Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o‘z sahifalariga masjidda, oshxonada o‘tirgan, dam olishga turli joylarga borganlarining rasmlarini joylashadi. Ularning qalblarini biz bilmaymiz. Ammo riyo, maqtanish kabi illatlardan ehtiyot bo‘lishga chaqiramiz.
Sahifamga masjidda o‘tirganimning rasmini qo‘ymaganim, masjidga bormasligimni anglatmaydi!
Bolalarimning Qur’on, namoz o‘qib o‘tirgan rasmlarini sahifamga qo‘ymaganim, mening bolalarim Qur’on tilovat qilmaydi, namoz o‘qimaydi deganim emas!
Ovqatlanib o‘tirganimning rasmini qo‘ymaganim, oshxona va kafelarga bormasligimni, umuman ovqatlanmasligimni anglatmaydi!
Turkiya, Dubay, Bali kabi joylardagi dengiz bo‘ylarida, yaxtalarda turgan rasmimni sahifamga joylamaganim, u yerlarga bormasligimni anglatmaydi!
Oilamiz suratini sahifamga joylamaganim, bu dunyoda bir o‘zim yolg‘iz yashashimni anglatmaydi!
Yeb o‘tirilgan muzqaymoq rasmini sahifamga qo‘ymaganim, oilam yoki do‘stlarim bilan muzqaymoqxo‘rlik qilmasligimni anglatmaydi!
Bolalarimning istirohat bog‘idagi rasmlarini sahifamga qo‘ymaganim, bolalarimni istirohat bog‘lariga olib borib, ularning ko‘ngillarini ko‘tarmasligimni anglatmaydi!
Men faqat riyo va maqtanchoqlik bo‘lib qolishidan, amallarimning savobidan mahrum bo‘lib qolishdan qo‘rqaman!
Dam olish uchun Turkiya, Dubay, Bali, Antaliya, Issiqko‘l kabi joylarga, ovqatlanish uchun turli oshxona va kafelarga, shuningdek, farzandlari bilan istirohat bog‘lariga bora olmaydigan kishilarning dillari o‘ksib, og‘rib qolishidan, qolaversa, oilamga, bolalarimga ko‘z tegishidan, kimlarningdir hasad qilishidan qo‘rqaman.
Azizlar, kun davomida nimalar qilganimiz, qayerlarga borganimiz, kimlar bilan uchrashganimiz, nimalar deganimiz, nimalar yeganimiz aks etgan rasmlarni tarmoqlarga joylayverishni to‘xtataylik!
Amallarimizga riyo aralashishidan saqlanaylik! Zero, amallarga riyoning kirib qolishi chumolining o‘rmalashidan ham maxfiyroqdir.
Yon-atrofimizdagi nochor, befarzand, kamxarj hamda oilasiz kishilarning dillarini og‘ritib qo‘yishdan ehtiyot bo‘laylik!
Axir dinimizda qo‘shnilarga ozor bermaslik, agar taomidan qo‘shnisiga ham chiqarmaydigan bo‘lsa, taomning hidini imkon boricha ularga sezdirmaslik, qozonga kapgirni qattiq urmaslik, agar qo‘shnisining bolalariga ham shirinlikdan ulashmaydigan bo‘lsa, u holda farzandining qo‘liga shirinlik berib ko‘chaga chiqarmaslik kabi ko‘rsatmalar kelgan-ku!
Bizning yozganlarimizni har kuni o‘qiydigan, postlarimizdan kunda xabardor bo‘lib boradigan ijtimoiy tarmoqlardagi do‘stlarimiz ham bizning qo‘shnilarimiz hisoblanadi. Demak, qo‘shnilarga ozor bermaslik borasida ularni ham e’tiborga olishimiz kerak.
Alloh taolo bizning farosatimizni ziyoda aylab, riyo, manmanlik va maqtanchoqlik kabi illatlardan asrasin!
Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Muqaddas dinimizning ikkinchi manbasi bo‘lgan Sunnatda ham vatan tushunchasi va unga bo‘lgan muhabbat borasida talaygina hadislar kelgan.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safardan qaytayotib Madina ko‘chalarini ko‘rgan vaqtlarida tuyalarini tezlatardilar. (Ot, xachir kabi) ulovda bo‘lsalar, uni niqtardilar”.
Abu Abdulloh aytadi: «Horis Ibn Umayr Humaydning “Ulovni uni (Madinani) sevganlaridan niqtardilar” rivoyatini ziyoda qilgan» (Imom Buxoriy rivoyati).
Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan biringiz hajini ado qilsa, ahliga qaytishga shoshilsin. Chunki shunday qilishi ajrini ko‘paytiradi”, dedilar» (Imom Doraqutniy, Hokim va Bayhaqiy rivoyati).
Sharh: Alloma Munoviy[1] rahmatullohi alayh “Fayzul Qodir” kitobida hadisni quyidagicha sharhlagan: “(Vatanga) shoshilish – mustahab. “Ahl”dan murod esa vatandir, garchi u yerda ahli (oilasi) bo‘lmasa-da, kelishi bilan do‘stlari, ahllariga surur bag‘ishlagani uchun “shunday qilishi ajrini ko‘paytiradi”. Vatanda istiqomat qilishda boshqa joyga qaraganda ibodatga (oid) vazifalarni bajarish oson bo‘ladi. Bu Islom asoslaridan biri bo‘lgan haj borasida shunday deyilgan bo‘lsa, boshqa, ayniqsa, mustahab (arab. – “sevilgan”, “yoqtirilgan”) – shar’iy amal; uni bajargan kishi savob oladi, bajarmagan kishi gunohkor bo‘lmaydi) va muboh (arab. – “umumiy”, “ixtiyoriy” ish-harakat) – shariat tomonidan mukallaf kishiga qilish yoki qilmaslik ixtiyori teng berilgan amal) safarlarda (o‘z vataniga shoshilishi birinchi navbatda) talab qilinadi. Mana shu hadisdan Abu Hanifa rahmatullohi alayh Makkani qo‘shni tutish makruh (arab. – “rad etilgan”, “qoralangan”, “nomaqbul”) shariat hukmlaridan biri. Qat’iyan taqiqlanmagan, biroq nomaqbul hisoblangan va rad etilgan amal. Makruh ikki xil bo‘ladi, degan hukmni olganlar”.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Safar azobning bir bo‘lagidir. Sizlarni taom, sharob va uyqudan to‘sadi. Qay biringizning safardan maqsadi hosil bo‘lsa, ahliga shoshilsin”, dedilar» (Muttafaqun alayh).
Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uch kishining: ota, musofir va mazlumning duosi ijobat qilinadi”, dedilar» (Imom Tabaroniy rivoyati).
Sharh: Alloma Munoviy rahmatullohi alayh “Fayzul Qodir” kitobida yozadi: “Uch kishining: otaning farzandga, musofirning va mazlumning zolimga qilgan duosi ijobat bo‘ladi. Safar vatandan uzoq, g‘urbatda bo‘lish, mashaqqatlarni boshdan kechirish sababli qalbda siniqlik paydo qiladi. Siniqlik duo ijobat bo‘lishining eng katta sabablaridan biri. Mazlum esa nochordir”.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga mevaning avvali keltirilar edi. Shunda u zot: “Allohumma barik lana fi madinatina va fi samarina va fi muddina va fi so’ina barokatan ma’a baroka” duosini aytardilar. So‘ngra uni hozir bo‘lgan bolalarning eng yoshiga berardilar» (Muslim rivoyati).
Duoning tarjimasi: “Allohim! Bizning shahrimizga, mevamizga, muddimizga va so’imizga baraka ustiga baraka ber“. (Mud va so’ – hajm o‘lchov birliklari).
"Islomda vatan tushunchasi" kitobidan
[1] Alloma Munoviy. To‘liq ismi: Zaynuddin Muhammad Abdurrauf ibn Tojulorifin ibn Ali Zaynul Obidin Haddodiy Munoviy Qohiriy. Milodiy 1545, hijriy 952 yilda tug‘ilgan. Milodiy 1622, hijriy 1031 yilda Qohirada vafot etgan. Qomusiy olimlardan. Alloma Munoviy parhezkor, kam ovqat, kam uyqu zotlardan edi. 80ga yaqin kitob muallifi. Yozgan kitoblari: “Kunuzul haqoiq” (hadis haqida), “Fayzul Qodir sharhu jomeis sag‘ir” va boshqalar.