Alloh taolo insonni mukarram qilib yaratib, unga ko‘p ne’matlarni ato etgan. U Zot Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
وَلَقَدْ كَرَّمْنَا بَنِي آدَمَ وَحَمَلْنَاهُمْ فِي الْبَرِّ وَالْبَحْرِ وَرَزَقْنَاهُم مِّنَ الطَّيِّبَاتِ وَفَضَّلْنَاهُمْ عَلَى كَثِيرٍ مِّمَّنْ خَلَقْنَا تَفْضِيلاً
“Batahqiq, Biz Bani Odamni azizu mukarram qilib qo‘ydik va ularni quruqligu dengizda (ulov-la) ko‘tardik hamda ularni pok narsalar ila rizqlantirdik va uni O‘zimiz yaratgan ko‘p narsalardan mutlaqo afzal qilib qo‘ydik”. (Alloh taolo quruqlikda ham, dengizda ham inson bolasi uchun turli ulovlarni yaratib, shunga binoan qonun-qoidalarni joriy qilib qo‘ydi. Bu ham Alloh odam bolasini azizu mukarram qilganidandir. Afzallikda unga yaqin kela oladigan maxluqot olamda yo‘qdir. Barcha maxluqotlar odam bolasi uchun beminnat xizmatkordir. Lekin bu afzallikning javobgariligi ham bor. Qiyomat kuni har bir berilgan afzallik va ne’matlardan so‘raladi. Hisob-kitob qilinadi.) (Isro surasi, 70-oyat).
Ha, Robbimiz bizga quruqlikda minib yurishimiz uchun markablarni ato etgan. Bular ot, eshak, hachir, tuya va hokazolardir. Bu haqida Alloh taoloning O‘zi oyati karimada shunday marhamat qiladi:
وَالْخَيْلَ وَالْبِغَالَ وَالْحَمِيرَ لِتَرْكَبُوهَا وَزِينَةً وَيَخْلُقُ مَا لاَ تَعْلَمُونَ
“Otlar, xachirlar va eshaklarni minishingiz va ziynat uchun (yaratdi) va siz bilmaydigan narsalarni yaratadir”. (Ya’ni, Alloh taolo kelajakda sizlar uchun tuya, ot, xachir va eshakdan boshqa siz bilmaydigan naqliyot vositalarini yaratadi. Darhaqiqat, shunday ham bo‘ldi. Ushbu oyatlar tushgan davrda mavjud bo‘lmagan havoda, suvda va yerda yuradigan ko‘plab naqliyot vositalari vujudga keldi. Bu esa, o‘z navbatida, Qur’oni Karim mazkur: «va siz bilmaydigan narsalarni yaratadi», jumlasi ila mo‘min-musulmonlarni kelajak yangiliklaridan xabardor qilayotganiga dalolatdir.) (Nahl surasi, 8-oyat).
Dunyoda otning turlari juda ko‘p. Ular asosan yuk tashish, minish, aravaga qo‘shish va yer haydash uchun boqiladi. Ana shunday ot zotlaridan biri – axaltaka ot zotidir.
Axaltaka ot zoti – noyob ot turlaridan bo‘lib, chopqirligi, chiroyliligi, aqlliligi va baquvvatligi bilan boshqa ot zotlaridan ajralib turadi. Turkmanistonning milliy ramzlaridan hisoblangan ushbu ot zoti dunyodagi eng qimmat ot zotlaridandir, ma’lumotlarga ko‘ra, uning boshlang‘ich narxi 100 ming dollardan boshlanar ekan. 500 ming va hatto 1 million dollarlik axaltakalar ham bor ekan. Turkman millatining Taka urug‘iga mansub kishilar asosan axaltaka ot zotini yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Axal so‘zi turkmanchada “chodir” degan ma’noni bildirar ekan. Ushbu ot quruq issiq iqlimga moslashgani bilan ham ajralib turadi. Ushbu zot asosan Turkmaniston, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Rossiya va AQSHda boqiladi. Bugungi kunga kelib, mazkur zot turidan chatishtirish yo‘li orqali ko‘plab yangicha noyob chopqir ot zotlari yetishtiriladi.
Dunyoda otning 400 dan ortiq zoti mavjud. Alloh taolo bularning har birini o‘ziga xos xususiyatlar bilan yaratgan. Ot mingan insonlar qadimdan viqorli ko‘rinishgan, shu bilan birgalikda sog‘lom va baquvvat bo‘lib shakllangan. Gap shundaki, bizga bo‘ysundirib berilgan ulovlar orasida aynan ot o‘zgacha fusun va chopqirligi bilan ajralib turadi. Shu sababli insonlar doim ot minishga ishtiyoqmand bo‘lishgan. Alloh taolo biz bandalariga bu jonivorni bo‘ysundirish bilan birga unga minganimizda qanday duo o‘qishimizni ham ta’lim bergan:
لِتَسْتَوُوا عَلَى ظُهُورِهِ ثُمَّ تَذْكُرُوا نِعْمَةَ رَبِّكُمْ إِذَا اسْتَوَيْتُمْ عَلَيْهِ وَتَقُولُوا سُبْحانَ الَّذِي سَخَّرَ لَنَا هَذَا وَمَا كُنَّا لَهُ مُقْرِنِينَ وَإِنَّا إِلَى رَبِّنَا لَمُنقَلِبُونَ
“Toki siz ularning ustiga o‘rnashgaysizlar, so‘ngra ularning ustiga o‘rnashib olgach, Robbingiz ne’matini eslab: «Bizga buni bo‘ysundirgan zot pokdir. Biz bunga qodir emas edik. Va, albatta, Biz Robbimizga qaytguvchilardirmiz», degaysiz”. (Inson markabga minganda allaqanday bir ko‘tarinkilik, g‘urur va manmanlik paydo bo‘lganini sezadi. Ana shunda unga markab minish imkonini bergan zotni eslasa va shu oyatdagi duoni o‘qisa, hamma narsa o‘rniga tushadi. Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda quyidagilar aytiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon safarga chiqib ulovga minsalar, uch marta «Alloh akbar», deb takbir aytar va quyidagilarni o‘qir edilar: «Bizga buni bo‘ysundirgan zot pokdir. Biz bunga qodir emas edik. Va, albatta, biz Robbimizga qaytguvchilardirmiz». Yo Alloh! Biz sendan bu safarimizda yaxshilik va taqvoni, o‘zing rozi bo‘ladigan amallarni so‘raymiz. Yo Alloh! O‘zing bizga bu safarimizni oson qilgin. Uning uzog‘ini yaqin qilgin. Yo Alloh! Sening o‘zing safardagi sohibsan. Ahliayoldagi xalifasan. Yo Alloh! Men sendan safar qiyinchiliklaridan, turli yomonliklardan, molu mulk va ahliayolning yomonlikka yuz tutishidan panoh so‘rayman».) (Zuxruf surasi, 13-14-oyatlar).
Alloh taolo bizni ulovga minganimizda O‘ziga shukr qilib, kamtarlik bilan ulovlarda yurishimizni nasib etsin!
Nozimjon Hoshimjon va Saidabror Umarov tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
"Li iylafi quraysh" surasi, Quraysh qabilasiga berilgan ne’matlarga urg‘u beradi.
Bu suraning nozil bo‘lishi sababini o‘rganganda, Allohdan yanada qo‘rqish hissi paydo bo‘ladi. Bu sura hayotdagi muhim muammolardan biri - ne’matga odatlanib, uni qadrsizlantirish haqidadir.
Alloh qurayshliklarni ikki mavsum - qish va yozdagi savdo safarlari orqali tirikchiliklarining yaxshi ketishiga odatlanib qolganliklari, lekin ular bu ne’matlarning haqiqiy Egasini tan olib, shukr qilmaganlarini aytadi.
Johiliyat davrida Quraysh qabilasi faqirlik va ocharchilikda yashagan, hayotlari juda nochor va qiyin bo‘lgan. Hattoki, qashshoqlik kuchayganida, ba’zilar o‘z oilasini olib, “xubo” deb atalgan joyga borishar va o‘sha yerda ochlikdan hammasi halok bo‘lguniga qadar qolishardi. Bu odat johiliyat davrida “i’tifar” deb nomlanar edi.
Makkaning katta tojirlaridan bo‘lgan Hoshim ibn Abdumanofga bir kuni Bani Mahzum qabilasining barcha a’zolari juda qattiq ochlikda qolib, halok bo‘lish arafasida ekani haqidagi xabar yetadi. U Allohning bayti Ka’baning xizmatida turgan odamlarning shunday qashshoqlik va o‘ta johilona ahvolda ekanliklaridan o‘kindi va qattiq g‘azablandi.
Shu sababdan Hoshim ibn Abdumanof bu yomon odatni o‘zgartirishga qaror qildi va quyidagilarni amalga oshirdi:
– Sizlar Allohning baytini xizmatida bo‘laturib butun arablarga o‘zingizni sharmanda qiladigan yomon odatlarni joriy qilgansizlar, dedi va bir qabilani bir nechta urug‘larga bo‘lib tashladi. Har bir urug‘dagi boy kishilardan o‘z qarindoshlari bilan mol-mulkini teng bo‘lishishni talab qildi. Shunday qilib, kambag‘al ham boy bilan teng bo‘ldi.
Shundan keyin u Quraysh qabilasiga tijorat usullarini o‘rgatdi va ularni yilda ikki marta tijorat safariga chiqish yo‘llarini belgilab berdi. Yozda meva-sabzavotlar savdosi uchun Shomga, qishda esa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi uchun Yamanga safarlarini tashkil qildi.
Shunday qilib, Shom va Yamanning barakasi Makkaga olib kelindi va qurayshliklarning iqtisodiy holati yaxshilandi. Shu bilan birga, “i’tifar” odati ham yo‘q bo‘ldi. Biroq, vaqt o‘tishi bilan Quraysh qabilasi Allohning bu ne’matlariga shukr qilish o‘rniga, ularga odatlanib qoldi va ne’matni qadrlamay qo‘ydi. Ne’matga noshukurlik qilish – bu unga odatlanib, uni ne’mat deb bilmaslikdir.
Quraysh qabilasi Alloh tomonidan tushirilgan ne’matlarga odatlanib, uni qadrsizlantirgani uchun Alloh ularga bu surani tushirdi: "Mana shu Bayt (Ka’ba)ning Parvardigoriga (shukrona uchun) ibodat qilsinlar. Zero, U ularni ochlikdan (qutqarib) to‘ydirdi va xavfu xatardan omon qildi".
Homidjon domla ISHMATBЕKOV