Boshlang‘ich sinflarga arab tilidan dars o‘tadigan muallim o‘quvchilardan imtihon olibdi. Imtihon javoblarini tekshirgach, javob varaqalarini yana o‘zlariga tarqatibdi. Shunda o‘quvchilardan biri: “Ustoz, mening javoblarimga birorta ham tuzatish qo‘ymagansiz. Barchasini to‘g‘ri bajarganim ko‘rinib turibdi. Ammo nega menga o‘n balldan sakkiz ball qo‘ydingiz?” deb so‘rabdi. Muallim: “Sening so‘z tuzishdagi kamchiliging tufayli ikki ball kam qo‘ydim” deb javob beribdi. “Men o‘n ball olishni xohlayman” deb ustozi bilan tortishib ketibdi o‘quvchi. Haqiqatan ham u imtihondagi barcha savollarga to‘g‘ri javob bergan va yozma ishni ham juda yaxshi yozgan edi. Biroq ustoz uning sinfdagi eng iqtidorli, a’lochi o‘quvchi ekanligini tan olgisi kelmayotgan edi. Ustoz o‘quvchiga: “Agar menga jannat tuprog‘idan olib kelsang, senga o‘n ball qo‘yib beraman” deb shart qo‘ydi. Ustoz bu sharti bilan o‘quvchini chorasiz qoldirishni va o‘n ball qo‘ymaslikni xohlayotgan edi. Ertasi kuni o‘quvchi muallimga hamyonini to‘ldirib tuproq olib keldi. Ustozi undan “Bu nima?” deb so‘radi. “Jannat tuprog‘i” deya javob berdi o‘quvchi. “Qayerdan olding buni?” deb hayron bo‘ldi ustoz. O‘quvchi shunday deb javob berdi: “Onamni tuproq ustidan yurgizdim va o‘sha tuproqdan hamyonimga solib, olib kelaverdim. Esingizda bo‘lsa, bir kuni bizga “Jannat onalar oyog‘i ostidadir” degan hadisni aytgan edingiz”. Bu javobni eshitgan ustoz nima qilishini bilmay, dovdirab qoldi. Keyin shogirdining zakovatiyu farosatiga qoyil qolib, unga o‘n ball qo‘yib berdi.
“Vaziyatlarni boshqarish san’ati”
kitobi asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Bugun 2025 yil 8 yanvar kuni Toshkent shahar, Uchtepa tumani "Vatan" tantanalar majmuasida "Jaholatga qarshi ma’rifat" nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, aholi vakillari, yoshlar va xotin-qizlar ishtirok etib, islom dini ezgulik, tinchlik va insoniylik dini ekani, fazilatlar, azaliy qadriyatlar ifodasi ekanligini targ‘ib qilish, yosh avlodga milliy qadriyatlarimiz, an’analarimizni to‘g‘ri tushuntirish, yurtimiz tinchligini asrash, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida fikrlar bildirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati