Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Abu Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Odamlar nubuvvatning birinchi kalomidan idrok qilgan narsalardan biri: «Agar hayo qilmasang, istaganingni qilaver»dir», dedilar».
Buxoriy rivoyat qilgan.
HADISNING SHARHI
Ulamolarimiz Islomning madori deb atagan hadisi shariflardan biri bo‘lgan ushbu hadisda insoniyatning uzoq tarixi davomida Alloh taoloning barcha anbiyolari tomonidan o‘z ummatlariga taqdim qilingan eng yaxshi sifatlardan biri – hayo sifati haqida so‘z ketmoqda.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Odamlar nubuvvatning birinchi kalomidan idrok qilgan narsalardan biri», deganlaridan bu narsa avval o‘tgan barcha anbiyolardan qolgan meros ekani anglanadi. Barcha ummatlar ushbu hadisda kelgan so‘zlarni asrlar osha birin-ketin bir-birlariga meros qoldirganlar va meros o‘laroq qabul qilib olganlar. Bu esa o‘z navbatida avvalgi payg‘abarliklar ushbu kalomni keltirganiga, u odamlar orasida mashhur bo‘lganiga va eng so‘nggi ummat bo‘lmish Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamning ummatlariga ham yetib kelganiga dalolatdir.
Ubayd ibn Zanjavayhining rivoyatida: «Odamlar nubuvvatning birinchi kalomidan shundan boshqani idrok qilmaganlar», deyilgan.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Agar hayo qilmasang, istaganingni qilaver», deganlarini ulamolar ikki xil sharh qilganlar.
Birinchisi – bu jumla nimani istasa, shuni qilaverishga buyurish emas, aksincha, bu ishi yomonlash va undan qaytarish ma’nosidadir.
Ikkinchisi – bu jumla buyruq maylida kelgan bo‘lsa ham, xabar ma’nosini anglatadi. Ya’ni kim hayo qilmasa, xohlaganini qilaveradi. Chunki qabohatlarni qilishdan man qiluvchi omil hayodir. Kimning hayosi bo‘lmasa, turli fahsh va munkar ishlarga sho‘ng‘ib ketadi.
HAYONING MA’NOSI VA TA’RIFI
«Hayo» so‘zi lug‘atda uyatsizlikning teskarisini anglatadi. Boshqacha qilib aytganda, «Hayo aybdan va yomonlanishdan qo‘rqib, o‘zini past olish va o‘zgarishdir».
Ulamolar hayoni turlicha ta’riflaganlar:
Jurjoniy: «Hayo nafsning bir narsadan tortinishi va malomatdan hazir bo‘lib, uni tark qilishidir», degan.
Yana: «Hayo qabih kimsaning qabohatni tark qilishiga sabab bo‘ladigan va haq egasining haqqida nuqsonga yo‘l qo‘yishni man qiladigan xulqdir», degan.
Ibn Muflih Hanbaliy: «Hayoning haqiqati shuki, u bir xulq bo‘lib, go‘zal narsani qilishga, yomon narsani tark etishga boisdir», degan.
Ulamolarimiz hayoni shunday ta’riflaydilar:
«Hayo xulqi qalbning tirikligiga qarab bo‘ladi. Qalbning hayoti darajasiga muvofiq hayo ham bo‘ladi. Hayo barcha malohatli narsalarni qilishga va barcha karohatli narsalardan chetlanishga boisdir. Hayo nafsning maqtalgan sifatlaridandir. Hayo karamli axloqlarning boshidir, iymonning ziynatidir, Islomning shioridir. Hayo yaxshilikning dalilidir. Hayo yomonlikning dushmanidir.
Hayo iymondandir, chunki iymon va hayo odamni yaxshilikka chaqiradi va yomonlikdan qaytaradi».
Qur’oni Karim va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida ushbu o‘rganayotgan hadisimizning bosh mavzusi – hayoga keng o‘rin berilgan. Ulardan ba’zilari bilan tanishib olsak, mavzuni yetarlicha anglab yetishimizga yordam bo‘ladi.
Qur’oni Karimda hayo ikkita oyatda zikr qilingan.
Alloh taolo Qosos surasida shunday marhamat qiladi:
«Bas, ikkovlaridan biri hayo bilan yurib kelib: «Otam senga bizlarga sug‘orib berganing haqini berish uchun chaqirmoqda», dedi. Unga kelganida va qissani aytib berganida, u: «Qo‘rqma, zolim qavmlardan najot topding», dedi» (25-oyat).
Muso alayhissalomning oldilariga u kishi qo‘ylarini sug‘orib bergan ikki qizning biri hayo bilan, uyalibgina kelib:
«Otam senga bizlarga sug‘orib berganing haqini berish uchun chaqirmoqda», dedi».
Bu oyatda Shu’ayb alayhissalomning qizlari hayo asosida tarbiya topganlari alohida ta’kidlanmoqda.
Va yana Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
«Ey, iymon keltirganlar! Nabiyning uylariga kirmang. Magar taomga izn berilganida uning pishishiga muntazir bo‘lmaydigan bo‘lib (kiring). Lekin chaqirilsangiz, kiring-da, taomni yeb bo‘lishingiz bilan tarqalib keting, gapga berilib (qolib) ketmang. Albatta, bunday qilishingiz Nabiyga ozor berur. U esa sizlardan hayo qilardi. Alloh haq(ni aytish)dan hayo qilmaydir. Qachonki ulardan biror narsa so‘rasangiz, parda ortidan so‘rang. Shunday qilmog‘ingiz o‘z qalblaringiz uchun ham, ularning qalblari uchun ham pokroqdir. Siz uchun Rasulullohga ozor berish va undan keyin uning juftlarini nikohingizga olishingiz hech qachon mumkin emas. Albatta, bunday qilmog‘ingiz Allohning nazdida katta(gunoh)dir» (Ahzob surasi, 53-oyat).
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uylanib, o‘z ahllari huzuriga kirganlarida, onam hiys (taomning turi) qilib, tavr(idish)ga solib:
«Ey Anas, mana buni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga olib borgin-da, «Buni sizga onam berib yubordi, u kishi sizga salom aytdilar va mana shu ozgina narsa bizdan sizga, deb aytdilar», degin», dedilar. Men uni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga olib borib:
«Onam sizga salom aytdilar va mana shu ozgina narsa bizdan sizga, deb aytdilar», dedim.
Rasululoh sollallohu alayhi vasallam:
«Uni qo‘y», dedilar. So‘ngra:
«Endi borib, falonchi, falonchilarni va yo‘lda uchratgan odamlaringni ham aytib kel», deb bir qancha odamlarning ismlarini aytdilar. Men u zot aytgan odamlarni va yo‘lda uchratganlarimni chaqirib keldim. – Anasga: «Necha kishi edilar?» dedim. «Uch yuz kishicha», dedi. – Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga:
«Ey Anas, tavrni olib kel», dedilar».
Suffa va hujra odamlarga to‘lib ketgan edi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«O‘nta-o‘ntadan xalqa bo‘lib o‘tiringlar, har kim o‘z oldidan yesin», dedilar.
Hammalari yeb, to‘ydilar. Bir guruhi chiqib, bir guruhi kirib, hammalari yeyishdi. So‘ng menga:
«Ey Anas, ko‘tar», dedilar.
Bilmayman, olib kelib qo‘yganimda ko‘pmidi yoki qaytarib olganimdami. O‘shalardan ba’zi guruhlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uylarida o‘tirib, gaplashib qolishdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham o‘tirdilar. Ayollari esa yuzini devorga o‘girib o‘tirardi. Bu holat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga og‘ir kelganidan tashqariga chiqib, ayollariga salom berib kirdilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qaytib kelganlarini ko‘rgan chog‘larida o‘tirganlar u zotning og‘ir olganlarini bilishdi va hammalari eshik tomon yurib, chiqib ketishdi.
Rasululloh solallohu alayhi vasallam pardani tushirib, ichkariga kirdilar, men hujrada o‘tirar edim. Sal o‘tmay, oldimga chiqdilar. Alloh u kishiga: «Ey iymon keltirganlar! Nabiyning uylariga kirmang», oyatini nozil qildi. Rasululloh solallohu alayhi vasallam tashqariga chiqib, odamlarga o‘qib berdilar».
«Ey iymon keltirganlar! Nabiyning uylariga kirmang. Magar taomga izn berilganida uning pishishiga muntazir bo‘lmaydigan bo‘lib (kiring)».
Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan.
Ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uylariga siz uchun taomga izn berilganida taom pishishini kutib o‘tirmaydigan bo‘lib kiring. Boshqacha qilib aytganda, tayyor bo‘lib turgan taomni tanovul qilish uchun izn berilganida kiring.
«Lekin chaqirilsangiz, kiring-da, taomni yeb bo‘lishingiz bilan tarqalib keting, gapga berilib (qolib) ketmang».
O‘sha taom uchun sizga izn berilganida, kirishingiz bilan taomni yeb, qaytib chiqib keting. Ovqatni yeb bo‘lib ham ulfatchilik uchun gapni cho‘zib o‘tirmang.
«Albatta, bunday qilishingiz Nabiyga ozor berur».
Ul zot o‘z ahli bilan qolishlari, zimmalaridagi vazifalarni ado etishlari lozim edi. Siz buni e’tiborga olmay, gaplashib o‘tiribsiz. Bu hol Nabiy sollallohu alayhi vasallamni bezovta qilar edi.
«U esa sizlardan hayo qilardi».
Mehmonlarga «Uydan chiqib ketinglar», deb ayta olmas edi.
«Alloh haq(ni aytish)dan hayo qilmaydi».
Shuning uchun sizga «Taomni yeb bo‘lganingizdan so‘ng gapga berilib o‘tirmay, tezda chiqib keting», demoqda.
“Zuhd va hayo” kitobidan
Bir o‘tirib, yashab o‘tgan shuncha yillik hayotimizda boshdan kechirgan g‘am-g‘ussalarimiz haqida fikr yuritib ko‘rsak, qayg‘ular ikki xil ekanini ko‘ramiz:
Birinchisi – o‘sha paytda ko‘zimizga katta ko‘rinib, hatto yig‘lashimizga sabab bo‘lgan qayg‘ularimiz. Lekin vaqt o‘tishi bilan ular aslida oddiy narsa ekani, yig‘lashga arzimasligi ma’lum bo‘ladi. Ba’zan o‘sha kunlarni eslaganimizda kulgimiz kelib, «Shu arzimas narsa uchun ham siqilib, yig‘lab yurgan ekanmanmi? U paytlarda ancha yosh bo‘lgan ekanmiz-da», deb qo‘yamiz.
Ikkinchisi – haqiqatdan ham katta musibatlar. Ba’zilari hayotimizni zir titratgan. Bu qayg‘ular ham o‘tib ketadi, lekin o‘chmaydigan iz qoldirib ketadi. Bu izlar uzoq yillargacha qalbga og‘riq berib turaveradi. Bu qayg‘ular ba’zan to‘xtab, ba’zan harakatga kelib, yangilanib turadigan vulqonga o‘xshaydi. Bunday g‘am-qayg‘ularning yaxshi tarafi shundaki, ular hayotda ham, oxiratda ham yaxshiliklarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Ular qalbimizda o‘chmas iz qoldirsa, har eslaganda ko‘zlarimizda yosh qalqisa, eng asosiysi – o‘shanda duoga qo‘l ochib, sabr bilan turib bera olsak, ko‘p-ko‘p yaxshiliklarga, ajr-savoblarga ega bo‘lamiz. G‘am-qayg‘u yangilanishi bilan yaxshiliklar ham yangilanib boraveradi.
G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.
Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).
Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.
Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».
Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.
Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.