Shu yil 11 avgust kuni Vatanimiz mustaqilligining o'ttiz ikki yillik bayrami oldidan ko'p yillar diniy sohada fidoyilik bilan xizmat qilgan, faxriy imom, ustoz Ahmadjon domla Bobomurodzodaga Respublikamizdagi Turon Fanlar akademiyasi akademigi ilmiy unvoni taqdim etildi.
Nufuzli unvonni topshirish marosimida mutasaddi vakillar Ahmadjon domla Bobomurodzodaga Turon Fanlar akademiyasi akademigi oltin medali, akademik diplomi va guvohnomasi, shuningdek, Turon Fanlar akademiyasining o'n yilligi ko'krak-nishonini tantanali tarzda topshirishdi.
Ma'lumot o'rnida, Ahmadjon domla Bobomurodzoda 1946 yili Samarqand shahrida tavallud topgan. U kishi 1971 yil Buxorodagi Mir Arab madrasasini, 1975 yili Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutini tomomlagan.
Ahmadjon domla ilk faoliyatni 1973 yili poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi “Olmazor” jome masjidida imom-xatib sifatida boshlagan. 1974-1980 yillarda Toshkent viloyatining Toshkent tumani “Ko'kterak” jome masjidida, 1980-2006 yillarda Toshkent shahridagi “Islom ota” jome masjidida samarali mehnat qilgan. Bir vaqtning o'zida 1982-2006 yillar davomida Toshkent shahar Yashnabod va Mirobod tumanlari bosh imom-xatibi vazifasini ham bajarib kelgan.
Shuningdek, 1989-2020 yillarda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida katta o'qituvchi bo'lib, ko'plab shogirdlarni etishtirgan.
Eslatib o'tamiz, Turon Fanlar akademiyasi akademigi unvoni Shayx Abdulaziz Mansur, Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov, Sayyid Rahmatulloh Termiziy singari bugungi kunda diniy sohada faoliyat yuritib kelayotgan ulamolarimizga ham taqdim etilgan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Shu yil 3-7 yanvar kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining 237 nafar pedagog-o‘qituvchilari uchun qisqa muddatli malaka oshirish o‘quvlari tashkil etildi.
O‘quv-mashg‘ulotlari maxsus reja va dars jadvali asosida bo‘lib o‘tdi. Darslar zamonaviy axborot texnologiyalari va interfaol uslublar yordamida o‘tildi. Unga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hududiy boshqarmalari, yurtimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan ma’ruzachilar taklif qilindi.
Malaka oshirish davomida pedagog-o‘qituvchilarning davlat va din munosabatlari, o‘quv jarayonida pedagogik texnologiyalardan unumli foydalanishda bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirish, talabalar orasida mutaassiblik va radikallashuvning oldini olish, ta’lim muassasalarida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur o‘quv-mashg‘ulotlarni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga sertifikatlar taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati