Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Iyul, 2025   |   28 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:32
Quyosh
05:10
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:53
Xufton
21:23
Bismillah
23 Iyul, 2025, 28 Muharram, 1447

Ulug‘larning ishlari ham ulug‘

14.08.2019   3935   3 min.
Ulug‘larning ishlari ham ulug‘

Hakiymul ummat Ashraf Ali Tahonaviy rahmatullohi alayhning ikki ayoli bo‘lib, katta ayollari hazratning ko‘p hizmatlarini qilar, shu bilan u zotning duolarini olishga haris edilar. Shu maqsadda Ramazon oylaridan birida hazratga atab kamzul tiksam, hazrat uni hayit namoziga kiyib chiqsalar, shu bilan namoz o‘qisalar va mening haqqimga ham duo qilsalar, degan fikr qildilar. Ammo ayol kishi tabiatan zebu ziynatga o‘ch qilib yaratilganligi sir emas. Mana shu tabiat hazratning ayollarini ham chetlab o‘tmagan edi. Shu sabab do‘kondan ochiq rangdagi, yoshlar bop matoni tanladilar. Va buni hazratdan sir tutdilar, sababi ramazon oyi ichida tikib hayitga yaqin kutilmagan sovg‘a qilish edi. Bir oy davomida juda ixlos bilan bor mahoratlarini ishga solib kamzulni tikib bitirdilar. Hayitga bir kun qolganda fursat topib kamzulni hazrat Tahonaviyga ko‘rsatdilar va: “Bu kamzulni kiyib namoz o‘qisalar, oxirida mening haqqimga duo qilsalar”, – dedi. Hazrat Tahonaviy kamzulni qo‘lga olarkan bu kiyim u zotga mutloq munosib emasligi bu yoshlar bop kiyimligi va buni kiyish bachkanalik ekanligini anglab yetdilar. Lekin hazrat ayollarining mehnatini qadrlab bu kiyim juda chiroyli tikilganligi, sotsa yaxshigina pulga ketishi, eng asosiysi, ish ixlos bilan qilinganligini aytib duo qildilar.

Ertasi kuni kamzulni kiyib namozgohga chiqib hayit namozini ado etdilar. Namozdan so‘ng odamlar birin-ketin hazratni ziyorat qilishdi va o‘zlariga yarashmagan kiyim kiyganliklari uchun hamma taajjubda edi. Shu payt bir kishi jur’at qilib: “Hazrat, nega bu o‘zingizga yarashmagan kiyimni kiyib oldingiz, axir bu sizga hech yarashmabdi, sizdek ulug‘ inson o‘zining ulug‘vorligiga mos kiyinsa bo‘lmaydimi?” – dedi. Hazrat Tahonaviy uning so‘zlarini jim turib eshitdilar va oxirida: “To‘g‘ri aytding, bu kiyim yarashmaganligini o‘zim ham yaxshi bilaman. Lekin ayolim bir oy davomida ixlos bilan tikkanligi uchun uning mehnatini, ixlosini qadrladim, eng asosiysi, qalbini ehtiyot qildim”, – dedilar va kamzulni yechib o‘sha kishiga hadya qildilar. Ulug‘ zotlarning ishlarida o‘zlari kabi ulug‘ bo‘larkan, bunda siz va biz uchun ibrat bor.

Ayollarimizni ehtirom qilaylik. Zero, ular biz uchun omonat. Gohida ko‘chadagi ishlarimizni bitirish uchun eng razil kimsalar bilan ham til topishib ularning ahmoqgarchiliklariga ko‘z yumamizu uyga kelganda ayolimizning ozgina hatti-harakati oshiqchadek tuyuladi. Shunda bizning ko‘chadagi  odamlarga ko‘rsatgan iltifotimiz, shirin so‘zimiz va ochiq chehramiz Alloh uchun emasligi sezilib qoladi. Unutmang! Ayolingiz bilan muomala qilayotganda farzandlaringizga kelajakda pishib yetiladigan shu bilan birga unutilmas saboq berayotgan bo‘lasiz. Shunday ekan qanday dars o‘tish o‘zingizga havola.

 

 

Andijon Sayyid Muhyiddin maxdum o‘rta maxsus islom

bilim yurti mudarrisi Abdug‘afur Niyozqulov

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Bunday holatda namoz qaytadan o‘qiladimi?

21.07.2025   2680   1 min.
Bunday holatda namoz qaytadan o‘qiladimi?

Savol: O‘qilgan namozimdan ko‘nglim to‘lmadi. Shu namozni qayta o‘qishim kerakmi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu masalaning biroz tafsiloti bo‘lib, unga ko‘ra namoz quyidagi holatlarda qayta o‘qilishi lozim:
•  Namozda biror farz amal bajarilmay qolib ketgan bo‘lsa;
•  Namozda biror vojib amal qasddan bajarilmay qolib ketsa;
•  Namozda biror vojib amal unutib bajarilmasa va namoz oxirida sajdai sahv ham qilinmay tugatilgan bo‘lsa.

Agar namozda sunnat amallar tark qilingan bo‘lsa yoki namoz makruhlik bilan o‘qilgan bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qish vojib emas, balki mustahab  (chiroyli sanalgan) ish hisoblanadi. Ushbu holatda qaytadan o‘qimasa ham gunohkor sanalmaydi.
Savolda so‘ralgan holatga kelsak, ko‘ngil to‘lmasligi yuqorida sanab o‘tilgan farz yoki vojib amal tark qilingan holatlar sababli bo‘lsa, namoz qayta o‘qilishi kerak. Ammo haqiqatda sobit bo‘lmagan shubha-gumonlar, vasvasalar sababli ko‘ngil to‘lmayotgandek bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qilmaydi. Chunki ko‘p hollarda “ko‘nglim to‘lmayapti”, deb namozni qayta-qayta o‘qiyverish insonni o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi va vasvasa kasaliga chalinishiga olib keladi.

Shunday ekan, namozda bajariladigan farz, vojib, sunnat amallar haqida yaxshi o‘rganish, eng asosiysi turli xayollarga chalg‘imasdan namozni e’tibor bilan ado etish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.