Hakiymul ummat Ashraf Ali Tahonaviy rahmatullohi alayhning ikki ayoli bo‘lib, katta ayollari hazratning ko‘p hizmatlarini qilar, shu bilan u zotning duolarini olishga haris edilar. Shu maqsadda Ramazon oylaridan birida hazratga atab kamzul tiksam, hazrat uni hayit namoziga kiyib chiqsalar, shu bilan namoz o‘qisalar va mening haqqimga ham duo qilsalar, degan fikr qildilar. Ammo ayol kishi tabiatan zebu ziynatga o‘ch qilib yaratilganligi sir emas. Mana shu tabiat hazratning ayollarini ham chetlab o‘tmagan edi. Shu sabab do‘kondan ochiq rangdagi, yoshlar bop matoni tanladilar. Va buni hazratdan sir tutdilar, sababi ramazon oyi ichida tikib hayitga yaqin kutilmagan sovg‘a qilish edi. Bir oy davomida juda ixlos bilan bor mahoratlarini ishga solib kamzulni tikib bitirdilar. Hayitga bir kun qolganda fursat topib kamzulni hazrat Tahonaviyga ko‘rsatdilar va: “Bu kamzulni kiyib namoz o‘qisalar, oxirida mening haqqimga duo qilsalar”, – dedi. Hazrat Tahonaviy kamzulni qo‘lga olarkan bu kiyim u zotga mutloq munosib emasligi bu yoshlar bop kiyimligi va buni kiyish bachkanalik ekanligini anglab yetdilar. Lekin hazrat ayollarining mehnatini qadrlab bu kiyim juda chiroyli tikilganligi, sotsa yaxshigina pulga ketishi, eng asosiysi, ish ixlos bilan qilinganligini aytib duo qildilar.
Ertasi kuni kamzulni kiyib namozgohga chiqib hayit namozini ado etdilar. Namozdan so‘ng odamlar birin-ketin hazratni ziyorat qilishdi va o‘zlariga yarashmagan kiyim kiyganliklari uchun hamma taajjubda edi. Shu payt bir kishi jur’at qilib: “Hazrat, nega bu o‘zingizga yarashmagan kiyimni kiyib oldingiz, axir bu sizga hech yarashmabdi, sizdek ulug‘ inson o‘zining ulug‘vorligiga mos kiyinsa bo‘lmaydimi?” – dedi. Hazrat Tahonaviy uning so‘zlarini jim turib eshitdilar va oxirida: “To‘g‘ri aytding, bu kiyim yarashmaganligini o‘zim ham yaxshi bilaman. Lekin ayolim bir oy davomida ixlos bilan tikkanligi uchun uning mehnatini, ixlosini qadrladim, eng asosiysi, qalbini ehtiyot qildim”, – dedilar va kamzulni yechib o‘sha kishiga hadya qildilar. Ulug‘ zotlarning ishlarida o‘zlari kabi ulug‘ bo‘larkan, bunda siz va biz uchun ibrat bor.
Ayollarimizni ehtirom qilaylik. Zero, ular biz uchun omonat. Gohida ko‘chadagi ishlarimizni bitirish uchun eng razil kimsalar bilan ham til topishib ularning ahmoqgarchiliklariga ko‘z yumamizu uyga kelganda ayolimizning ozgina hatti-harakati oshiqchadek tuyuladi. Shunda bizning ko‘chadagi odamlarga ko‘rsatgan iltifotimiz, shirin so‘zimiz va ochiq chehramiz Alloh uchun emasligi sezilib qoladi. Unutmang! Ayolingiz bilan muomala qilayotganda farzandlaringizga kelajakda pishib yetiladigan shu bilan birga unutilmas saboq berayotgan bo‘lasiz. Shunday ekan qanday dars o‘tish o‘zingizga havola.
Andijon Sayyid Muhyiddin maxdum o‘rta maxsus islom
bilim yurti mudarrisi Abdug‘afur Niyozqulov
حدثنا أبو جعفر محمد بن علي الوراق نا عبيد الله بن محمد أبو محمد القرشي التيمي نا عبد الرحمن بن حماد نا حفص بن سليمان أنا طلحة بن يحيى بن طلحة عن أبيه عن طلحة بن عبيد الله قال: سألت رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم عن تفسير سبحان الله قال: فقال: هو تنزيه الله عن كل سوء.
Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallamdan “Subhanalloh”ning tafsiri haqida so‘radim. U zot alayhissalom: “U Alloh taoloni har qanday nopoklikdan poklashdir”, dedilar”.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD