Olimlar bu haqda uzoq vaqtlardan beri bosh qotirishadi. Bugungacha tadqiqotchilar tomonidan zebralarning yo‘l-yo‘l chizig‘i yirtqichlardan asraydi, issiqda sovutadi va sovuqda isitadi degan fikrlar ham berilgan.
Biroq, bu fikrlar ham aniq dalillarga asoslanmagan. Faqat, yaqindagina zoologlar, so‘ngi izlanishlar natijasida zebralarning oq-qora chizig‘i qanday vazifani bajarishi haqida umumiy xulosaga kelishdi.
Ma’lum bo‘lishicha ushbu Afrika yovvoyi otlarida zaharli hashoratlar, ayniqsa setse pashshasiga nisbatan himoya qatlami va tripanosomalarga qarshi immun tizimi mavjud emas ekan. Bu esa agar zebralarni kasallik tarqatuvchi zararli hasharotlar yoki setse pashshasi chaqsa, qisqa muddat ichida to‘da, kasallik tufayli qirilib ketardi degani.
Mehribon va Rahmli bo‘lgan Zot Alloh taolo ushbu nochor jonivorni ham O‘z rahmatidan xoli qoldirmadi. Zebralarni, turli zararli, shilqim, o‘limga olib boruvchi kasalliklar tarqatadigan hashoratlardan saqlanish uchun YO‘L-YO‘L, oq-qora chiziqli tus bilan himoyalab qo‘ydi. Qanday deysizmi? Olimlarning ta’kidlashlaricha setse pashshasi va boshqa hashoratlar yo‘l-yo‘l chiziqlar yonida yo‘lini yo‘qotib yiqilar yoki noto‘g‘ri qo‘nishga uchrab, halok bo‘lar ekan. Shu sabab ular zebralarga mutlaqo yaqinlashmas ekan.
Allohga hamdlar bo‘lsinki, O‘zi yaratgan jonli va jonsizlarning barchasida olam-olam hikmatlarni mujassam etdi.
Alloh taolo O‘zining barcha maxluqlarini yashash sharoiti va turmush tarzigacha o‘zaro mutanosib holda yaratgan.
“Yaratgan zot O‘zi bilmasmidi? Va U daqiqlargacha biluvchi va xabardor zotdir”. Mulk surasi, 14-oyat
Ma’lumot uchun: Setse pashshasi (Glossina) – tropik va subtropik Afrikaning nam o‘rmonlarida tarqalgan. Bir qancha turlari og‘ir kasallik qo‘zg‘atuvchi tripanosomalarni yuqtiradi (kasallikdan har yili minglab kishilar halok bo‘ladi). Setse pashshasiga qarshi har xil pestitsidlar yordamida olib borilgan kurash choralari unchalik samara bermadi, lekin flora va faunaga katta ziyon yetkazdi.
Ongsiz, zabonsiz bir, yovvoyi maxluqniki shuncha hikmat ila, zararlardan himoya qilib qo‘ygan Zot, O‘ziga xalifa o‘laroq yaratgan biz bandalarni ham barcha xavf-hatarlardan asrab, avaylaydi. Faqatgina, Uning roziligi va muhabbatini istab yashasak bo‘lgani.
Saidabror Umarov
Bilasizmi? Silikat moddasiga boy bo‘lgan tuproqqa dafn qilingan insonning skeleti vaqt o‘tishi bilan tosh va xarsangga aylanadi.
Agar u pirit (temir sulfidi) moddasiga boy mintaqaga dafn qilinsa, unday jasad temir haykalga aylanib qolishi mumkin!
Bu ilmiy haqiqat yaqinda aniqlangan bo‘lsa-da, Qur’onda bu haqida 1445 yil oldin hayratlanarli tarzda juda aniqlik bilan bayon etilgan. Qur’onda bunday deyilgan:
وَقَالُوا أَإِذَا كُنَّا عِظَامًا وَرُفَاتًا أَإِنَّا لَمَبْعُوثُونَ خَلْقًا جَدِيدًا
"Ular: “Biz suyaklarga va chang- tuproqlarga aylanib ketganimizdan keyin ham, yangitdan tiriltirilamizmi?” dedilar. “Sen ularga, toshga yoki temirga aylaninglar”, deb ayt"
(Isro surasi, 50-oyat).
Bu oyat yaqin yillarda kashf etilgan — suyaklari toshga aylangan yoki temir haykalga aylangan qazilmalarga ochiq va ravshan ishora qilmoqda. Go‘yoki Qur’onda xabar berilgan ushbu dalillar olimlar kashf qilishlarini uzoq asrlardan beri kutib yotgandek.
Shunday ekan, aqlli inson bunday ochiq-oydin va ravshan mo‘jizani qanday inkor qila oladi? Qur’onning bu mo‘jizasi kunduzdagi quyoshdek ravshan emasmi?
Homidjon domla ISHMATBЕKOV