Sen kelishing oldidan barchamiz seni kutib olishga o‘zgacha tayyorgarlik ko‘rardik.
Kelishingga oz kunlar qolganda yuragimizni ajib hislar qamrab olardi.
Kelganingni ilk kunlaridanoq barchamiz masjidlarga shoshardik.
Sen kelgach, tonglarimiz o‘zgacha otadigan, Quyosh o‘zgacha nur sochadigan bo‘lardi.
Sen kelgach, masjidlarmiiz namozxonlarga to‘lib ketardi.
Sen kelganingdan so‘ng tahajjud o‘qiladigan paytda barchamiz uyg‘oq bo‘lardik.
Sen kelgach, barcha namozlarga, xususan, bomdodga juda ko‘p kishilar chiqadigan bo‘lishdi.
Sen kelganingda, hamma bir-birini e’zozlar, yaxshiliklarni tinimsiz qilardi.
Sen borligingda, uyimizda, rizqimizda, pullarimizda, vaqtlarimizda baraka bor edi.
Sen kelganingda, ovqatlanadigan paytimiz ajib xursandchilikda o‘tardi.
Sen borligingda, masjidga borishni o‘ylab, tezroq ovqatlanishga harakat qilardik.
Sen borligingda, har kuni masjidga borardik.
Sen borligingda, har kuni Qur’on o‘qirdik va tinglardik.
Sen borligingda har kuni mav’iza tinglardik.
Sen shu yerdaligingda, uyimizga keladigan mehmonlar o‘zgacha kayfiyatda bo‘lishardi.
Sen borligingda, hamma dindoshlarimizning yuzlaridan ajib nurlar taralardi.
Sen borligingda, barchamizning ibodatga bo‘lgan rag‘batimiz ortib, gunohlardan uzoq yurishga urinardik.
Sen borligingda, faqirlar, yetimlar, beva-bechoralarning qozonlari ham go‘sht bilan qaynab, uylarida to‘kin-sochinlik, yuzlarida minnatdorlik va shukronalik tabassumi bor edi.
Seni hurmat qilib, bir-birimiz bilan urushmasdik, talashmasdik.
Sen ketishga shunaqa tez shoshilardingki, hatto ketish payting kelib qolganini sezmay ham qolardik.
Sening ketishingni istamay, ich-ichimizdan siqilardik.
Qaniydi ketmasang, yonimizda doim bo‘lsang degan fikrlar, xayollar og‘ushida bo‘lardik.
Ketadigan kuning ichimizdan yig‘i kelib, yuraklarimiz o‘rtanib, ezilardik.
Ketayotganingda barchamiz mahzun bo‘lib, “Yana kelishingni ko‘rarmikinman?! degan xavotirli savol xayolimizni band etardi.
Sen ketding-u, uyimizdagi, rizqimizdagi fayzu baraka kamaygandek.
Sen ketding-u, masjidlarimizda odamlar kamayib qoldi.
Sen ketding-u, tahajjud paytida sanoqli kishilargina uyg‘onadigan bo‘lib qoldi.
Sen ketding-u, masjidlarga bomdod va boshqa namozlar uchun juda oz odam boradigan bo‘lib qoldi.
Sen ketding-u, yeyish-ichishlarimizda tartib yo‘qoldi.
Sen ketding-u, bir-birimizni aldash, haqorat qilishlar avvalgidek davom eta boshladi.
Sen ketding-u, faqirlar, yetimlar, beva-bechoralarning ahvoli yana og‘irlashib, yuzida ma’yuslik ko‘rina boshladi.
Qaniydi sen kelsang-u, masjidlarimizda yana odamlar ko‘p bo‘lsa, barcha namozlar qatorida bomdod va xuftonlarga jamoat ko‘proq chiqsa, tunlari ko‘pchilik uyg‘oq bo‘lib ibodat qilsa, Qur’on doim o‘qilsa, qarindoshlar xolidan ko‘p-ko‘p xabar olinsa, bir-birimizga muruvvatlarimizni ayamay qilsak.
Seni sog‘inganmiz, barchamiz sog‘inganmiz, intizor bo‘lib kutyapmiz, tezroq kelaqol... Ramazon!
Nozimjon Hoshimjon
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.