Saudiya Arabistoni Podshohi taklifiga binoan o‘zbekistonlik bir guruh ulamolar va ilm-fan sohasining yetuk namoyondalari muborak haj amallarini ado etib, ona-Vatanga qaytib keldilar.
Ushbu mehmonlarga boshchilik qilgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi maslahatchi Abduhakim qori Matqulov muborak safar taassurotlarini quyidagicha bayon etdilar:
– Bismillahir Rohmanir Rohiym. Alloh taologa bitmas tuganmas hamdu sanolarimiz, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga beadad durudu salovotlarimiz bo‘lsin!
2019 yilgi muborak Haj ibodatini diyorimizning eng yetuk ulamolari bilan Saudiya Arabistoni podshohining taklifiga binoan borib, Alhamdulillah, ado etib keldik.
Butun dunyo hojilari bilan birgalikda, avvalambor, Ka’bai muazzamada, Mino, Muzdalifa, Arafot tog‘larida gardanimizdagi Haj ibodatini ado etish bilan birga o‘zimiz, oilamiz, yurtimiz haqida, yurtimizda bo‘layotgan islohotlar, yaxshiliklar, yangiliklarning davomli bo‘lishini, yurtimiz bundanda go‘zal, dunyodagi eng yetuk davlatlardan biri bo‘lishini Alloh taolodan duoyu iltijo qilib so‘radik.
Biz, avvalambor, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi va xususan, Yurtboshimizga alohida barchamizning tashakkurlarimiz bor. Albatta, u kishining haqlariga duoda bo‘ldik. Yurtimizdagi islohotlar davomli va xalqimizga manfaatli bo‘lishini Alloh taolo O‘zi nasib aylasin!
Haj ibodatini O‘zbekistondan borgan barcha hojilarimiz butun dunyo hojilari bilan birgalikda chiroyli holatda ado etishdi.
Shuningdek, biz ulamolarimiz bilan birgalikda Madinai Munavvaraga safar qilib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qabrlarini ziyorat qildik. U yerda ham hojilar bilan birga o‘zimiz, oilamiz, barcha mo‘min-musulmonlar nomidan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga durud, salovot va salomlarni yetkazdik. Barchaning haqiga duolar qildik.
Mana, Alhamdulillah, bugun 17 avgust kuni yurtimizga sog‘-salomat qaytib keldik.
Guruhimiz asosan diniy madrasalarimiz va oliy o‘quv yurtlarimiz, Islom akademiyasida yoshlarga ta’lim-tarbiya berayotgan ustozlar, mudarrislardan iborat.
Kelajakda, insha Alloh, bu ustozlarimiz yoshlarimizga ilm, ma’naviyat, ma’rifat, tarbiya berib, Dinimizga, vatanimizga sadoqat bilan xizmat qiladigan kadrlarni yetishtiradilar.
Alloh taolo barchamizning ado etib kelgan Hajimizni muborak aylasin! Bundan keyingi yillardan hojilarimizning soni ko‘p bo‘lishini Parvardigorning O‘zi nasib aylasin!
Assalamu alaykum va rohmatullohi ta’alaa va barokatuhu.