Bir kuni litseydagi ustozimiz bizga shunday dedi: “Ertaga hammangiz bittadan xalta va besh kilo kartoshka olib keling”.
Ertasiga barchaning partasi ustida kartoshka va xaltalar turardi. Ustoz: “Endi bugungacha o‘zingiz kechirmagan har bir odam uchun bittadan kartoshka oling va uning ismini kartoshkaning ustiga yozib, xaltaga soling!”
Ba’zi o‘quvchilar 3-4 ta kartoshka olgan bo‘lsa, ba’zilarning xaltasi to‘lib ketdi. Ustoz: “Bir hafta mobaynida qayerga bormang, xaltalaringizni yoningizdan qo‘ymang. Hatto yotadigan yotoqda, yurgan avtobusingizda, maktabda ham olib yuring”, dedi.
Oradan bir hafta o‘tgach, o‘sha ustozning darsiga kirdik. Ustozimiz sinfga kirar-kirmas, barchamiz o‘zimizcha shikoyat qilishga tushib ketdik: “Ustoz, og‘ir xaltani hamma joyda ko‘tarib yurish qiyin ekan…”, “Ustoz, kartoshkalar ayniy boshladi, odamlar g‘alati qarashyapti. Jonga tegdi, charchab ketdik…”
Ustoz mehr bilan jilmaydi: “Ko‘rdingizmi, birovni kechirmay aslida o‘zimizni qiynaymiz. Ruhimizni og‘ir yuk ko‘tarib yurishga majbur qilamiz. Kechirishni qarshimizdagi insonga qilinadigan iltifot deb o‘ylaymiz. Holbuki, kechirimli bo‘lish, avvalo, o‘zimizga qilinadigan yaxshilikdir”.
manba: irfon.uz
Muhyiddin ibn Arabiy aytadilar: “Kimning qanday hojati bo‘lsa, shom namozining farz va sunnatini o‘qib bo‘lganidan keyin o‘rnidan turmasdan Fotiha surasini 40 marta o‘qisin. Shundan keyin, Allohdan hojatini so‘rasin, albatta so‘ragan narsasini beradi. Biz buni tajriba qilib ko‘rdik va foydasini topdik. Fotiha surasini o‘qib bo‘lganidan so‘ng ushbu duoni o‘qiydi: “Allohim! Sening ilmingni o‘zi Sendan so‘ramaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan O‘zing so‘rovimga kifoya qil. Sening karamingni o‘zi Senga so‘zlamaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan so‘zimga kifoya qil va qalbimdagi tilagimni hosil qil”.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV