سُبحَانَكَ اللهم وبحمدك وتبارك اسمُكَ وتَعَالى جَدُّكَ ولا إله غيرك
“Subhanakallohumma va bihamdika va tabarokasmuka va ta’ala jadduka va laa ilaha g‘oyruk”
“Allohim! Senga hamd aytgan holda Seni pok deb yod etaman. Isming muborakdir. Ulug‘liging yuksakdir. Sendan o‘zga iloh yo‘qdir!”
Oisha roziyallohu anho onamizdan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozga kirishganda: “Subhanakallohumma va bihamdika va tabarokasmuka va ta’ala jadduka va laa ilaha g‘oyruk”, der edilar (Imom Termiziy, Imom Abu Dovud rivoyati).
اللَّهُمَّ صَلِّ عَلَى مُحَمَّدٍ وَعَلَى آلِ مُحَمَّدٍ كَمَا صَلَّيْتَ عَلَى إِبْرَاهِيمَ وَعَلَى آلِ إِبْرَاهِيمَ إِنَّكَ حَمِيدٌ مَجِيدٌ اللَّهُمَّ بَارِكْ عَلَى مُحَمَّدٍ وَعَلَى آلِ مُحَمَّدٍ كَمَا بَارَكْتَ عَلَى إِبْرَاهِيمَ وَعَلَى آلِ إِبْرَاهِيمَ إِنَّكَ حَمِيدٌ مَجِيدٌ
“Allohumma solli ala Muhammadin va a’la oli Muhammadin, kama sollayta a’la Ibrohiyma va a’la oli Ibrohiym. Innaka hamiydummajiyd. Allohumma barik a’la Muhammadin va a’la oli Muhammadin, kama barokta a’la Ibrohiyma va a’la oli Ibrohiym. Innaka hamiydum majiyd”
“Yo Alloh, Ibrohim va uning oilasini rahmat etganing kabi, Muhammad va ul zotning oilasini ham rahmat et, Sen hamdu maqtovga loyiq ulug‘ Zotsan. Yo Alloh, Ibrohim va uning oilasini muborak etganing kabi Muhammad va ul zotning oilasini ham muborak et. Sen hamdu maqtovga loyiq ulug‘ Zotsan”.
Sahobalar roziyallohu anhum Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan “Yo Rasululloh sizga salavot aytish qanday bo‘ladi?” deb so‘raganlarida U zot alayhissalom: “Allohumma solli ala Muhammadin va a’la oli Muhammadin, kama sollayta a’la Ibrohiyma va a’la oli Ibrohiym. Innaka hamiydummajiyd. Allohumma barik a’la Muhammadin va a’la oli Muhammadin, kama barokta a’la Ibrohiyma va a’la oli Ibrohiym. Innaka hamiydum majiyd”, deb aytinglar, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
اللَّهُمَّ اغْفِرْ لِحَيِّنَا وَمَيِّتِنَا وَشَاهِدِنَا وَغَائِبِنَا وَصَغِيرِنَا وَكَبِيرِنَا وَذَكَرِنَا وَأُنْثَانَا اللَّهُمَّ مَنْ أَحْيَيْتَهُ مِنَّا فَأَحْيِهِ عَلَى الإِسْلاَمِ وَمَنْ تَوَفَّيْتَهُ مِنَّا فَتَوَفَّهُ عَلَى الإِيمَانِ
“Allohummag‘fir lihayyinaa va mayyitinaa va shaahidinaa va g‘oibinaa va sog‘iyrinaa va kabiyrinaa va zakarinaa va unsanaa. Allohumma man ahyaytahu minnaa fa ahyihi a’lal Islam va man tavaffaytahu minnaa fatavaffahu a’lal iyman”
“Allohim! Tirigimizni va o‘ligimizni, hozirimizni va g‘oyibimizni, kichigimizni va kattamizni, erkagimizni va ayolimizni mag‘firat qilgin. Allohim! Bizdan kimni yashatsang, Islomda yashatgin. Bizdan kimni vafot ettirsang, iymonda vafot ettirgin”.
Abu Ibrohim Ashhaliy otasidan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mayyitga janoza namoz o‘qisalar: “Allohummag‘fir lihayyinaa va mayyitinaa va shaahidinaa va g‘oibinaa va sog‘iyrinaa va kabiyrinaa va zakarinaa va unsanaa”, der edilar».
Yahyo aytadi: «Menga Abu Salama ibn Abdurrahmon Abu Hurayradan, u esa Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan shunga o‘xshashni rivoyat qilib aytib bergan. Unda “Allohumma man ahyaytahu minnaa fa ahyihi a’lal Islam va man tavaffaytahu minnaa fatavaffahu a’lal iyman”ni ziyoda qilgan» (Imom Termiziy rivoyati).
Agar mayyit balog‘atga yetmagan bola yoki majnun bo‘lsa, yuqoridagi duoning o‘rniga ushbu duo aytiladi:
اللَّهُمَّ اجْعَلْهُ لَنَا فَرَطًا وَاجْعَلْهُ ذُخْرًا وَشَافِعًا مُشَفَّعًا
“Allohummaj’alhu lanaa faraton vaj’alhu zuxron va shaafi’an mushaffa’an”
“Allohim! Uni bizning borishimizga farat (havzi kavsar suvini tayyorlab kutib oluvchi), zaxira qilgin. Shafoatchi va shafoati qabul qilinuvchilardan qilgin!”.
Davron NURMUHAMMAD
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.