Alloh taologa beadad shukrlar bo‘lsinki, yaqin fursatlarda aziz vatandoshlarimiz, ota-onalarimiz Islomning beshinchi ustuni va farzi sanalmish Haj amallarini bajarib bag‘rimizga qaytishadi. Ulardan duo olish, Baytulloh, Arafot, Mino haqida, shuningdek janobi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning masjidlari hamda ravzalari xususida eshitish maqsadida uzoq yaqindan qarindosh-urug‘, tanishu-notanishlar, hojilarning ziyoratiga chog‘lanadi. Tabiiyki, urf-odatlarimizga ko‘ra hojilarni kutib olish uchun dasturxonlar yoziladi. Aslida, xalqimiz "hoji to‘y" deb ataydigan bunday yig‘inlar dinimizda mavjud emas. Shunday bo‘lsada so‘nggi paytlarda "hoji chaqirdi" va "hoji to‘y"lar yil sayin ko‘paymoqda. Mazkur ziyofatlarning esa foydali jihatlaridan ko‘ra zararli oqibatlari ko‘proq. Jumladan, ulamolar agar hoji hajga borganligini xalqqa ovoza qilish va shu orqali shuhrat topishni ko‘zlab mehmon chaqirib yig‘in qilsa bu albatta RIYODIR deganlar.
"Hoji to‘y"larning yana bir salbiy jihati undagi isrofgarchilik va ziyofatda haddan oshishdir.
Dinimizda har qanday amalda mo‘tadillikka rioya etish targ‘ib qilinadi, isrofgarlik esa qattiq qoralanadi. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
«Qarindoshga, miskin va yo‘lovchiga (xayr-ehson qilish bilan) haqlarini ado eting va isrofgarchilikka mutlaqo yo‘l qo‘ymang! Chunki isrofgarlar shaytonning birodarlaridir. Shayton esa Parvardigoriga o‘ta noshukr edi» (Isro surasi, 26-27-oyatlar).
«Ular (Rahmonning suyukli bandalari) ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, (tutgan yo‘llari) buning o‘rtasida — mo‘tadildir» (Furqon surasi, 67-oyat).
Demak, hojilarimizni kutib olar ekanmiz, manmanlik, kibr va maqtanish bilan, "odamlar ko‘rib qo‘ysin hoji bo‘lganimni" yoki "ota-onamni hoji bo‘lganligini hamma bilsin" degan fikrlardan yiroq bo‘lib, isrof, takabburlik va g‘ururdan xoli, Alloh taoloning shariati va Payg‘ambarimiz alayhissalomning sunnatlariga mos ravishda amallarini ko‘paytirish haqiqiy hojilarga xosdir. Chunki, Haj amalini bajarib eson-omon vataniga qaytgan musulmon o‘zgalarga ibrat o‘laroq hayot kechirmog‘i, taqvodor kishilardek amal qilmog‘i lozim.
Saidabror Umarov
Alloh taolo aytadi: «Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar (tutgan yo‘llari) buning o‘rtasida – mo‘tadildir»[1].
O‘zingizdan boyroq bo‘lganlar bilan tenglashishga urinmang. Aks holda bo‘yningizgacha qarzga botib, malomatga qolasiz.
O‘zingizga, oila a’zolaringizga, shuningdek, qo‘li yupin kishilarga nisbatan ziqnalik qilmang.
Ziqna odam uchun ta’magir bo‘lmasdan yashayotganining o‘zi katta gap. Alloh taolo aytadi: «(Baxillik qilib) qo‘lingizni bo‘yningizga bog‘lab ham olmang. (Isrofgarchilik qilish bilan) uni butunlay yoyib ham yubormang. Aks holda malomat va mahrumlikda o‘tirib qolursiz»[2].
Men juda katta maosh oladigan, biroq oy tugamasidanoq oyligidan bir chaqa ham qolmaydigan kishilarni bilaman. “Ular shuncha pulni, mol-dunyoni qayerga sarflashyapti ekan”, deb hayron qolaman. Alloh taolo aytadi: «...va mutlaqo yo‘l qo‘ymang! Chunki isrofgarlar shaytonlarning do‘stlaridir. Shayton esa, Parvardigoriga nisbatan o‘ta noshukr edi»[3].
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu: “Ancha kunga yetadigan ro‘zg‘orlikni bir kunda ishlatib yuboradigan oilaga achchig‘im keladi”, deganlar.
Muoviya roziyallohu anhu: “Zoye bo‘lgan, birovning haqqi o‘tib ketgan narsani “isrof” deb hisoblayman”, deganlar.
Sarf-xarajatda isrofgarchilikka yo‘l qo‘yadiganlar, ziqnalik qiluvchilar dunyoda har kuni qanchadan-qancha musulmon ochlikdan o‘layotganini nahot bilishmasa?!
Kimdir e’tiroz bildirib: “Ular bizdan uzoqda-da” desa, “Axir ular bizning Islomdagi birodarlarimiz, din qardoshlarimiz-ku!” – deymiz. Biz erta qiyomat kunida ular borasida ham so‘roq qilinmaymizmi? Qolaversa, oramizda ro‘zg‘origa ora-sirada go‘sht kiradiganlar bor. Gohida shu ozgina go‘shtni olishga ham imkon topa olmay, oylab go‘sht yemaydilar.
Bir jamoa odamlar Qays ibn Uboda roziyallohu anhuning oldilariga ozroq yegulik so‘rab kelishdi. U zot bog‘larida to‘kilgan mevalarni terib, yaxshisini chirigidan ajratib saralayotgan edilar. Ular Qays roziyallohu anhuga nima uchun kelishganini aytishdi. Sahobiy ularga so‘raganlarini berdilar. Kelgan jamoa bir-birlariga ajablanib qarab: “Nochor hayot kechirayotgan bo‘lsangiz, yana qizg‘anmay infoq qilishingiz qiziq bo‘ldi-ku”, deyishdi. U zot: “Sizlarga ehson qilish uchungina shunday yashayman”, dedilar (ya’ni, sahobiy roziyallohu anhu men iqtisod qilaman va isrof qilmaganim holda, siz kabi muhtojlarga yordam berishga ham ortinaman demoqchi bo‘ldilar).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Chiqimda iqtisod qilish tirikchilikning yarmidir. Odamlarga muhabbatli bo‘lish aqlning yarmidir. Chiroyli savol berish esa yarim ilmdir”, [4] dedilar.
Ulug‘lardan biri aytadi: “Kim farzandiga iqtisod qilib yashashni o‘rgatsa, unga ko‘p meros qoldirishdan ham ko‘proq yaxshilik qilibdi”.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Furqon surasi, 67-oyat.
[2] Isro surasi, 29-oyat.
[3] Isro surasi, 26–27-oyatlar.
[4] Imom Tabaroniy rivoyati.