Qurbon hayiti bayrami barchalarimizga muborak bo‘lsin. Shunday shukuhli kunlarda xalqimiz orasida mehr-oqibat, o‘zaro samimiyat rishtalari yanada keng o‘zining nuri va tarovatini sochadi.
Jamiyatimizda shunday insonlar borki ular o‘zgalar yordamiga muxtojdir. Bu insonlarga yordam qo‘lini cho‘zish esa, insoniylik qadriyatlarimizdan biri hisoblanadi.
Zero Alloh subhanahu va taolo Qur’oni Karimning Moida surasi, 2-oyatida “Yaxshilik va taqvo yo‘lida bir-birlaringizga yordam beringiz!” deb marhamat qilgan.
Shunday ekan har bir inson yaxshilik yo‘lida o‘zga bir insonga namuna bo‘lishi kerak. Ana shunday yaxshilik qilaman degan insonga esa, bizning mamlakatimizda barcha qulay shart-sharoitlar yaratilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida “Vaqf” xayriya jamoat fondining Andijon viloyati filiali va viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan imom-xatiblar tomonidan esa shu kunlarda mehr-muruvvat tadbirlari viloyatimiz bo‘ylab juda keng miqyosida o‘tkazilmoqda.
Anashunday tadbirlardan biri joriy yilning 12 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Andijon viloyati vakilligida “Vaqf” xayriya jamoat fondining Andijon viloyati filiali tomonidan “Qurbonlik – 2019” tadbiri o‘tkazildi. Unda viloyatimizning har bir shahar va tumanlaridan tashrif buyurgan 80 dan ortiq kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan fuqarolar ishtirok etdi.
Filial tomonidan “Qurbonlik – 2019” xayriya tadbiri doirasida bitta qora mol qurbonlik qilinib, tadbir ishtirokchilariga beminnat tarqatildi. Shuningdek, go‘sht bilan birga bir qator oziq ovqat maxsulotlari ham xadya qilindi.
Albatta, mana shunday saxovat tadbirida ishtirok etgan har bir yurtdoshimizning ko‘zidan samimiy mamnuniyat nigohini ko‘rishimiz mumkin bo‘ldi. Bu esa juda katta baxt desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Shuningdek, mana shunday xayrli kunlarda viloyatimizning har bir shahar va tumanlarida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan imom-xatiblarimiz va “Vaqf” fondining joylardagi vakillari tomonidan ham kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, yolg‘iz keksa yurtdoshlarimiz hollaridan xabar olinib, ularning ham ko‘ngillari ko‘tarilmoqda.
Ushbu xayrli ishlardan ko‘zlangan maqsad esa aholiga “Vaqf” tushunchasini keng targ‘ib qilish va shu asnosidan kam ta’minlangan, yordamga muhtoj aholi qatlamiga yordam qo‘lini cho‘zmoqchi bo‘lgan saxovatpesha insonlarga to‘g‘ri yo‘l va ko‘rsatmalar ko‘rsatishdan iboratdir.
Alloh taolo barcha ehson qilgan yurtdoshlarimizning ehsonlarini O‘zi dargohida qabul aylasin.
“Vaqf” xayriya jamoat fondining Andijon viloyati filiali matbuot xizmati
#xabar #muftiy #juma
Bugun, 18 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini Toshkent shahridagi "Yakkasaroy" jome masjidida ado qildilar.
Muftiy hazratlari jamoat namozidan oldin yig‘ilganlarga “O‘zganing haqqidan hazar qilaylik!” mavzusida manfaatli suhbat qilib berdilar.
Mav’izada bugungi kunda birovning molini noto‘g‘ri yo‘l bilan yeyish va o‘zganing xaqqiga xiyonat qilishdek og‘ir gunohlar, jumladan, qarzini qaytarmaslik, tarozidan urish, mualliflik huquqini poymol qilish, poraxo‘rlik, qimorbozlik, firibgarlik kabi illatlardan hazar qilish lozimligini qat’iy ta’kidladilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karimdagi: “Ey, imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz!...” (Niso surasi, 29) oyatini sharhlash asnosida Alloh taolo insoniyatni Yer yuzida halol rizq talab qilishga amr etgani, uning aksi bo‘lmish haromdan hazar qilishga buyurgani hamda halol va harom narsalarni ochiq bayon qilganini aytib o‘tdilar.
Suhbat yakunida Haq taolodan elu yurtimiz tinchlik-farovonligi va halol-pok molu davlat topish, nohaq-botil yo‘llar orqali keladigan mollardan asrashini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati