"Kasal bo‘lganimda, Uning O‘zi menga shifo berur" (Shuaro surasi, 80-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Davolaninglar! Alloh azza va jalla qaysi bir dardni bergan bo‘lsa, uning shifosini ham bergan”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Musulmonga qay bir musibat – horg‘inlikmi, bemorlikmi, tashvishmi, mahzunlikmi, ozormi, g‘am – g‘ussami, hattoki tikan kirishimi yetadigan bo‘lsa, albatta, Alloh ular ila uning xatolarini kafforat qilur”, deganlar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh alayhissalom barcha kasalliklarga va isitma chiqqanida:
“Bismillahil Kariym, a’uzu billahil a’ziym, min sharri kulli hirqin nahhar va min sharri harrin nar”
“Buyuk Allohning ismi bilan boshlayman. Ulug‘ Allohning nomi ila tomirdan shovullab oquvchi qonning va do‘zax o‘tining yomonidan panoh tilayman”, deb aytishni o‘rgatganlar (Imom Ibn Sunniy rivoyati.)
Davron NURMUHAMMAD
Savol: Umraga borgan kishi, yetti marta tavofni qilib bo‘lgach, toliqib qolib, Safo va Marva orasida sa’yni qilmay, mehmonxonaga ketib qolsa, nima qilishi lozim bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu odam mehmonxonada biroz orom olgach, haramga qaytib, sa’yni qilishi vojib bo‘ladi. Chunki Safo va Marva orasida yetti marta sa’y qilish umraning vojiblaridan sanaladi. Shuning uchun umra qilayotgan odam tavofdan keyin sa’yni tugatmaguncha ehromdan chiqa olmaydi. Agar sa’ydan oldin sochini oldirib, ehromdan chiqqan bo‘lsa, o‘z vaqtidan oldin ehromdan chiqqani uchun, zimmasiga bir jonliq so‘yish vojib bo‘ladi. Shu bilan birga sa’yni qilishi ham lozim bo‘ladi. Agar keksa yoki bemorligi tufayli o‘zi yurishga qiynalsa, aravada sa’y qilsa ham joiz bo‘laveradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.