3- حديث أبي هُرَيْرَةَ قال كان النبيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بارزًا يومًا للناسِ فأَتاه رجلٌ فقال: ما الإيمان قال: الإيمان أن تؤمنَ بالله وملائكتِهِ وبلقائِهِ وبرسلِهِ وتؤمَن بالبعثِ قال: ما الإسلامُ قال: الإسلامُ أن تعبدَ اللهَ ولا تشركَ به وتقيمَ الصلاةَ وتؤدِّيَ الزكاةَ المفروضةَ وتصومَ رمضانَ قال: ما الإحسان قال: أن تعبدَ الله كأنك تراهُ، فإِن لم تكن تراه فإِنه يراك قال: متى الساعةُ قال: ما المسئولُ عنها بأَعْلَم مِنَ السائل، وسأُخبرُكَ عن أشراطِها؛ إِذا وَلَدَتِ الأَمَةُ رَبَّهَا، وَإِذا تطاولَ رُعاةُ الإبِلِ البهْم في البنيان، في خمسٍ لا يعلمهنَّ إِلاَّ الله ثم تلا النبيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ (إِنَّ الله عنده علم الساعة) الآية: ثم أدبر فقال: رُدُّوه فلم يَرَوْا شيئاً فقال: هذا جبريل جاءَ يُعَلِّمُ الناسَ دينَهم
3- Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadis: Bir kuni Payg‘ambar sollollohu alayhi va sallam odamlar oldiga chiqib turgan edilar, bir kishi kelib: “Iymon nimadir?” dedi. U zot: “Iymon – Ollohga, farishtalariga, U Zotga ro‘baro‘ bo‘lishga, elchilariga ishonmog‘ing va qayta tirilishga iymon keltirmog‘ingdir”, dedilar. “Islom nimadir?” dedi. “Islom – Ollohga ibodat qilmog‘ing, U Zotga shirk keltirmasliging, namozni barpo qilishing, farz qilingan zakotni ado etib, Ramazon ro‘zasini tutmog‘ingdir”, dedilar. (Haligi kishi savolida davom etib): “Ehson nimadir?” dedi. (Payg‘ambar sollollohu alayhi va sallam): “(Ehson) – Olloh taologa U Zotni ko‘rib turgandek ibodat qilmog‘ingdir. Chunki sen ko‘ra olmasang-da U Zot seni ko‘rib turadi”, dedilar. “(Qiyomat) Soati qachon?” dedi. “Bu haqda so‘ralguvchi (ya’ni, kamina) so‘raguvchidan bilguvchiroq emas. Uning (ayrim) shartlari – alomatlari haqida senga xabar berurman: cho‘ri o‘z xojasini tug‘sa, qora tuya boquvchilar bino qurishda bir-birlari bilan “musobaqa” qilishsa va yana faqat Olloh biladigan besh narsa (topilgani)da (Qiyomat Soati qoim bo‘ladi)”, dedilar. So‘ngra Payg‘ambar sollollohu alayhi va sallam: “Darhaqiqat, Yolg‘iz Ollohning huzuridagina (Qiyomat) Soati (qachon bo‘lishi to‘g‘risidagi) bilim bordir...” (Luqmon surasi, 34-oyat) oyatini tilovat qildilar. Shundan keyin haligi kishi orqasiga o‘girilib ketdi. U zot: “Uni orqaga qaytaringlar”, dedilar. (Lekin sahobalar) hech narsani ko‘rmadilar (ya’ni, u kishi ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan edi). Shunda (Rasululloh sollollohu alayhi va sallam): “U kishi Jabroil edi, odamlarga Dinni o‘rgatish uchun keldi”, dedilar.
Ayrim jumlalar sharhi:
“Cho‘ri o‘z xojasini tug‘sa” – bu iborani ulamolar turlicha sharhlaganlar. Imom Xitobiy: “Buning ma’nosi, Islom dunyoga keng tarqalib, musulmonlar mushriklarning diyorlarini fath qiladilar, natijada ko‘p asirlar va cho‘rilarga ega bo‘ladilar. Kishi o‘zi ega bo‘lgan cho‘risidan farzand ko‘rsa, tug‘ilgan bola o‘sha cho‘riga (o‘z onasiga) xoja martabasida bo‘ladi. Chunki bola – xojaning bolasidir”, deb sharhlasa, ayrim ulamolar bu jumlani majozan o‘girib: “Bolalar orasida “oq” bo‘lish ko‘payib ketadi – bola o‘z onasiga haqoratlash, urish, xizmatga solish kabi xoja cho‘risiga qiladigan muomalani qiladi”, deb ma’no beradilar.
“Qora tuya boquvchilar bino qurishda bir-birlari bilan “musobaqa” qilishsa”. Hadisning arabcha matnidagi “البهْم” kalimasi ikki xil – “qora” hamda “hech vaqosi yo‘q” degan mazmunlarni bildiradi. Uni agar tuya boquvchilarga sifat qiladigan bo‘lsak ikkinchi ma’noni, agar tuyaning o‘ziga sifat qiladigan bo‘lsak birinchi ma’noni anglaymiz. Qora tuyadan maqsad arzon, bahosiz tuyadir. Baholi tuyalar qizil bo‘ladi. Hech vaqosi yo‘q tuya boquvchilardan murod esa, Qiyomat Soati yaqinlashganda birovlarning chorvasini boqib yuruvchi cho‘ponlar ham boy-badavlat bo‘lib kim o‘zarga bino qurishga giriftor bo‘ladilar, deganidir. Vallohu a’lam...
Arabchadan Ziyouddin MANSUR tarjimasi
O‘tgan solihlardan qoida va meros bo‘lgan so‘z bor:
من رام العلم جملة ذهب عنه جملة
."Kimki ilmning hammasini birdaniga o‘rganishni istasa, ilmning hammasidan quruq qoladi"
Oz vaqtda ilmning hammasini o‘rganib olaman, deya xomtama bo‘lgan talaba, ilmning hammasidan bebahra qoladi. Hech narsaga erishmaydi.
Qur’oni karim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga 23 yil davomida nozil bo‘lgan...
Imom Burhoniddin Marg‘inoniy rahimahulloh "Hidoya" asarini 13 yil mobaynida ro‘zador holda yozganlar...
Imom Buxoriy rahimahulloh "Sahihul Buxoriy"ni 16 yilda, tahorat olgan holda va ikki rakat nafl namoz o‘qib, yozganlar...
Ilm kitoblari harfma-harf va kalima-kalima izohlab o‘rganiladi. Igna bilan quduq qazishga sabr-toqat, oliy himmat, intizom va uzoq vaqt zarur. Shoshqaloqlik va puxtalik bir-biriga zid – hech qachon jamlanmaydi.
Muhtaram tolibi ilm! Ilmning boshi sabrdir: kitobga sabr qilasiz, ustozga sabr qilasiz, yashayotgan shahringizga sabr qilasiz, hamdarslaringizga sabr qilasiz va hokazo.
Ilm olish lazzatiga erishgach, sabr maqomidan rozilik va muhabbat maqomiga o‘tib olgach hayotingiz mazmuni kitob va ustozlar suhbatiga aylanadi.