Birinchi voqe’a.
Bugun Qurbon hayitining ilk kuni. Doyimo kech turishni odat qilgan o‘g‘il ham bomdod vaqtida uyg‘onib dadasi bilan tahorat oldi.
- O‘g‘lim, egninggizga qalinroq kiyining, bugun masjidda odam ko‘p bo‘ladi, ehtimol hovlida o‘tirarmiz.
- Kiyyapman dadajon. Bugun menga sovg‘a olib berasizmi?
- Albatta, sizga ham, onanggizga ham!
Ayol, erining egniga kastyumini tashlab:
- Siz ham qalinroq kiyining. Masjidgacha ancha yurasizlar. Ko‘cha salqin, axir.
- Qo‘ysangchi onasi, masjidga ketayotgan moshinalarning birortasi olib ketar. Hamma masjidga boradi-ku. Qo‘y shuni kiymay qo‘ya qolay.
- Dadasi...
Ota o‘g‘li bilan yo‘lga tushdi. Xotini rost aytgan ekan, havo ancha salqin bo‘lib qolibdi.
- Dada, hali ancha yuramizmi?
- Yo‘q, uncha ko‘p emas.
O‘g‘il bugun ilk bor masjidga bormoqda. 10 daqiqacha yo‘l yurishdi. Yonidan deyarli moshinalar uzilmasdan, ota-bolaga ko‘z tashlab o‘tib borardi. Hoziircha hech biri to‘xtagani yo‘q. Hali to‘xtab qolar degan fikr o‘tdi otaning hayolidan.
- Dadajon, oz qoldimi? Yana so‘radi bolakay.
- Ha bolam. Sovqotmayabsanmi?
- Yo‘q. Qalin kiyinganmanku .
Dadaning biroz kayfiyati tushgandek bo‘ldi. O‘zi yupin kiyinganiga afsuslandi. Qancha qo‘l ko‘tarmasin birorta moshina to‘xtamadi.
- Dadajon charchadim...
- Kel ko‘tarib olaman. O‘g‘lini ko‘targancha yarim soatga yaqin vaqtda masjidga yetib keldi. Afsuski, masjidga kelayotgan moshinalarning aksariyati bo‘sh kelgan bo‘lsada ota-bolani olib kelishni hayoliga ham keltirishmadi.
Masjidda esa imom maruza qilmoqda: "Aziz birodarlar, musulmonlar bir-biriga birodar, og‘a-inidir. Musulmon o‘ziga ravo ko‘rgan yaxshilikni birodariga ravo ko‘rmagunicha iymoni komil bo‘lmaydi..."
Ikkinchi voqe’a
Qurbon hayitining ikkinchi kuni. Issiqjon, do‘xtirga bordim. Navbatda mendan oldin ikki kishi bor ekan. Birozdan so‘ng bir, bir yarim oylik chaqaloqni ko‘targan bir erkak kirib keldi. Yuzidan sokinlik va samimiylik sezilib turadi. Past va yoqimli ovozda "oxirgi kim" deya so‘radi. Men. Ammo, siz mendan oldin kira qoling - dedim. Rahmat aytdi jilmayib. Birozdan so‘ng chaqaloq bezovtalanib yig‘lay boshladi. Yonimizda o‘tirgan rus kampir o‘zining tilida onasi qani, bolaning qorni ochdi dedi. Erkak esa onasi kela olmaydi deb javob qildi. Bolaning yig‘isi kuchaydi, yehtimol biror joyi og‘riyotgandir. Navbati kelgan 35-40 yoshlar atrofidagi ayolga yuzlandim - singlim shu chaqaloqni birinchi qo‘yib yuboraylik. Ayol qovog‘ini solgancha YO‘Q deb javob qildi va ichkariga kirib ketdi. Bola hamon yig‘lashda davom etmoqda. Keksa ayolni aravachaga solib bir yigit kelib qoldi va biz navbatsiz kiramiz dedi. Bola hamon yig‘lamoqda. Men do‘xtiirni oldiga kirdimu:
- Do‘xtir opa bizning yoshimiz katta, nima bo‘lsa ham chidaymiz. Ammo, tashqarida bir erkak turubdi, qo‘lida chaqalog‘i bor. Iltimos shularni ko‘rib qo‘ying, dedim. O‘tirganlarning hammasi menga yomon qaradi. Ichkaridagi ayol esa - meni navbatimku dedi. Ortimdagi aravacha surib kelgan yigit ham menga baqira ketdi - meni navbatimku nimaga kirib ketyapsiz, chaqaloq bo‘lsa menga nima, yig‘lasa yig‘layversin dedi. Har tugul shifokor insofli ekan. - Chaqaloqlarni navbatsiz qabul qilaman dedi. Ota-bolani ichkariga taklif qildi. Mening esa asablarim tobora taranglashdi. O‘tirganlarga ovozimning eng baland tonida gapirdim - oqibatsiz vijdonsiz, insofsiz bo‘lib ketdikmi? Axir bu chaqaloq-ku, otasi yolg‘iz olib kelgan. Nahotki, musulmonlikni, iymonimizni nafsimizga boy bergan bo‘lsak. Bu akaning o‘rniga o‘zinggizni, chaqaloqning o‘rniga bolanggizni qo‘yib ko‘ring. Kamiga bugun hayit bayrami bo‘lsa. Xayf senlarga, erkagu ayolingga. Shu payt bir chekkada o‘tirgan rus kampir o‘zbek tilida bir amallab - "sizlar yamon sizlar, chakalok juda kichkina, nahotki sizlar musilman" - dedi. Yo‘lakchada chuqur sukunat cho‘mdi.
Saidabror Umarov
Bir o‘tirib, yashab o‘tgan shuncha yillik hayotimizda boshdan kechirgan g‘am-g‘ussalarimiz haqida fikr yuritib ko‘rsak, qayg‘ular ikki xil ekanini ko‘ramiz:
Birinchisi – o‘sha paytda ko‘zimizga katta ko‘rinib, hatto yig‘lashimizga sabab bo‘lgan qayg‘ularimiz. Lekin vaqt o‘tishi bilan ular aslida oddiy narsa ekani, yig‘lashga arzimasligi ma’lum bo‘ladi. Ba’zan o‘sha kunlarni eslaganimizda kulgimiz kelib, «Shu arzimas narsa uchun ham siqilib, yig‘lab yurgan ekanmanmi? U paytlarda ancha yosh bo‘lgan ekanmiz-da», deb qo‘yamiz.
Ikkinchisi – haqiqatdan ham katta musibatlar. Ba’zilari hayotimizni zir titratgan. Bu qayg‘ular ham o‘tib ketadi, lekin o‘chmaydigan iz qoldirib ketadi. Bu izlar uzoq yillargacha qalbga og‘riq berib turaveradi. Bu qayg‘ular ba’zan to‘xtab, ba’zan harakatga kelib, yangilanib turadigan vulqonga o‘xshaydi. Bunday g‘am-qayg‘ularning yaxshi tarafi shundaki, ular hayotda ham, oxiratda ham yaxshiliklarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Ular qalbimizda o‘chmas iz qoldirsa, har eslaganda ko‘zlarimizda yosh qalqisa, eng asosiysi – o‘shanda duoga qo‘l ochib, sabr bilan turib bera olsak, ko‘p-ko‘p yaxshiliklarga, ajr-savoblarga ega bo‘lamiz. G‘am-qayg‘u yangilanishi bilan yaxshiliklar ham yangilanib boraveradi.
G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.
Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).
Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.
Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».
Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.
Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.