Sehrgarlar, folbinlar Alloh va Rasulining dushmanidir. Islom dinida folbinlar qattiq qoralangan.
«Sehr» – ko‘zbo‘yamachilik, bir narsani haqiqatidan boshqa tarafga burish, botil narsani haqiqat qilib ko‘rsatish».
Sehrgar – bu jinlardan bo‘lgan shaytonlarga, ularga yoqadigan kufr va jirkanch amallarni qilish orqali murojaat qiluvchi kimsadir. Bundan murod sehrgarga sehrda ularning yordam berishidir.
Islom ulamolari sehrgar shak-shubhasiz, kofir bo‘ladi, degan hukmni o‘qishgan. Bunga hujjat sifatida quyidagi oyat keltiriladi: «Balki odamlarga sehr o‘rgatadigan shaytonlar kofir edilar» (Baqara surasi, 102-oyat).
G‘aybni bilish da’vosidagi qoralangan ilm «folbinlik» deb ataladi. Folbinlikning «kohinlik», «ilmul-raml», «munajjimlik», «arroflik» kabi boshqa nomlari ham bor.
Folbin, kohinning g‘aybdan bergan xabarini tasdiqlash oyati karima va hadisi sharifga asosan kufrdir.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Kim tugun tugib, unga dam ursa, sehr qilgan bo‘ladi. Kim sehr qilsa, shirk keltirgan bo‘ladi”, deb aytganlar (Imom Nasoiy rivoyat qilgan).
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: «Folbin — sehrgar, sehrgar esa kofirdir» degan.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim folbinga borib, uning aytganiga ishonsa, Muhammad sallollohu alayhi vasallamga nozil qilingan narsaga kufr keltirgan bo‘ladi”, deganlar.
Imom Ibn Hibbon Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam: “Aroq ichuvchi, sehrga ishonuvchi va qarindoshlik aloqasini uzuvchilar jannatga kirmaydi”, deganlar.
Imom Tabaroniy Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam: “Kim folbinga borib, uning gapiga ishonsa, Muhammad sallollohu alayhi vasallamga nozil bo‘lgan narsadan ajrabdi. Kim uning huzuriga kelsayu gapiga ishonmasa, qirq kungacha namozi qabul bo‘lmaydi”, deganlar.
Imom Tabaroniy Vosila ibn Asqa’ roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasuli Akram sallollohu alayhi vasallam: “Kim folbinning huzuriga kelib, undan biror narsani so‘rasa, qirq kechagacha tavbasi to‘siladi. Agar folbinning gapiga ishonsa, kofir bo‘ladi”, deganlar.
Oisha roziyallohu anho aytdilar: «Odamlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan folbinlar haqida so‘rashdi. U zot roziyallohu anho: «Ular haq emaslar», dedilar. Ular: «Yo Rasululloh, ular gohida shunday gaplarni aytadilarki, u haq bo‘lib chiqadi», deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bu haq kalimani jin o‘g‘irlab (o‘g‘rincha bilib) oladi-da uni do‘sti (folbin)ning qulog‘iga quyadi. Folbinlar esa unga yuzta yolg‘onni aralashtirib yuboradilar», dedilar» (Muttafaqun alayh).
Sehrlangan odam Dinimiz ko‘rsatmasiga muvofiq, yaxshilab tahorat olib, ikki rakat nafl namoz o‘qib, keyin Qur’oni Karimning Fotiha surasini, Baqara surasining avvalgi besh oyatini, Oyatul Kursiyni, “Amanar rosulu”ni, Yosin surasini, Hashr surasining oxirgi oyatlarini, Kaafirun, Ixlos, Falaq va Naas suralarini o‘qib, o‘zlariga dam solishlari, dam solish asnosida oldilariga idishda suv qo‘yib olib, dam solib bo‘lgach, o‘sha suvni ichishlari tavsiya qilinadi. Mo‘min kishi dam solib, duo qilar ekan, “Men Allohning oyatlarini o‘qiyapman. Menga shifo beruvchi Uning O‘zidir. Undan boshqa shifo beruvchi yo‘q. Uning shifosi hech bir kasallikni qoldirmaydi” degan e’tiqodda bo‘lishi kerak.
O‘MI matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
"Li iylafi quraysh" surasi, Quraysh qabilasiga berilgan ne’matlarga urg‘u beradi.
Bu suraning nozil bo‘lishi sababini o‘rganganda, Allohdan yanada qo‘rqish hissi paydo bo‘ladi. Bu sura hayotdagi muhim muammolardan biri - ne’matga odatlanib, uni qadrsizlantirish haqidadir.
Alloh qurayshliklarni ikki mavsum - qish va yozdagi savdo safarlari orqali tirikchiliklarining yaxshi ketishiga odatlanib qolganliklari, lekin ular bu ne’matlarning haqiqiy Egasini tan olib, shukr qilmaganlarini aytadi.
Johiliyat davrida Quraysh qabilasi faqirlik va ocharchilikda yashagan, hayotlari juda nochor va qiyin bo‘lgan. Hattoki, qashshoqlik kuchayganida, ba’zilar o‘z oilasini olib, “xubo” deb atalgan joyga borishar va o‘sha yerda ochlikdan hammasi halok bo‘lguniga qadar qolishardi. Bu odat johiliyat davrida “i’tifar” deb nomlanar edi.
Makkaning katta tojirlaridan bo‘lgan Hoshim ibn Abdumanofga bir kuni Bani Mahzum qabilasining barcha a’zolari juda qattiq ochlikda qolib, halok bo‘lish arafasida ekani haqidagi xabar yetadi. U Allohning bayti Ka’baning xizmatida turgan odamlarning shunday qashshoqlik va o‘ta johilona ahvolda ekanliklaridan o‘kindi va qattiq g‘azablandi.
Shu sababdan Hoshim ibn Abdumanof bu yomon odatni o‘zgartirishga qaror qildi va quyidagilarni amalga oshirdi:
– Sizlar Allohning baytini xizmatida bo‘laturib butun arablarga o‘zingizni sharmanda qiladigan yomon odatlarni joriy qilgansizlar, dedi va bir qabilani bir nechta urug‘larga bo‘lib tashladi. Har bir urug‘dagi boy kishilardan o‘z qarindoshlari bilan mol-mulkini teng bo‘lishishni talab qildi. Shunday qilib, kambag‘al ham boy bilan teng bo‘ldi.
Shundan keyin u Quraysh qabilasiga tijorat usullarini o‘rgatdi va ularni yilda ikki marta tijorat safariga chiqish yo‘llarini belgilab berdi. Yozda meva-sabzavotlar savdosi uchun Shomga, qishda esa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi uchun Yamanga safarlarini tashkil qildi.
Shunday qilib, Shom va Yamanning barakasi Makkaga olib kelindi va qurayshliklarning iqtisodiy holati yaxshilandi. Shu bilan birga, “i’tifar” odati ham yo‘q bo‘ldi. Biroq, vaqt o‘tishi bilan Quraysh qabilasi Allohning bu ne’matlariga shukr qilish o‘rniga, ularga odatlanib qoldi va ne’matni qadrlamay qo‘ydi. Ne’matga noshukurlik qilish – bu unga odatlanib, uni ne’mat deb bilmaslikdir.
Quraysh qabilasi Alloh tomonidan tushirilgan ne’matlarga odatlanib, uni qadrsizlantirgani uchun Alloh ularga bu surani tushirdi: "Mana shu Bayt (Ka’ba)ning Parvardigoriga (shukrona uchun) ibodat qilsinlar. Zero, U ularni ochlikdan (qutqarib) to‘ydirdi va xavfu xatardan omon qildi".
Homidjon domla ISHMATBЕKOV