Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Yanvar, 2025   |   7 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:34
Asr
15:29
Shom
17:13
Xufton
18:32
Bismillah
07 Yanvar, 2025, 7 Rajab, 1446

Agar hayo qilmasang, istaganingni qilaver!

19.08.2019   2765   8 min.
Agar hayo qilmasang, istaganingni qilaver!

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Abu Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Odamlar nubuvvatning birinchi kalomidan idrok qilgan narsalardan biri: «Agar hayo qilmasang, istaganingni qilaver»dir», dedilar».

Buxoriy rivoyat qilgan.

HADISNING SHARHI

Ulamolarimiz Islomning madori deb atagan hadisi shariflardan biri  bo‘lgan ushbu hadisda insoniyatning uzoq tarixi davomida Alloh taoloning barcha anbiyolari tomonidan o‘z ummatlariga taqdim qilingan eng yaxshi sifatlardan biri – hayo sifati haqida so‘z ketmoqda.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Odamlar nubuvvatning birinchi kalomidan idrok qilgan narsalardan biri», deganlaridan bu narsa avval o‘tgan barcha anbiyolardan qolgan meros ekani anglanadi. Barcha ummatlar ushbu hadisda kelgan so‘zlarni asrlar osha birin-ketin bir-birlariga meros qoldirganlar va meros o‘laroq qabul qilib olganlar. Bu esa o‘z navbatida avvalgi payg‘abarliklar ushbu kalomni keltirganiga, u odamlar orasida mashhur bo‘lganiga va eng so‘nggi ummat bo‘lmish Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamning ummatlariga ham yetib kelganiga dalolatdir.

Ubayd ibn Zanjavayhining rivoyatida: «Odamlar nubuvvatning birinchi kalomidan shundan boshqani idrok qilmaganlar», deyilgan.

Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Agar hayo qilmasang, istaganingni qilaver», deganlarini ulamolar ikki xil sharh qilganlar.

Birinchisi – bu jumla nimani istasa, shuni qilaverishga buyurish emas, aksincha, bu ishi yomonlash va undan qaytarish ma’nosidadir.

Ikkinchisi – bu jumla buyruq maylida kelgan bo‘lsa ham, xabar ma’nosini anglatadi. Ya’ni kim hayo qilmasa, xohlaganini qilaveradi. Chunki qabohatlarni qilishdan man qiluvchi omil hayodir. Kimning hayosi bo‘lmasa, turli fahsh va munkar ishlarga sho‘ng‘ib ketadi.

HAYONING MA’NOSI VA TA’RIFI

«Hayo» so‘zi lug‘atda uyatsizlikning teskarisini anglatadi. Boshqacha qilib aytganda, «Hayo aybdan va yomonlanishdan qo‘rqib, o‘zini past olish va o‘zgarishdir».

Ulamolar hayoni turlicha ta’riflaganlar:

Jurjoniy: «Hayo nafsning bir narsadan tortinishi va malomatdan hazir bo‘lib, uni tark qilishidir», degan.

Yana: «Hayo qabih kimsaning qabohatni tark qilishiga sabab bo‘ladigan va haq egasining haqqida nuqsonga yo‘l qo‘yishni man qiladigan xulqdir», degan.

Ibn Muflih Hanbaliy: «Hayoning haqiqati shuki, u bir xulq bo‘lib, go‘zal narsani qilishga, yomon narsani tark etishga boisdir», degan.

Ulamolarimiz hayoni shunday ta’riflaydilar:

«Hayo xulqi qalbning tirikligiga qarab bo‘ladi. Qalbning hayoti darajasiga muvofiq hayo ham bo‘ladi. Hayo barcha malohatli narsalarni qilishga va barcha karohatli narsalardan chetlanishga boisdir. Hayo nafsning maqtalgan sifatlaridandir. Hayo karamli axloqlarning boshidir, iymonning ziynatidir, Islomning shioridir. Hayo yaxshilikning dalilidir. Hayo yomonlikning dushmanidir.

Hayo iymondandir, chunki iymon va hayo odamni yaxshilikka chaqiradi va yomonlikdan qaytaradi».

Qur’oni Karim va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida ushbu o‘rganayotgan hadisimizning bosh mavzusi – hayoga keng o‘rin berilgan. Ulardan ba’zilari bilan tanishib olsak, mavzuni yetarlicha anglab yetishimizga yordam bo‘ladi.

Qur’oni Karimda hayo ikkita oyatda zikr qilingan.

Alloh taolo Qosos surasida shunday marhamat qiladi:

«Bas, ikkovlaridan biri hayo bilan yurib kelib: «Otam senga bizlarga sug‘orib berganing haqini berish uchun chaqirmoqda», dedi. Unga kelganida va qissani aytib berganida, u: «Qo‘rqma, zolim qavmlardan najot topding», dedi» (25-oyat).

Muso alayhissalomning oldilariga u kishi qo‘ylarini sug‘orib bergan ikki qizning biri hayo bilan, uyalibgina kelib:

«Otam senga bizlarga sug‘orib berganing haqini berish uchun chaqirmoqda», dedi».

Bu oyatda Shu’ayb alayhissalomning qizlari hayo asosida tarbiya topganlari alohida ta’kidlanmoqda.

Va yana Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

«Ey, iymon keltirganlar! Nabiyning uylariga kirmang. Magar taomga izn berilganida uning pishishiga muntazir bo‘lmaydigan bo‘lib (kiring). Lekin chaqirilsangiz, kiring-da, taomni yeb bo‘lishingiz bilan tarqalib keting, gapga berilib (qolib) ketmang. Albatta, bunday qilishingiz Nabiyga ozor berur. U esa sizlardan hayo qilardi. Alloh haq(ni aytish)dan hayo qilmaydir. Qachonki ulardan biror narsa so‘rasangiz, parda ortidan so‘rang. Shunday qilmog‘ingiz o‘z qalblaringiz uchun ham, ularning qalblari uchun ham pokroqdir. Siz uchun Rasulullohga ozor berish va undan keyin uning juftlarini nikohingizga olishingiz hech qachon mumkin emas. Albatta, bunday qilmog‘ingiz Allohning nazdida katta(gunoh)dir» (Ahzob surasi, 53-oyat).

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uylanib, o‘z ahllari huzuriga kirganlarida, onam hiys (taomning turi) qilib, tavr(idish)ga solib:

«Ey Anas, mana buni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga olib borgin-da, «Buni sizga onam berib yubordi, u kishi sizga salom aytdilar va mana shu ozgina narsa bizdan sizga, deb aytdilar», degin», dedilar. Men uni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga olib borib:

«Onam sizga salom aytdilar va mana shu ozgina narsa bizdan sizga, deb aytdilar», dedim.

Rasululoh sollallohu alayhi vasallam:

«Uni qo‘y», dedilar. So‘ngra:

«Endi borib, falonchi, falonchilarni va yo‘lda uchratgan odamlaringni ham aytib kel», deb bir qancha odamlarning ismlarini aytdilar. Men u zot aytgan odamlarni va yo‘lda uchratganlarimni chaqirib keldim. – Anasga: «Necha kishi edilar?» dedim. «Uch yuz kishicha», dedi. – Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga:

«Ey Anas, tavrni olib kel», dedilar».

Suffa va hujra odamlarga to‘lib ketgan edi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«O‘nta-o‘ntadan xalqa bo‘lib o‘tiringlar, har kim o‘z oldidan yesin», dedilar.

Hammalari yeb, to‘ydilar. Bir guruhi chiqib, bir guruhi kirib, hammalari yeyishdi. So‘ng menga:

«Ey Anas, ko‘tar», dedilar.

Bilmayman, olib kelib qo‘yganimda ko‘pmidi yoki qaytarib olganimdami. O‘shalardan ba’zi guruhlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uylarida o‘tirib, gaplashib qolishdi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham o‘tirdilar. Ayollari esa yuzini devorga o‘girib o‘tirardi. Bu holat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga og‘ir kelganidan tashqariga chiqib, ayollariga salom berib kirdilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qaytib kelganlarini ko‘rgan chog‘larida o‘tirganlar u zotning og‘ir olganlarini bilishdi va hammalari eshik tomon yurib, chiqib ketishdi.

Rasululloh solallohu alayhi vasallam pardani tushirib, ichkariga kirdilar, men hujrada o‘tirar edim. Sal o‘tmay, oldimga chiqdilar. Alloh u kishiga: «Ey iymon keltirganlar! Nabiyning uylariga kirmang», oyatini nozil qildi. Rasululloh solallohu alayhi vasallam tashqariga chiqib, odamlarga o‘qib berdilar».

«Ey iymon keltirganlar! Nabiyning uylariga kirmang. Magar taomga izn berilganida uning pishishiga muntazir bo‘lmaydigan bo‘lib (kiring)».

Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan.

Ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uylariga siz uchun taomga izn berilganida taom pishishini kutib o‘tirmaydigan bo‘lib kiring. Boshqacha qilib aytganda, tayyor bo‘lib turgan taomni tanovul qilish uchun izn berilganida kiring.

«Lekin chaqirilsangiz, kiring-da, taomni yeb bo‘lishingiz bilan tarqalib keting, gapga berilib (qolib) ketmang».

O‘sha taom uchun sizga izn berilganida, kirishingiz bilan taomni yeb, qaytib chiqib keting. Ovqatni yeb bo‘lib ham ulfatchilik uchun gapni cho‘zib o‘tirmang.

«Albatta, bunday qilishingiz Nabiyga ozor berur».

Ul zot o‘z ahli bilan qolishlari, zimmalaridagi vazifalarni ado etishlari lozim edi. Siz buni e’tiborga olmay, gaplashib o‘tiribsiz. Bu hol Nabiy sollallohu alayhi vasallamni bezovta qilar edi.

«U esa sizlardan hayo qilardi».

Mehmonlarga «Uydan chiqib ketinglar», deb ayta olmas edi.

«Alloh haq(ni aytish)dan hayo qilmaydi».

Shuning uchun sizga «Taomni yeb bo‘lganingizdan so‘ng gapga berilib o‘tirmay, tezda chiqib keting», demoqda.

“Zuhd va hayo” kitobidan

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Rajab - istig‘for oyi

6.01.2025   5206   2 min.
Rajab - istig‘for oyi

Hazrati Ali roziyallohu anhu aytadilar: “Rajab oyida istig‘for aytishni ko‘paytiring. Chunki bu oyning har bir soatida do‘zaxdan ozodlik bor” (Daylamiy rivoyati. Al-Firdavs (81/1. 247).

 

أَسْتَغْفِرُ اللهَ

O‘qilishi: “Astag‘firulloh”.

أَسْتَغْفِرُ اللهَ وَأَتُوبُ

O‘qilishi: “Astag‘firulloha va atuubu ilayh”.


أَستغفِرُ اللهَ الَّذي لا إلَهَ إلَّا هو الحيُّ القيُّومُ وأَتوبُ إليه

O‘qilishi: “Astag‘firullohallaziy laa ilaha illaa huval hayyul qayyum va atuubu ilayhi”.

 

رَبِّ اغْفِرْ لِي وَتُبْ عَلَيَّ إِنَّكَ أَنْتَ التَّوَّابُ الرَّحِيمُ

O‘qilishi: “Robbig‘fir liy va tub ’alayya innaka antat tavvaabur rohiym”.

 

سُبْحَانَكَ وَبِحَمْدِكَ أَسْتَغْفِرُكَ وَأَتُوبُ إِلَيْكَ

O‘qilishi: “Subhaanaka va bihamdika astag‘firuka va atuubu ilayk”.

 

سُبْحَانَكَ اللَّهُمَّ وَبِحَمْدِكَ أَشْهَدُ أَنْ لاَ إِلَهَ إِلاَّ أَنْتَ أَسْتَغْفِرُكَ وَأَتُوبُ إِلَيْكَ

O‘qilishi: “Subhaanakallohumma va bihamdika ashhadu allaa ilaha illaa anta astag‘firuka va atuubu ilayk”.
 

اللَّهُمَّ إِنَّكَ عُفُوٌّ كَرِيمٌ تُحِبُّ الْعَفْوَ فَاعْفُ عَنِّي

O‘qilishi: “Allohumma innaka afuvvun kariymun tuhibbul afva fa’fu ’anniy”.

 

أَللَّهُمَّ مَغْفِرَتُكَ أَوْسَعُ مِنْ ذُنُوبِي وَرَحْمَتُكَ أَرْجَى عِنْدِي مِنْ عَمَلِي

O‘qilishi: “Allohumma mag‘firotuka avsa’u min zunuubiy va rohmatuka arjaa ’indiy min ’amaliy”.

 

أسْتغفرالله ربي من كلّ ذنبٍ وأتوبُ إليه

O‘qilishi: “Astag‘firulloha Robbiy min kulli zanbin va atuubu ilayh”.

 

Davron NURMUHAMMAD