Samarqand viloyatida bugungi kunda 285 ta masjid faoliyat yuritmoqda. Toyloq tumanidagi buyuk vatandoshimiz, islom olamidagi ulug‘ muhadislardan biri Imom Dorimiy rohmatullohi alayhning nomlari berilgan “Abdurrahmon ad-Dorimiy” jome masjidi 1996 yilda ochilgan bo‘lib, shu davrgacha masjid binosi ta’mirlanmadi. Masjid binosining torligi hamda jamoatning birmuncha ortganligi e’tiboridan masjidni qayta qurish rejalashtirilmoqda. Zamonaviy shaharsozlik me’yorlari va qoidalariga muvofiq keladigan yangi binoni qurish uchun loyiha tayyorlandi. Loyihada masjid binosi avvalgisidan kengroq bo‘lib, 600 kishiga mo‘ljallangan, namozxonlar uchun qulay bo‘lishiga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, yangi tahoratxona, xizmat xonalari bunyod etiladi.
Shu munosabat bilan, joriy yilning 17 avgust kuni “Abdurrahmon ad-Dorimiy” jome masjidining yangi binosini qurish uchun ilk ishlar amalga oshirildi. Ushbu tadbirda Toyloq tuman hokimi B.Bobonazarov, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyat vakili o‘rinbosari X.Sattarov, Toyloq tumani bosh imom-xatibi B.Ismoilov, nuroniy keksalar, mahalla faollari ishtirok etishdi. Yig‘ilganlar xayrli duo, ezgu niyatlar bilan tabarrukona bino poydevoriga reja tortdilar. Alloh taolodan qurilish mutasaddilari hamda hasharchilarga kuch-quvvat tilab, savobli amallarda g‘ayrat bilan ishlashlarini nasib etishini so‘rab duo qildilar.
O‘MI Masjidlar bo‘limi
Muhyiddin ibn Arabiy aytadilar: “Kimning qanday hojati bo‘lsa, shom namozining farz va sunnatini o‘qib bo‘lganidan keyin o‘rnidan turmasdan Fotiha surasini 40 marta o‘qisin. Shundan keyin, Allohdan hojatini so‘rasin, albatta so‘ragan narsasini beradi. Biz buni tajriba qilib ko‘rdik va foydasini topdik. Fotiha surasini o‘qib bo‘lganidan so‘ng ushbu duoni o‘qiydi: “Allohim! Sening ilmingni o‘zi Sendan so‘ramaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan O‘zing so‘rovimga kifoya qil. Sening karamingni o‘zi Senga so‘zlamaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan so‘zimga kifoya qil va qalbimdagi tilagimni hosil qil”.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV