandagina tushuna olishi mumkin. Shunga qaramasdan yosh bolalar ularni kim deb tasavvur qilganliklari muhim. Odatda, xoh yosh bola bo‘lsin, yoki katta inson bo‘lsin birinchi ko‘rgan inson haqidagi tasavvur notanish insonning ko‘ziga qarab paydo bo‘ladi. Ul zotning ko‘zlari har doim tiniq, qon tomirchalari hech qachon qizarib bo‘rtib turmagan, ko‘zlarining oq qismi tim oppoq bo‘lib, yoqimli tabassum va yorug‘ yuz bilan mujassam bo‘lganida bu holatni ifodalab berishga so‘z ojizlik qiladi.
Ularning yuzlari juda yoqimli edi. Bu go‘zal yuzning o‘zi hammani o‘ziga jalb qilar, uni ko‘rgan insonlar ularni hali islom diniga da’vat qilmaslaridan oldin o‘z xohishlari bilan islomni qabul qilishga tayyor bo‘lib qolar edilar. Nima uchun? Chunki bu go‘zal yuz, mehrga to‘la ko‘zlar bilan boqilgan nigohning o‘zi har bir insonda ul zotni dunyodagi eng yaxshi inson ekanligini, ulardan hech ham yomonlik chiqmasligini, zinhor yolg‘on gapirmasliklarini aniq, tiniq namoyon qilardi. Birgina yahudiy olimi bo‘lgan Abdulloh ibn Salomni eslang: “Men ularning yuzlariga qarab bu yolg‘onchi inson emas, balki haqiqiy rostgo‘y insonning siymosi ekanini bir ko‘rishdayoq bildim. Aslo yolg‘onchi yo bezori inson emas, balki unga chin dildan ishonsa bo‘ladigan, xohlasa ham alday olmaydigan samimiy bir inson edi. Men unga ishondim va shu sabab iymon keltirdim”, degan ekan. Demak ul zotning muborak yuzlariga qarashning o‘zi boshqa din vakillarida ham go‘zal bir taassurot qoldirgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam as'hoblarining u zotning muborak yuzlari haqidagi taasurrotlari qanday bo‘lgan?
Abu Tufayl roziyallohu anhudan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni tavsiflab bering», deb so‘raganlarida u kishi shunday degan: «U zot sollallohu alayhi vasallam oq (tiniq) rangli, go‘zal yuzli edilar. Agar xursand bo‘lsalar, yuzlari xuddi oydek chaqnab ketar va go‘yoki u zotning yuzlarida to‘lin oy ko‘rinib turgandek bo‘lar edi». (Imom Muslim rivoyati.)
Jobir roziyallohu anhu aytadi: «Ul zotning yuzlari quyosh bilan oyga o‘xshardi». (Imom Muslim rivoyati.)
Yana bu haqda ularning as'hoblaridan biri: “Biz Rasulluloh sollallohu alayhi va sallamni doimo yuzlarida tabassum balqigan holatdagina ko‘rganmiz. Biron marta ularni baqirgan, jahl qilgan holatda ko‘rmaganmiz”, deya ta’kidlaganlar. Demak bunday holat ularning oddiy, kunlik ko‘rinishlari bo‘lgan ekan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam xutba qilganlarida, g‘azotlarda ishtirok etganlarida, vahiy kelgan vaqtlaridagina jiddiylashganlar xolos. Bu albatta tabiiy edi. Guvohi bo‘lganingizdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ta’riflarini keltirgan sahobalar bir ovozdan muborak yuzlarining nurli, yorqin hamda porlab turganini va o‘zgacha tiniqlik kasb etganini ta’kidlamokdalar.
Tasavvur qiling, Rasulluloh sollallohu alayhi va sallam sizga tabassum qilmoqdalar... Yana qo‘lingizdan tutib, sizning ko‘zingizga mayin nigohlarini yo‘naltirdilar... Sizga yoqimli so‘zlar bilan murojaat qilmoqdalar... Shu bilan birga yana sizga rahm-shafqatlidirlar... Sizni biron narsada ayblamaydilar, sizga baqirmaydilar, tana qilmaydilar, aslo sizga qo‘l ko‘tarmaydilar yoki sahobalarga “borib, uni urib keling” demaydilar... U zotning shaxsiy qo‘riqlovchilari bo‘lmagan, u zotning nigohlarida tahdidni ko‘rmaysiz, u zot o‘zlarini mirshabdek tutmaganlar, u zotni ko‘rish bilanoq hamma o‘zini bexavotir, xotirjam tutgan. Ularning huzurlarida katta inson o‘zini bexavotir tutgan bo‘lsa, endi u zotning yoqimli, to‘lin oyga o‘xshagan mehr, muruvvat taralib turgan yuzlarini ko‘rgan yosh bolani tasavvur qiling...
Saodat asrining bolalariga Rasulluloh sollallohu alayhi va sallamning yuzlariga boqishning o‘zi ularda his-hayajon tug‘dirardi.
Abdulloh ibn Horisa roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: “Qachon men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni uchratsam har doim ularning yuzlari tabassumli bo‘lardi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan ko‘ra ko‘proq tabassum qiladigan insonni ko‘rmadim”, deya ta’kidlaganlar. (Termiziy rivoyati.)
Anas ibn Molik roziyallohu anhu ul zotning huzurlarida o‘n yil xizmat qilgan baxtli bola edi. Saxobalardan eng oxirgi 103 yoshga kirib vafot etgan bu sahoba ul zotni eslab shunday degan edi: “Umrimning oxirigacha tushimda Rasulluloh sollallohu alayhi va sallamni ko‘rmagan biron tun yo‘q edi. Har safar tushimda ul zotning yuzlarini ko‘rganimda, yig‘lamagan biron tun yo‘q edi.”
Ha, azizlar, bu Rasulluloh sollallohu alayhi va sallamning muborak yuzlari vasflaridan bir shingil xolos... Inshaalloh, oxiratda ul zotning muborak yuzlariga to‘yib-to‘yib boqish baxti hammamizga nasib etsin!
Xadichai Kubro ayol- qizlar bilim yurti mudarrisasi G.Qurbonova
Bir o‘tirib, yashab o‘tgan shuncha yillik hayotimizda boshdan kechirgan g‘am-g‘ussalarimiz haqida fikr yuritib ko‘rsak, qayg‘ular ikki xil ekanini ko‘ramiz:
Birinchisi – o‘sha paytda ko‘zimizga katta ko‘rinib, hatto yig‘lashimizga sabab bo‘lgan qayg‘ularimiz. Lekin vaqt o‘tishi bilan ular aslida oddiy narsa ekani, yig‘lashga arzimasligi ma’lum bo‘ladi. Ba’zan o‘sha kunlarni eslaganimizda kulgimiz kelib, «Shu arzimas narsa uchun ham siqilib, yig‘lab yurgan ekanmanmi? U paytlarda ancha yosh bo‘lgan ekanmiz-da», deb qo‘yamiz.
Ikkinchisi – haqiqatdan ham katta musibatlar. Ba’zilari hayotimizni zir titratgan. Bu qayg‘ular ham o‘tib ketadi, lekin o‘chmaydigan iz qoldirib ketadi. Bu izlar uzoq yillargacha qalbga og‘riq berib turaveradi. Bu qayg‘ular ba’zan to‘xtab, ba’zan harakatga kelib, yangilanib turadigan vulqonga o‘xshaydi. Bunday g‘am-qayg‘ularning yaxshi tarafi shundaki, ular hayotda ham, oxiratda ham yaxshiliklarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Ular qalbimizda o‘chmas iz qoldirsa, har eslaganda ko‘zlarimizda yosh qalqisa, eng asosiysi – o‘shanda duoga qo‘l ochib, sabr bilan turib bera olsak, ko‘p-ko‘p yaxshiliklarga, ajr-savoblarga ega bo‘lamiz. G‘am-qayg‘u yangilanishi bilan yaxshiliklar ham yangilanib boraveradi.
G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.
Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).
Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.
Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».
Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.
Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.