2019 yil 12-avgust kuni Qirollik saroyida Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud hurmatli kishilar, Ikki muqaddas masjid mehmonlari, hukumat amaldorlari, delegatsiya rahbarlari va ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatadigan idora rahbarlari uchun qabul marosimini o‘tkazdi.
Mazkur tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi, «Haj-2019» ishchi guruhi rahbari J.Akramov, O‘zbekistonning Saudiyadagi elchisi U.Maqsudov hamda qirol mehmoni sifatida N.Nodirov ishtirok etdi.
Tadbir Qur’oni karim tilovati bilan boshlandi.
Tadbirda Salmon bin Abdulaziz Ol Saud nutq so‘zlab shunday dedi:
- Xudo Saudiya Arabistoni Podshohligini Ikki muqaddas masjidga va Rahmon mehmonlariga(hojilar) xizmat qilish bilan sharafladi, bu biz uchun g‘ururdir. Qirol Abdulaziz davridan boshlab, to bugungacha dunyo musulmonlari Haj ibodatini qulay sharoitlarda, mukammal ado etishlari uchun barcha kuch g‘ayratimizni sarflayapmiz.
Allohdan amallaringizni qabul bo‘lishini, eson-omon o‘z yurtingizga yetib olishingizni so‘rayman.
Shuningdek, tadbirda Haj va Umra vaziri doktor Muhammad Solih bin Taher Bintin so‘zga chiqib, ziyoratchilar va butun dunyo musulmonlarini Qurbon hayiti bilan tabrikladi.
U o‘z nutqida dunyoning 130 dan ortiq mamlakatidan kelgan, tili, irqi, rangi har xil bo‘lgan 170 dan ortiq millat va elat vakillaridan iborat 3 millionga yaqin inson Arafotda hozir bo‘lganini, ularning uchdan bir qismi 70 yoshdan oshgan qariyalar ekanini aytib o‘tdi.
Tadbirda shahzoda Muhammad bin Salmon nazorati ostida hojilarning haj amallarini bajarish va xavfsizligini ta’minlash masalasi Qirollikning doimiy e’tiborida ekani ta’kidlandi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
Matbuot xizmati
Savol: Hozirgi kunda ayrim odamlar qabristonlardan o‘zlari, oilasi uchun yer sotib olib, sag‘ana qildirib qo‘yishmoqda. Bu ishlari to‘g‘rimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qabristonlar omma foydalanishi uchun hukumat tarafidan berilgan umumiy joy hisoblanadi, hech kimning shaxsiy mulki emas.
Shunga ko‘ra unga kimdir egalik qilishi, u joydan yer sotishi yoki sotib olishi mumkin emas. Bizdan avvalgi avlodlar, ota-bobolarimiz qabristondan biror narsani olishga, hatto qurigan giyoh olishdan ham cho‘chiganlar.
Hozirda ham ayrim odamlar qabristondagi meva va o‘t-o‘lanlardan foydalanish haqida ko‘p savol berishlari bejizga emas, ana shu hadikdan paydo bo‘lgan. Ammo ming afsuski, ayrim odamlar tomonidan kimlar bilandir til biriktirib, yer sotib olish holati oz bo‘lsa-da, paydo bo‘lmoqda. Bundan ehtiyot bo‘lish lozim. Chunki bu nohaqdan yer olish hisoblanadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam qattiq ogohlantirib, bunday deganlar: “Kim bir qarich yerni nohaqdan olsa, qiyomat kuni uni yetti qavat yer yutadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Sa’id ibn Zayd roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir qarich yerni zulm ila olsa, qiyomat kuni uning bo‘yniga yetti qavat yer osib qo‘yiladi”, deganlar (Muttafaqun alayh).
Bu ishning qanchalik og‘ir ekanini tushunmagan odamlar turli vositalar bilan bir qarich bo‘lsa ham birovning yerini o‘ziga qo‘shib olishga harakat qiladilar. Islomda bu ish zulm hisoblanadi va katta gunoh sifatida qoralanadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.