Alloh taologa beadad shukrlar bo‘lsinki, yaqin fursatlarda aziz vatandoshlarimiz, ota-onalarimiz Islomning beshinchi ustuni va farzi sanalmish Haj amallarini bajarib bag‘rimizga qaytishadi. Ulardan duo olish, Baytulloh, Arafot, Mino haqida, shuningdek janobi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning masjidlari hamda ravzalari xususida eshitish maqsadida uzoq yaqindan qarindosh-urug‘, tanishu-notanishlar, hojilarning ziyoratiga chog‘lanadi. Tabiiyki, urf-odatlarimizga ko‘ra hojilarni kutib olish uchun dasturxonlar yoziladi. Aslida, xalqimiz "hoji to‘y" deb ataydigan bunday yig‘inlar dinimizda mavjud emas. Shunday bo‘lsada so‘nggi paytlarda "hoji chaqirdi" va "hoji to‘y"lar yil sayin ko‘paymoqda. Mazkur ziyofatlarning esa foydali jihatlaridan ko‘ra zararli oqibatlari ko‘proq. Jumladan, ulamolar agar hoji hajga borganligini xalqqa ovoza qilish va shu orqali shuhrat topishni ko‘zlab mehmon chaqirib yig‘in qilsa bu albatta RIYODIR deganlar.
"Hoji to‘y"larning yana bir salbiy jihati undagi isrofgarchilik va ziyofatda haddan oshishdir.
Dinimizda har qanday amalda mo‘tadillikka rioya etish targ‘ib qilinadi, isrofgarlik esa qattiq qoralanadi. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
«Qarindoshga, miskin va yo‘lovchiga (xayr-ehson qilish bilan) haqlarini ado eting va isrofgarchilikka mutlaqo yo‘l qo‘ymang! Chunki isrofgarlar shaytonning birodarlaridir. Shayton esa Parvardigoriga o‘ta noshukr edi» (Isro surasi, 26-27-oyatlar).
«Ular (Rahmonning suyukli bandalari) ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, (tutgan yo‘llari) buning o‘rtasida — mo‘tadildir» (Furqon surasi, 67-oyat).
Demak, hojilarimizni kutib olar ekanmiz, manmanlik, kibr va maqtanish bilan, "odamlar ko‘rib qo‘ysin hoji bo‘lganimni" yoki "ota-onamni hoji bo‘lganligini hamma bilsin" degan fikrlardan yiroq bo‘lib, isrof, takabburlik va g‘ururdan xoli, Alloh taoloning shariati va Payg‘ambarimiz alayhissalomning sunnatlariga mos ravishda amallarini ko‘paytirish haqiqiy hojilarga xosdir. Chunki, Haj amalini bajarib eson-omon vataniga qaytgan musulmon o‘zgalarga ibrat o‘laroq hayot kechirmog‘i, taqvodor kishilardek amal qilmog‘i lozim.
Saidabror Umarov
Bugungi kunda insoniylik, qadr-qimmat va ma’naviyat kabi oliy tushunchalarni jamiyatimizda mustahkamlashda ilmu irfon sohiblari, xususan, diniy soha ustozlari va faxriy imomlarning tutgan o‘rni beqiyos. Shu ma’noda, hududlarda ulug‘ va faxriy imomlar hamda hayot tajribasi boy ustozlarni ziyorat qilish, ularning duo-nasihatlarini eshitish, yosh avlodga ma’naviy ko‘prik vazifasini o‘tayotgan muhim amallardan biriga aylanmoqda.
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev boshchiligida ustozlar va faxriy imomlar bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Ziyorat chog‘ida ularning o‘tgan hayot yo‘li, din va jamiyat uchun qilgan xizmatlari, og‘ir sharoitlardagi sabr va matonatlari haqida samimiy suhbatlar bo‘lib o‘tdi.
Hayotdagi barcha ne’matlar, tinchlik, erkin ibodat, ilm olish kabi imkoniyatlarning qadrini anglashda o‘tmishdagi og‘ir sinov va qiyinchiliklarni eslash, ulardan saboq chiqarish juda muhim. Ziyorat chog‘ida ustozlar o‘z hayotlaridagi shunday davrlar haqida so‘z yuritar ekanlar, “Bugungidek sharoit bizga nasib bo‘lmagan, yoshlar esa ne’matlar qadriga yetishlari lozim”, degan fikrlarini bayon etdilar.
Ular o‘z nasihatlarida shukronalikni hayot shiori qilish, insonning o‘z ahvoliga rozi bo‘lib, biror ne’mat berilar ekan, undan ilm va amal bilan foydalanish kerakligini ta’kidladilar.
Shuningdek, masjidlarda faoliyat qilayotgan imomlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni e’tirof etarkanlar, ularga doimiy izlanishda, pok niyat va xolislik ila xizmat qilish lozimligi haqida pandu nasihatlar qilishdi. Bunday so‘zlar har bir yosh imomning qalbida mas’uliyat tuyg‘usini kuchaytirishi, shubhasiz.
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati