O‘zbekistonlik hojilar ulug‘ ibodat manosiklarining asosiylarini ado etib, Mino vodiysidan Makka shahridagi mehmonxonaga qaytdilar. Yetti mingdan ziyod yurtdoshimiz dunyodagi millionlab dindoshlari qatori zimmalaridagi Allohning farzi – haj amallarini bajardilar.
“Haj – 2019” ishchi guruhi hojilarning ibodatlari dinimiz talablariga muvofiq, qiyinchiliksiz va talafotlarsiz o‘tishi uchun hamma ishni qilib, bor kuch-g‘ayratlarini safarbar etdilar.
Hojilarimiz buyuk ibodat, poklanish, bandalikni izhor qilish orqali dunyo hayotida bilib-bilmay qilgan gunohlarini avf etishi va rahmatini so‘rab, Alloh azza va jallaga iltijo qildilar.
Hojilar Makkai mukarramada Hazrati Ibrohim, Hazrati Ismoil alayhimussalom va Hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallam yurgan yerlarini ziyorat etdilar. Arafot ma’rifatga, Muzdalifa shuurga erishish joyi ekanini anglab yetdilar. Arafotda turish – mahsharning bu dunyodagi kichik bir ko‘rinishi ekanini tushunib yetdilar.
Mino vodiysidagi minglab chodir barcha shahar va qishloqlarning qadridan ustun ekanini fahm etdilar. Minoda shayton bilan mujodala etish uchun tosh otish va qurbonlik so‘yib, hazrati Ibrohim va Ismoilning itoatkorligidan o‘rnak olish imkoni katta saboq bo‘ldi.
Shaytonni toshbo‘ron qilish yomonliklarni inkor qilishdir. Haj ibodatining yakuniga yetib kelayotgan hoji bu sa’y-harakati ila shaytonga va uning yo‘liga ergashganlarga o‘zining nafratini izhor etdi.
Tili, rangi, millati, madaniyati turlicha bo‘lgan millionlab mo‘min-musulmonlar bir tanu bir jon bo‘lib ado etgan muborak haj ana shunday muhim ahamiyatlarga egadir. Ibodat niyati ila muqaddas yerlar tomon qilingan ushbu safar kishiga o‘zining hayotini yangidan sarhisob qilish, o‘zlikni anglash imkonini berdi.
Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallamga ko‘ra, haj ibodatini mukammal ado etgan kishining mukofoti jannatdir. Yosh to‘la ko‘zlarini, poklanib, top toza bo‘lib qolgan qalbini Allohning Baytidan uza olmay, o‘z ona-Vataniga qaytishga chog‘langan hoji endi mutlaqo boshqa insondir.
Biz barcha hojilarning hajlari mabrur, ibodatlari maqbul bo‘lishini Alloh taolodan so‘raymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
“Arafot” so‘zi lug‘atda – “bilish, tanish” ma’nolarini bildiradi.
Makka shahridan 20 km, Minodan 10 km, Muzdalifadan esa 6 km, Namira masjididan 1,5 km uzoqlikda joylashgan. Uzunligi 11-12 km va kengligi 6,5 km bo‘lgan vodiy. U qattiq katta toshlardan iborat. Janubiy tomonda 168 ta zinasi mavjud.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Odam Ato bilan Havvo onamiz jannatdan chiqarib yuborilganlaridan keyin bir-birlari bilan shu yerda uchrashganlar, deyiladi.
Boshqa bir rivoyatda Jabroil alayhissalom Ibrohim alayhissalomga ushbu makonda haj amallarini o‘rgatib: “Arofta?” (“O‘rgandingizmi?”) deganlarida, Ibrohim alayhissalom: “Ha”, deganlar. Shundan keyin Arafot deb nomlanib qolgan.
Arofat tepaligida bir baland joy borki, u yerni “jabalul rohma”, ya’ni “rahmat tog‘i” deyiladi. Arafa kuni hojilarga yog‘iladigan behisob rahmat va barakalar sababli “rahmat tog‘i” deb nomlanadi. Ushbu tog‘ Ilol, Nobit hamda Quriyn deb ham ataladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan 93 kun oldin, hijratning 10 yili Madinadan hajga kelib, arafa kuni shu tepalikka chiqqanlar va oq tuyalarini cho‘ktirib, uning ustida turib “Vidolashuv va’z”ini aytganlar. Bu joy uzoqdan ko‘rinib turishligi uchun ustun shaklida ko‘tarilib, oqqa bo‘yab qo‘yilgan.
Arafotda hajning asosiy arkoni ado etiladi. Arafa kuni bomdod namozi o‘qilgandan so‘ng Minodan Arafotga qarab yo‘lga tushiladi. Zilhijja oyining 9-kuni, ya’ni arafa kuni hojilar shu tepalikka chiqib, to quyosh botgunga qadar ibodat bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Arafotda ma’lum muddat turmagan kishining haji haj hisoblanmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Haj Arafotdir”, deganlar (Imom Termiziy va Nasoiy rivoyati).
Arafotga chiqishdan oldin g‘usl qilib olinsa yaxshi bo‘ladi.
Arafotga chiqishda va u yerda turganda doim takbir, tahlil, hamd va talbiya (“labbayka”) aytiladi. Arafotda duolar ijobat bo‘ladi. Shuning uchun hojilar ko‘proq duoda, zikrda, tilovatda, iltijoda, chin dildan tazarruda bo‘lishga intilishlari lozim.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Duolarning yaxshisi – Arafot kungi duodir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Arafotda quyidagi oyat nozil bo‘lgan: “Bugun Men sizlar uchun diningizni komil qildim, Men sizlarga ne’matimni to‘kis qilib berdim va sizlar uchun Islomni din qilib tanladim” (Moida surasi, 3-oyat).
Arafotda va Rahmat tog‘ida quyidagi duolarni o‘qish tavsiya etiladi:
“Subhanallohi va bihamdihi. Subhanallohil ’aziym”.
“Laa ilaha illa anta. Subhanaka inni kuntu minaz-zolimiyn”.
“Laa havla va laa quvvata illa billahil ’aliyil ’aziym”.
“Robbana atina fid-dunya hasanatan va fil axiroti hasanatan va qina ’azaban-nar”.
“Allohumma aslih li diniyallaziy huva ’ismati amri va aslih li dunyayallati fiha ma’ashiy va aslih liy axirotiyallati fiha ma’adiy, vaj’alil hayata ziyadatalli min kulli xoyrin, vaja’lil mavta rohatalli min kulli sharrin”.
“A’uzu billahi min jahdil balai va darkish-shaqoi va su’il qazoi va shatamatil a’dai”.
Arafotda peshin va asr namozlari bir azon va ikki iqomat bilan qo‘shib qasr qilib o‘qiladi. Hajning amiri xutba o‘qiydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Arafa kuni, Alloh bandalarni do‘zaxdan ko‘p ozod qilganchalik boshqa biror kun yo‘q!” (Imom Muslim rivoyati).
Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Alloh huzurida Arafot kunidan yaxshiroq kun yo‘q. Alloh taolo dunyo osmoniga (farishtalarga maqtanib) yer ahli bilan faxrlanib aytadi: “Mening chang bosgan bandalarimga qarang! Mening rahmatimdan umidvor bo‘lib, barcha joylardan keldilar. Vaholanki, ular mening azobimni ko‘rmaganlar. Alloh taolo biror kunda Arafa kunidek bandani do‘zaxdan ozod qiladigan kun yo‘q, deydi”.
Alloh taolo hajingizni mabrur, sa’yingizni mashkur va gunohingizni mag‘fur qilsin!
Davron NURMUHAMMAD