14 avgust kuni muslim.uz saytida “Dollar narxi oshdimi?” nomi maqola e’lon qilingan edi. Unda AQSH dollarining so‘mga nisbatan qiymati ko‘tarilishi yuzasidan ba’zi kishilarda paydo bo‘lgan xavotirli holatlarning muolajasi va inson rizqi Haq taolo tomonidan ta’min etilishi bayon etilgan.
Ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim sahifa va kanal yurituvchilari tomonidan ushbu maqoladagi fikrlarni istehzo qilish holati uchradi. Saytimizdagi maqolada inson boshiga keladigan g‘am-tashvish, musibat u sodir etgan gunoh tufayli ekani oyatu hadislar asosida yoritilgan.
Biroq ushbu maqolaga ayrim o‘quvsiz ijtimoiy tarmoq yurituvchilari masxaraomuz fikrlarni o‘z sahifasida qoldirgan. Alloh taoloning kalomi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘zlari keltirilgan maqolani shunday kimsalar “anekdot”, deya haqoratlashgacha borib yetgani tashvishlidir. Mana shunday nodonlar fikri mazmuniga yetib bormagan ba’zi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bilib-bilmay ularni yoqlab qo‘yishgan. Feysbukda ham, telegramda ham ayrimlar ushbu fikrlarga kulib turgan “smaylik” qoldirgan.
Bunday holat g‘o‘r kimsalarning diniy-ma’rifiy maqola ustidan nodonlarcha kulayotganini ko‘rsatdi. Ular o‘ylab ko‘rmaydilarmi, shu paytda ularning imon-e’tiqodlari qay ahvolda ekan? Oyat, hadis, hikmatlarni masxara qilayotganlar oqibati nima bo‘lar ekan?!
Qur’oni karimda:
“Allohning oyatlariga kufr keltirganlar, ana o‘shalar ziyonkorlardir” (Zumar, 63), deya oyati karimada Allohning oyatlarini inkor etuvchilar ziyon ko‘ruvchilardan ekani qat’iy ta’kidlangan.
Islom shiorlarini masxara qilishning oqibati juda ham og‘ir. Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda, Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shariatning shiorini past sanaganlarni qattiq qoralab bunday deganlar:
“Aniq bilamanki, ummatim ichidagi ba’zi kimsalar Qiyomat kunida Tihoma tog‘i kabi ulkan hasanotlar bilan oppoq bo‘lib kelishadi. Lekin Alloh taolo ularning amallarini to‘zigan chang kabi qilib qo‘yadi”.
Shunda Cavbon raziyallohu anhu: “Yo Raculalloh, bizga ularni cifatlab, ochiq bayon qilib bersangiz, bilmasdan o‘shalardan bo‘lib qolmaylik!”– dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ular cizlarning birodarlaringiz, cizlarga o‘xshagan odamlardir. Ular ham ciz kabi tunlari ibodat qiladi. Lekin ular shunday odamlarki, yolg‘iz qolgan vaqtlarida shariatning shiorlarini toptaydilar”, dedilar (Imom Ibn Moja).
Ulamolarimiz o‘zlarining fatvolarida shunday deyishgan: “Kim azonni masxara qilsa yoki Qur’oni karimni yengil sanab oyoq osti qilsa yoki shar’iy ilmlarni yoxud ulamolarni masxara qilsa, ibodatlarni yengil sanab bajarmasa yoki masjidni masxara qilsa kofir bo‘ladi” (Manba: “G‘amzu uyunil basoir sharh ashboh van-nazoir” kitobi).
Qayd aytganimizdek, ba’zi insonlarning ijtimoiy tarmoqlardagi din borasidagi masxaraomuz fikrlarini qo‘llab-quvvatlash orqali ham gunoh orttirib olayotgani achinarli holat, bilimsizlik, johillikdir. Bu haqda quyidagi link orqali Diniy idora raisi o‘rinbosari maqolasini ham mutolaa qilishingiz mumkin. (http://muslim.uz/index.php/maqolalar/item/16228)
Tarixdan ma’lumki, barcha ulug‘ payg‘ambarlar alayhimussalom o‘z qavmlariga Alloh taoloning buyruqlariga itoat etishni va ne’matlariga shukrona qilishni tayinlaganlar. Nuh, Hud va Solih alayhimussalom o‘z qavmlariga istig‘for aytishni buyurganida, itoat etmaganlari oqibatida suv toshqini, shamol ofati va kuchli qichqiriq balosi ushbu qavmlarni barbod etgan.
Ogohlik qo‘ng‘irog‘i sifatida “Dollar narxi oshdimi?” sarlavhali maqoladagi dalillarni yanada quvvatlash va uni tushunib yetmagan kishilar xitoban, quyidagi oyat va hadislarni keltiramiz.
Alloh taolo Nuh alayhissalomning o‘z qavmiga aytgan gaplarini shunday bayon qiladi: “Bas, o‘z Robbingizga istig‘for ayting, albatta u gunohlarni ko‘plab mag‘firat qiluvchidir, dedim. U zot osmondan ustingizga ketma-ket (baraka yomg‘irini) yuboradir. Va sizga molu mulk va bola-chaqa ila madad beradir va sizlarga bog‘u rog‘lar hamda anhorlarni beradir” (Nuh, 10-12).
Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham shunday marhamat qilganlar: “Kim istig‘for aytishni o‘ziga lozim tutsa, Alloh uning mushkulini kushoyish qiladi, og‘irini yengil qiladi va o‘zi o‘ylamagan tomondan rizq beradi”, deganlar (Abu Dovud, Ibn Mojja). Demak, rizqning ziyoda bo‘lishi, mushkullar osonlashishi, muammolar bartaraf bo‘lishi uchun istig‘forni ko‘proq aytish lozim.
Xulosa o‘rnida, har bir internet foydalanuvchisi aytayotgan gapi, qoldirgan izohi va tarqatayotgan axboroti uchun Alloh taolo oldida ham, mo‘min-musulmonlar oldida ham, jamiyat a’zolari va davlat qonunlari oldida ham mas’ul ekanini zinhor unutmasligi zarurdir.
Izoh o‘rnida: maqolada bema’ni fikrlarni tarqatgan ijtimoiy tarmoqlar nomlari keltirilmadi. Maqsad, ularni ommaga ma’lum qilish orqali keng yoyilishining oldini olishdir. Agar kimda-kim unday sahifa va kanallarni bilsa yoki a’zo bo‘lsa, tark etishlarini tavsiya etamiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taolo O‘z Kalomida tadabbur qilish haqida bunday marhamat qiladi:
﴿كِتَٰبٌ أَنزَلۡنَٰهُ إِلَيۡكَ مُبَٰرَكٞ لِّيَدَّبَّرُوٓاْ ءَايَٰتِهِۦ وَلِيَتَذَكَّرَ أُوْلُواْ ٱلۡأَلۡبَٰبِ ٢٩﴾
“Biz senga nozil qilgan Kitob muborakdir. Aql egalari uning oyatlarini tadabbur qilishlari va eslashlari uchundir” (Sod surasi, 29-oyat).
﴿أَفَلَا يَتَدَبَّرُونَ الْقُرْآَنَ وَلَوْ كَانَ مِنْ عِنْدِ غَيْرِ اللَّهِ لَوَجَدُوا فِيهِ اخْتِلَافًا كَثِيرًا﴾
“Qur’on (oyatlarining ma’nolari) haqida (chuqurroq) fikr yuritmaydilarmi?! Agar (u) Allohdan o‘zganing huzuridan (kelgan) bo‘lsa edi, unda ko‘pgina qarama-qarshi gaplarni topgan bo‘lur edilar” (Niso surasi, 82-oyat).
Qur’onni tadabbur qilish, ya’ni, uni chuqurroq anglashga intilish juda zarur ishdir. Mo‘minlar Qur’on tilovat qilar ekanlar uning oyatlari borasida tafakkur yuritib, unda keltirilgan qissalaru xabarlardan ibrat olishlari lozim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon Qur’on tilovat qilsalar uni tartil bilan tilovat qilib, uning har bir oyatini tadabbur etar edilar. Tafakkur ila o‘qilgan suralar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sochlarini oqartirgan.
Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Abu Bakr roziyallohu anhu: “Yo Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sochingizga oq tushibdimi?” deb so‘radi. Shunda u zot alayhissalom: “Mening sochimni Hud, Voqea, Mursalot, Naba’ va Takvir (suralari) oqartirdi”, dedilar” (Imom Termiziy, Imom Hokim, Imom Bayhaqiy, Imom Abu Ya’lo rivoyati).
Hud surasining ikki oyati Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sochlarini oqartirgan oyatlardan hisoblanadi.
Imom Bayhaqiy “Shu’ab al-iymon” nomli asarida Ali Shatoriydan quyidagilarni bayon qiladi: “Yo Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sochimni Hud surasi oqartirdi deb aytganingizni eshitdim”, dedi.
Shunda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ha shunday”, deb javob berdilar.
“Yo, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam suradagi payg‘ambarlar qissasi-mi yoki ularning ummatlarining holimi sizning sochingizni oqartirdi”.
“Yo‘q, payg‘ambarlar ham ularning ummatlari haqidagi oyatlar ham sochimni oqartirgani yo‘q. Balki suradagi “Bas, (ey, Muhammad!) buyurilganingizdek to‘g‘ri bo‘ling!” oyati sochimni oqartirdi”, dedilar.
Shu bois, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Alloh taoloning o‘zidan to‘g‘ri yo‘lda mustaqim qilishini so‘rab ko‘p duo qilar edilar. Xususan, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ya, muqallibal qulubi sabbit qalbiy a’la diynik (Yo, Qalblarni o‘zgartiruvchi Zot, qalbimni o‘zingning diningda sobit qil)” deb duo qilar edilar.
Qur’onni ko‘p tilovat qilishlik bizni Allohga yaqin qiladi. Qur’onni o‘qish qanchalik savobli bo‘lsa, uni tinglash ham shunchalik savobli amallardandir.
Shunday ekan, Qur’onga muxlis bo‘lib, uni tilovat qilganimizda ham, tinglaganimizda ham tadabbur qilaylik.
Davron NURMUHAMMAD