Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Avgust, 2025   |   15 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:56
Quyosh
05:26
Peshin
12:34
Asr
17:26
Shom
19:34
Xufton
20:57
Bismillah
09 Avgust, 2025, 15 Safar, 1447

BAA o'zbekistonliklar uchun vizani bekor qildi: taqiqlar va tavsiyalar

29.01.2024   1284   7 min.
BAA o'zbekistonliklar uchun vizani bekor qildi: taqiqlar va tavsiyalar

2024 yil 16 yanvar' kuni Birlashgan Arab Amirliklari Tashqi ishlar vazirligida O'zbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari hukumatlari o'rtasida kirish viza talablaridan o'zaro ozod etish to'g'risidagi hamkorlik protokoli imzolandi. Hujjatga ko'ra, O'zbekiston fuqarolari 30 kundan oshmagan muddatda Birlashgan Arab Amirliklari hududida bo'lishi davrida viza talablaridan ozod etiladi. Hujjat rasman 2024 yil 16 fevraldan kuchga kiradi.

Ho'sh, biz Birlashgan Arab Amirliklari haqida nimalarni bilamiz? Biz bugungi lavhamizda fuqarolarimiz uchun Birlashgan Arab Amirliklari hududida amal qilinishi kerak bo'lgan ayrim qonun-qoidalar bilan tanishtirishni maqsad qildik.  

Taksi xizmatlari.  

Birlashgan Arab Amirliklari hududida taksi xizmatlari hisoblagichning ko'rsatkichlari asosida narx belgilanadi.  

Ma'lumot uchun: Abu Dabi va Dubayda taksida yurishning minimal narxi - 12 dirham, Sharjada 13 dirham, uchala shaharda 1 soat kutish vaqti 30 dirham. Abu Dabida har km uchun 1,8 dirham, Dubay va Sharjada 2,8 dirham to'lanadi.  

Soliqlar.  

Birlashgan Arab Amirliklarida barcha tovar va xizmatlar uchun to'lovlar narxidan 5 foiz qo'shilgan qiymat solig'i undiriladi. Turizm maqsadida tashrif buyurgan turistlardan mehmonxona xizmatlarining narxidan 4 foiz turistik solig'i undiriladi, soliqlar mehmonxona narxiga qo'shilgan tarzda taqdim etiladi.  

BAA bo'ylab xorijiy davlatlar fuqarolari uchun “Tax free” tizimi joriy etilgan. 2022 yil 14 sentyabrda ushbu tizim to'liq raqamlashtirilgan va barcha aeroportlarda o'z-o'ziga xizmat ko'rsatish kiosklarida fuqarolar qilingan xarid uchun elektron xarid cheklari orqali Qo'shilgan Qiymat Solig'ini qaytib olishlari mumkin.  

Birlashgan Arab Amirliklari davlat tili – arab tili.  

Biroq, BAAda doimiy yashovchi xorij fuqarolarining umumiy aholi sonidagi ulushi 88%ni tashkil qilgani va turistlar uchun sharoit yaratish maqsadida ommaviy ob'ektlardagi ko'rsatkichlar hamda yo'l va boshqa belgilar arab va ingliz tillarida. Muloqotda urdu, hind va fors tillari ham keng tarqalgan.  

Alkogolizmni targ'ib qilish taqiqlanadi  

Mamlakatda alkogolli ichimliklarni jamoat joylarida iste'mol qilish va mast bo'lish bilan bog'liq qat'iy cheklovlar mavjud. Sharja amirligida spirtli ichimliklar bilan bog'liq cheklovlar qat'iy nazorat qilinadi. Sharjada jamoat transportida spirtli ichimliklarni olib yurish ham taqiqlanadi. Qoidabuzarlar olti oygacha qamoq jazosiga yoki 2000 dirham (ya'ni $ 545 AQSh dollari) miqdorida jarimaga tortiladi.  

Mahalliy aholini suratga olish taqiqlanadi  

Amirliklar qonunchiligi odamlarni ularning roziligisiz suratga olishni taqiqlaydi. Shu sababli, sayyohlar mahalliy aholini kameraga yozib olishga harakat qilishda ehtiyot bo'lishlari kerak. Suratga olishdan oldin, agar ular bunga qarshi bo'lmasalar, aniqlab olish yaxshiroq. Qoida odamlar gavjum joylarda, diqqatga sazovor maskanlarni suratga olishda qo'llanilmaydi. Ammo boshqa hollarda yirik miqdorda jarima to'lanishiga, qonunni qo'pol ravishda buzganlik uchun esa 7 yilgacha mahalliy qamoqxonaga ravona bo'lish mumkin.  

Jamoat joylarida erkak va ayollar o'zlarini tutish bo'yicha cheklovlar mavjud  

Bu borada qat'iy cheklovlar BAAning barcha Amirliklarida qo'llaniladi. Juftliklarning jamoat joylarida haddan ziyod yaqin bo'lishi va turli harakatlar qilishi yuqoridagi kabi jarima yoki qamoq jazosiga duch kelishingiz mumkin.  

Turistlarga bo'lgan munosabat tufayli huquqni muhofaza qilish organlarining ushbu masala bo'yicha sayyohlarga munosabati engil ko'riladi. So'nggi yillarda xorij fuqarosi bo'lgan huquqbuzarlarga shunchaki tanbeh berilmoqda. Biroq mavjud jazo choralari amalda qolmoqda.  

Bir jinsli shaxslarning o'zaro munosabatga kirishishi BAA qonunchiligiga ko'ra ommaviy kaltaklashdan tortib, qamoqqa olish yoki o'lim jazosigacha jazolanishi mumkin. Bu borada qonunbuzarlar millatidan va jinoyat sodir etilgan joydan (jamoat joyi, mehmonxona, xususiy turar joy) qat'iy nazar jazolanadi.  

Qarama-qarshi jins vakillari kiyimlarini kiyish, taqinchoq va boshqa buyumlaridan foydalanish yirik miqdorda jarima yoki qamoq jazosiga sabab bo'ladi.

Jamoat joylarida sayyohlarning ko'rinishi bo'yicha talablar mavjud    

BAA qonunchiligi shariatga asoslanishidan kelib chiqib, jamoat joylarida haddan tashqari ochiq va tor kiyimlar kiymaslik bo'yicha qat'iy talablar mavjud. Biroq, hozirda kiyinish qoidalarini buzganlarga jiddiy jazo qo'llanilmaydi. Faqat masjidga tashrif buyuruvchilarning tashqi ko'rinishiga qo'yiladigan talablarga qat'iy rioya qilinadi.  

Jamoat transportidagi ayrim qoidalar  

Dubay metrosidagi pushti rangdagi vagonlar faqat ayollar va 12 yoshgacha bo'lgan bolalar uchun mo'ljallangan, erkaklar chiqishi man etiladi.  

Jamoat transportida ovqatlanish qat'iyan man etiladi, qoida hatto saqich uchun ham amal qiladi.  

Nogironlar va homilador ayollar uchun joylarni egallash taqiqlanadi, hatto ular yaqin atrofda bo'lmasa ham.  

Uchala holatdagi taqiqlarni buzganlar uchun 100 dirham ($ 27) miqdorida jarima qo'llaniladi.  

Muqaddas Ramazon oyida amal qilinishi lozim bo'lgan ayrim jihatlar  

Ramazon davrida jamoat joylarida kunduzi ovqatlanish va suv ichish qonunchilik darajasida taqiqlangan. Taqiqni buzganlar bir oy qamoqxonaga tushishi yoki 1000 dirham ($ 272) jarimaga tortilishi mumkin.  

Shuningdek, bu davrda jamoat joylarida fuqarolarning tashqi ko'rinishi va hatti-harakatlariga qo'yilgan talablar (baland ovozda gapirish yoki kulish, qasam ichish) kuchaytiriladi. O'z navbatida, bu davrda turar joylar narxlari arzonlashadi, turli chegirmalar joriy etiladi.  

Boshqa din vakillarining diniy e'tiqodlarini haqoratlash jazolanadi. Har qanday dinni tanqid qiladigan ramzlar bilan kiyim kiyish taqiqlanadi.

Hulosa qilib aytadigan bo'lsak, qaysi mamlakatga bormang Siz O'zbekiston Respublikasi fuqarosi, chet davlati uchun "xorijlik" bo'lib qolasiz. Boshqa davlat qonun qoidalariga amal qilish avvalo o'zingiz uchun foydali.

Bizni kuzatishda davom eting. O'zingiz va yaqinlaringizni e'tiborsiz qoldirmang.

M.Turdaliyeva,

O'zA

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

«Ishorai sabboba» qanday amal?

04.08.2025   17076   3 min.
«Ishorai sabboba» qanday amal?

Hanafiy mazhabimizda «ishorai sabboba» sunnat amal xisoblanadi. U to‘g‘risida bir necha hadisu shariflar vorid bo‘lib, quyidagi manbalarda u to‘g‘risida va qanday qilinishi borasida to‘xtalib o‘tilgan. Abu Lays Samarqandiy “Navozil”, Kamoliddin Ibnu Humom “Fathul qodir”, Alloma Alouddiyn Kosoniy “Badoi’us Sanoiy”, Ibn Obidiyn “Raddul muxtor”, Abdulhay Laknaviy “Umdatur ri'oya”, “E’lo’us sunan” kabi mo‘tabar manbalarda ham sunnat ekanligi zikr qilingan.  Bu haqida Aliy Qoriy ikkita “Tazyinul ibora tahsinul ishora” va “At-tadhiynu lit tazayyun”, Hofiz Ibn Hajar “Talhisul hobir”, Ibn Obidiyn “Raf’ ul taraddud” nomli bir qator risolalarda ham yozib o‘tganlar.

Imom Termiziy Abu Humayddan rivoyat qiladilar: “O‘ng kaftlarini o‘ng tizzalariga, chap kaftlarini chap tizzalarini ustiga qo‘yib barmoqlari bilan ishora qilar edilar”.

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallolohu alayhi vasallam namozda, ya’ni tashahhudga o‘tirsalar o‘ng qo‘llarini o‘ng tizzalarini ustiga chap qo‘llarini chap tizzalarini ustiga qo‘yib ko‘rsatkich barmoqlarini ko‘tarib ishora  qilardilar. Chap qo‘llari tizzalarini ustida turar edi”. Ushbu hadisga sahobalar, tobe’inlar amal qilib, tashahhudda ishorani ixtiyor qildilar. Ahmad Nofi’dan rivoyat qiladilar: “Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo namozda tashahhudga o‘ltirsalar ikki qo‘llarini ikki tizzalariga qo‘yib barmoqlari bilan ishora qilib, ishora qilgan barmoqlariga qarab turar edilar, so‘ng Rasululloh sallalohualayhi vasallam: “Barmoq bilan ishora qilish shaytonga temirdan ham shiddatliroq”, derdilar.

Aliy Qoriy “Tazyinul ibora tahsinul ishora” kitoblarida ushbu hadisni sharhlab aytadilarki, “Barmoq bilan ishora qilish urushda temir qurolni ishlatishdan ham qiyinroqdir, go‘yo tavhidga ishora qilish bilan shayton mo‘min bandani adashtirishi, shirkka olib borishdan bo‘lgan  umidini kesadi”.

Imom Suyutiy “Jome’ul kabir” kitoblarida Uqba ibn Omirdan rivoyat qiladilar: “Kishi namozida ishora qiladigan har bir ishorasiga o‘nta hasanot yoziladi”, dedilar.

Ibn Obidiyn “Raf’ul taraddud” nomli kitoblaridagi «ishorai sabboba» haqida vorid bo‘lgan hadislar, olti sahih kitoblarning hammasida zikr qilingan. U hadislarni hattoki, ma’naviy mutovotir deyish durust bo‘ladi deganlar.

«Ishorai sabboba» qilish borasida sahobalar, ularga ergashgan tobe’inlar ixtilof qilmadilar. Imom Abu Hanifa va u zotning ikki shogirdlari Imom Abu Yusuf va Imom Muhammmad, Imom Molik, Imom Shofeiy, Imom Ahmad ibn Hanbal hamda mutaqaddim ulamolar «ishorai sabboba» sunnat ekanligiga ittifoq qilishgan.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, «ishorai sabboba»ni tashahhudga o‘tirganda, duoni o‘qib “Ashhadu anna...” deganda namozxon o‘ng qo‘lni ko‘rsatgich barmog‘ini ko‘taradi, “illalloh” deganda tushiradi. Tashahhud duosini avvalidan qo‘lni qimirlatib turish durust emas. Shuni takidlash lozimki, «ishorai sabboba» rivoyatlaridan bexabar bo‘lib, bu amalni qilmagan namozxonni aslo malomat qilinmaydi.

Namangan shahar "Mulla Bozor Oxund" jome masjidi

imom noibi Anvarxon Akramov

Manba: @Softalimotlar

MAQOLA