Mashhurlar e’tirofi
Quyida Amerika, Yevropa va Osiyo mutafakkirlarining Islom dini, Qur’oni Karim hamda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam haqlaridagi e’tiroflari bilan tanishasiz.
Har safar Qur’onni o‘qiganimda, tanam ichidagi ruhim titraydi.
Gyote,
nemis yozuvchisi va faylasufi
*****
Qur’on shariati aql va hikmatga muvofiqligi, uyg‘unligi uchun yaqinda butun olamda hukmronlik qiladi.
Lev Tolstoy,
rus yozuvchisi
*****
Risolatlar tarixida Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) olib kelgan Qur’ondan boshqa harflarigacha to‘liq saqlangan kitob mavjud emas.
Maykl Hart,
amerikalik astrofizik
*****
Qur’on kitoblarning kitobidir. Men ham bu kitob haqida, xuddi har bir musulmon e’tiqod qilganidek, e’tiqod qilaman.
Gyote,
nemis yozuvchisi va faylasufi
*****
Astronom olim Jeyms Jins musulmon alloma Inoyatulloh Mashriqiyning إِنَّمَا يَخْشَى اللَّهَ مِنْ عِبَادِهِ الْعُلَمَاء (“Allohdan bandalari ichidan faqat olimlarigina qo‘rqarlar”) oyatini tilovat qilganini eshitdi-da, dodlab yubordi va: “Dahshat! Ajoyib! Axir bu (ya’ni, Allohdan faqat olimlar qo‘rqishi) ellik yillik izlanishlarim natijasida aniqlagan narsam-ku! Muhammadga bu haqiqatning xabarini kim bergan? Ushbu oyat rostdan ham Qur’onda bormi? Agar shunday bo‘ladigan bo‘lsa, unda men guvohlik beramanki, albatta, Qur’on Allohning huzuridan unga (Muhammadga) vahiy qilingan kitobdir!” dedi.
*****
Alloh Muhammad (sollallohu alayhi vasallam)ni saqlashni va’da qilib, وَاللّهُ يَعْصِمُكَ مِنَ النَّاسِ (“Alloh seni odamlardan saqlaydir”) deganda, Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) qo‘riqchilarini ketkazib yuborgan. Kishi hech qachon o‘zining zarariga yolg‘on gapirmaydi. Agar ushbu Qur’on samodan tushmaganda edi, Muhammad qo‘riqchilarini o‘zi bilan qoldirgan bo‘lardi.
Bartelemi-Sent-Iler,
fransiyalik siyosat arbobi
*****
Qur’on Allohdan ekanida shubha yo‘q! Muhammad (sollallohu alayhi vasallam)ning payg‘ambarligi sobitligida ham shubha yo‘q!
Doktor Erenberg,
Oslo universiteti ustozi
*****
Qur’on Allohning Kalomi degan gapni qabul qilishda hech qanday qiyinchilikni sezmadim. Chunki, Qur’onda homila sifatlarining bayon etilishi yettinchi asr ilm-ma’rifatiga asoslanishi mumkin emas. Bitta oqilona xulosa shuki, bu tavsiflar Alloh tomonidan Muhammadga (sollallohu alayhi vasallam) vahiy etilgandir.
Yoshiyeda Kuzan,
Tokio rasadxonasi mudiri
*****
Hayotimdagi eng katta voqea shuki, men Allohning elchisi Muhammad (sollallohu alayhi vasallam)ning hayotini sinchkovlik bilan o‘rganganib chiqdim va ulug‘vorlik hamda abadiylikni angladim.
Lamartin,
fransuz shoiri
*****
Kim insoniy buyuklikni Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) anglagandek angladi?! Qaysi inson u zot yetgan komillik martabasiga yeta oldi?! Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) Xoliq bilan maxluq o‘rtasida vositachi qilib olingan botil e’tiqodlarni yo‘q qildi.
Lamartin,
fransuz shoiri
*****
Men tarixdan insoniyat uchun ideal shaxsni izladim va uni arab millatiga mansub Payg‘ambar Muhammad sollallohu alayhi vasallam shaxsiyatida topdim.
Gyote,
nemis yozuvchisi va faylasufi
*****
Gyote yetmish yoshga chiqqanda Payg‘ambar Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Qur’oni Karim nozil qilingan o‘sha muqaddas kecha (Qadr kechasi)ni xushu’ bilan nishonlashga azmu qaror qilganini atrofidagilarga e’lon qildi.
*****
Albatta, Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) dunyo buyuklarining buyugidir. U olib kelgan Din eng komil dindir!
Foris Xuriy,
suriyalik siyosatchi
*****
Albatta, Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) butun olamni yoritgan yulduzdir.
Tomas Karleyl,
britaniyalik yozuvchi
*****
Islom Payg‘ambarining (sollallohu alayhi vasallam) hayotini diqqat bilan takror-takror o‘qidim. Unda faqat (har bir insonga zarur bo‘lgan) xulqni ko‘rdim. Islom butun olamning yo‘li bo‘lishini qanchalar orzu qildim!
Tomas Karleyl,
britaniyalik yozuvchi
*****
To‘plab, tarjima qiluvchi Nozimjon Hoshimjon
Masjidi Nabaviy Madina shahrida joylashgan bo‘lib, Islom tarixidagi eng muqaddas joylardan biridir. Masjid Muhammad sollallohu alayhi vasallam tomonidan hijratning birinchi yilida, 622 yili barpo etilgan va musulmonlar uchun Makkadagi Masjidul Harom va Quddusdagi Masjidul Aqsodan keyingi uchinchi muqaddas masjid hisoblanadi. Masjidi Nabaviydagi mehroblar masjidning tarixiy va ma’naviy ahamiyatini aks ettiradi.
Mehrob – masjidda namoz vaqtida imom turadigan va qiblani ko‘rsatuvchi joy. Masjidi Nabaviydagi kengaytirishlar va qayta qurish jarayonlarida mehroblar o‘zgarib borgan. Masjidning dastlabki ko‘rinishi sodda shaklda bo‘lib, mehrob ham biror bir narsa bilan belgilanmagan. Keyinchalik, Umaviylar, Abbosiylar, Usmoniylar va Saudiylar davrida mehroblar naqshinkor san’at namunalari bilan bezatildi.
1. Payg‘ambar mehrobi. Mehrobi Nabaviy Masjidi Nabaviydagi eng muhim va asosiy mehrobdir. Mehrob Ravzada, Payg‘ambar alayhissalomning qabrlari va minbarlari orasida joylashgan. Payg‘ambar alayhissalom davrlarida U zot namoz o‘qigan joyda biror belgi bo‘lmagan, 707-710 yilda ilk bor Umaviy xalifasi Valid ibn Abdulmalik tomonidan bu joyga birinchi mehrob o‘rnatilgan.
Masjidda hozirgi shakldagi mehrob 1482 yilda Mamluk sultoni Qaytbey tomonidan qurilgan bo‘lib, keyinchalik Usmonlilar va Saudiya podshohi Fahd davrlarida ta’mirlangan. Mehrob tilla bilan qoplangan xattotlik yozuvlari va go‘zal naqshlar bilan bezatilgan.
2. Usmoniy mehrobi. Mehrobi Usmoniy hozirda ko‘p foydalaniladigan asosiy mehrob bo‘lib, Usmon ibn Affon roziyallohu anhu davrida 651 yilda masjid kengaytirilganidan qurilgan. Qibla devorining markazida joylashgan Usmon ibn Affon mehrobi o‘rnida dastlab belgi bo‘lgan.
3. Mehrobi tahajjud. Mehrob Payg‘ambar alayhissalom tahajjud namozini o‘qigan joyni bildiradi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tungi namozlarini Masjidi Nabaviyning ustunlaridan biri yonida o‘qir edilar. Keyinchalik bu ustun yonida mehrob qurildi, ammo so‘nggi yillardagi qayta ta’mirlash ishlarida olib tashlandi va uning o‘rniga Qur’oni karim mus'haflari uchun kitob javoni o‘rnatilgan.
4. Sulaymoniy mehrobi. Mehrobi Sulaymoniy Hanafiy mehrobi deb ham nomlanadi. Sulaymoniy mehrobi Ravzadan tashqarida, Payg‘ambar alayhissalom minbarlarining o‘ng tomonida joylashgan. Bu mehrob hanafiy mazhabidagilarning namozgohi bo‘lgan. 1532 yili Sulton Sulaymon I buyrug‘i bilan bunyod etildi.
5. Fotima mehrobi. Fotima rohiyallohu anho uylari yaqinida, tahajjud mehrobining janubida, Nabiy alayhissalom hujralari atrofida joylashgani, maqbara o‘ralgani bois mehrob ko‘rinmaydi.
Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va islom tarixi fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi.