Makka shahrida (Saudiya Arabistoni) qirg‘izistonlik uch nafar ziyoratchi vafot etdi. Bu haqdagi ma’lumotni Qirg‘iziston musulmonlari idorasi matbuot kotibi berdi.
Qirg‘izistonliklar qarindoshlarining roziligi bilan Makkada dafn etilgan. O‘lim sababi hozircha noma’lum. Diniy idora ma’lumotlariga ko‘ra, hayotdan ko‘z yumganlarning uch nafari ham 60 yoshdan oshgan.
Bundan oldin, Haj-2019 mavsumida xavfsizlik uchun 400 mingga yaqin harbiy jalb etilgani, hojilar soni esa rekord darajaga yetishi kutilayotgani xabar qilingandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
O‘zbekiston musulmonlari nomidan qardosh qirg‘izistonlik ziyoratchilarning oila a’zolariga hamdardlik bildiradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Abdulloh roziyallohu anhu aytadi: "Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirsam, u zot alayhissalom bemorlikdan qiynalayotgan ekanlar.
"Yo Allohning Rasuli, siz bemorlikdan qattiq qiynalmoqdasiz-ku?!" dedim.
"Albatta, men bemorlikdan sizlardan ikki kishining qiynalganicha qiynalaman", dedilar.
"Sizga ikki hissa ajr bo‘lishi uchun shundaymi?" dedim.
U zot alayhissalom: "Ha shunday. Qay bir musulmonga biror musibat yetsa, Alloh uning sababidan o‘sha bandaning yomonliklarini xuddi daraxt o‘z barglarini to‘kkanidek to‘kadi", dedilar".