Agar insonning ko‘zlarida yosh bo‘lmasa nima bo‘lardi? Bu ko‘z yoshining foydasi nima?
Alloh taolo bizning ko‘zlarimiz himoyasi uchun qosh, qovoq, kiprik va ko‘z yoshini ato etgan. Ko‘z yoshi ko‘z soqqasini namlab, uni qurib qolishdan himoya qiladi. Kiprik esa bir necha soniya davomida yumilib-ochilib turadi va bu orqali ko‘z yoshining ko‘zning hamma joylariga yetib borishini ta’minlaydi. Agar ko‘zdan suyuqlik chiqmaganda ko‘z qurib qolgan va tez orada o‘z faoliyatini bajara olmay qolgan bo‘lardi.
Ha, ko‘z yoshi ko‘zni namlash va unga yopishgan turli bakteriyalarni yuvish vazifasini bajaradi. Unda yana biz bilmagan ko‘plab foydalar, vazifalar bor. Inson yig‘laganda, uning ko‘zida joylashgan bezlar yosh ishlab chiqaradi. Ma’lumki, inson turli sabablarga ko‘ra yig‘laydi. Ba’zilar siqilib, ba’zilar og‘riqdan, ayrimlar dunyo uchun yig‘laydi. Ammo yig‘ilarning ichida eng afzali va ulug‘i Alloh taolodan qo‘rqib yig‘lashdir. Ha, inson Robbisidan qo‘rqib yig‘lasa, uning ko‘zlari eng yaxshi ko‘z yoshini ishlab chiqaradi. Bu shunday ko‘z yoshiki, u oxiratda do‘zax olovini o‘chira olishi haqida hadisi shariflarda aytilgan.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
وَيَخِرُّونَ لِلأَذْقَانِ يَبْكُونَ وَيَزِيدُهُمْ خُشُوعاً
“Va yuzlari ila yiqilib yig‘larlar va u xokisorliklarni ziyoda qilur” (Isro surasi, 109-oyat).
Alloh taolodan qo‘rqib, gunohlarini eslab yig‘lagan kishining ko‘zyoshlari nafaqat uning ko‘zlarini namlab, uni mikroblardan tozalaydi, balki, Allohdan qo‘rqib to‘kilgani uchun oxiratda do‘zax olovidan himoyalanishiga sabab bo‘ladi.
Abduddoim Kahelning maqolasi asosida
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Savol: O‘qilgan namozimdan ko‘nglim to‘lmadi. Shu namozni qayta o‘qishim kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu masalaning biroz tafsiloti bo‘lib, unga ko‘ra namoz quyidagi holatlarda qayta o‘qilishi lozim:
• Namozda biror farz amal bajarilmay qolib ketgan bo‘lsa;
• Namozda biror vojib amal qasddan bajarilmay qolib ketsa;
• Namozda biror vojib amal unutib bajarilmasa va namoz oxirida sajdai sahv ham qilinmay tugatilgan bo‘lsa.
Agar namozda sunnat amallar tark qilingan bo‘lsa yoki namoz makruhlik bilan o‘qilgan bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qish vojib emas, balki mustahab (chiroyli sanalgan) ish hisoblanadi. Ushbu holatda qaytadan o‘qimasa ham gunohkor sanalmaydi.
Savolda so‘ralgan holatga kelsak, ko‘ngil to‘lmasligi yuqorida sanab o‘tilgan farz yoki vojib amal tark qilingan holatlar sababli bo‘lsa, namoz qayta o‘qilishi kerak. Ammo haqiqatda sobit bo‘lmagan shubha-gumonlar, vasvasalar sababli ko‘ngil to‘lmayotgandek bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qilmaydi. Chunki ko‘p hollarda “ko‘nglim to‘lmayapti”, deb namozni qayta-qayta o‘qiyverish insonni o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi va vasvasa kasaliga chalinishiga olib keladi.
Shunday ekan, namozda bajariladigan farz, vojib, sunnat amallar haqida yaxshi o‘rganish, eng asosiysi turli xayollarga chalg‘imasdan namozni e’tibor bilan ado etish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.