Sir emaski, hayit kuni insonlar shodu xurram bo‘lib, bir-birlariga hadya, tabrik ulashadilar. Kattayu kichik ko‘ngliga xursandchilik kiritishga urinadilar. Ha, hayit kunlari shodlik kunlaridir. Lekin ko‘pchilik hayit kunini xursandchilikda, zikru toatda o‘tkazadi-da, keyingi kunlarni g‘aflatda o‘tkazib yuboradi. Qurbon hayiti va undan keyingi uch kun ibodat, zikr ko‘paytiriladigan, yeb-ichish kunlari hisoblanadi. Bu kunlar tashriq kunlari deb yuritiladi.
Savol: “Tashriq”, “Nahr” nima degani va u kunlar qaysi?
Javob: “Tashriq” so‘zi arabcha bo‘lib, “oftobda go‘shtni quritish” ma’nosini bildiradi. Qurbonlik qilingandan so‘ng go‘shtlar oftobda quritilgani uchun shunday atalgan. Ilgari o‘sha kunlari hojilar Minoda turib, qurbonliklari so‘yilganidan keyin go‘shtini quyoshga qo‘yib quritish bilan mashg‘ul bo‘lishgan. Payg‘ambarimiz alayhissalom tashriq kunlari ro‘za tutishdan qaytarganlar. Bu kunlar Zulhijjaning 11, 12, 13-kunlaridir. “Nahr” kunlari esa “qurbonlik qilish” kunlari bo‘lib, bu Zulhijjaning 10, 11, 12-kunlaridir. Qurbonikni shu kunlar davomida qilish mumkin.
Savol: Tashriq kunlarining fazilati haqida oyat va hadislar vorid bo‘lganmi?
Javob: Tashriq kunlarining fazilati haqida bir qancha oyat va hadislar vorid bo‘lgan.
Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
«Allohni sanoqli kunlarda eslang. Bas, kim ikki kundan keyin shoshilib, ketib qolsa, unga gunoh yo‘q. Kim kechikib qolsa, unga ham gunoh yo‘q. Bu – taqvo qiluvchilar uchun. Allohga taqvo qilinglar va bilinglarki, albatta siz Unga to‘planursiz» (Baqara surasi, 203-oyat).
Ushbu oyatdagi “sanoqli kunlar” tashriq kunlaridir. Alloh taolo «tashriq kunlari»da O‘zini ko‘p zikr qilishga amr qilgan.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam tashriq kunlarining fazilati haqida shunday deganlar: “Ushbu (tashriq) kunlarda ro‘za tutmanglar! Chunki bu kunlar yeb-ichish va Alloh azza va jallani zikr qilish kunlaridir”.Imom Ahmad rivoyat qilganlar.
Savol: Bu kunlarda qanday zikrlar qilinadi?
Javob: Bu kunlarda Alloh taoloni zikr qilish quyidagicha ko‘rinishlarda bo‘ladi:
Tashriq kunlarida farz namozdan keyin tashriq takbirini aytish vojibdir. Tashriq takbirining lafzlari quyidagilardir:
«Allohu akbar, Allohu akbar, laa ilaha illallohu vallohu akbar, Allohu akbar valillahil hamd».
Ushbu takbirlarni muqim, musofir, erkak, ayol, yolg‘iz namoz o‘quvchi, jamoat bilan namoz o‘quvchi, shaharlik, qishloqlik, xullas, hamma barobar aytadi. Erkaklar baland ovozda, ayollar esa past ovozda aytadi. Agar imom aytishni unutsa, qavm imomning esiga soladi. Tashriq kunlarida bu takbirlarni farz namoz ortidan aytish vojibdir. Agar shu kunlarda namozini qazo qilsa, keyin qazoni o‘qiyotganda tashriq takbirlarini ham aytadi.
Shuningdek, qurbonlik qilish asnosida Alloh taoloni zikr qilinadi. Qypbonlik qiblaga qapatilib: «Bicmillahi, vallohy akbap. Allohymma haza minka va laka» deb so‘yiladi. Qurbonlik kunlari o‘ninchi zul-hijjadan o‘n ikkinchi zul-hijjagacha, ya’ni uch kundir.
Shuningdek, Alloh azza va jallani taomlanish va ichimlik ichish paytida zikr qilinadi. Yuqoridagi hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning “Bu kunlar yeb-ichish... kunlaridir” deganlarini keltirdik. Demak, bu kunlarda ro‘za tutib bo‘lmaydi, hammaning og‘zi ochiq bo‘ladi, taomlanadi. Taomlanishning avvalida Bismillahir Rohmanir Rohiym deb, oxirida Alhamdulillah deb Allohni zikr qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Albatta, Alloh azza va jalla taom yeb, uning uchun U Zotga hamd aytgan, ichimlik ichib, uning uchun U Zotga hamd aytgan bandasidan rozi bo‘ladi”. Imom Muslim rivoyati.
Savol: Hojilarimiz bu kunlarda qanday amallar bajaradilar?
Javob: Tashriq kunlarida hojilarimiz Minoda shatonga tosh otayotganda takbir aytib, Allohni zikr qiladilar.
Umar roziyallohu anhu Minoda chodirda o‘tirganlarida baland ovozda takbir aytar, buni atrofdagi odamlar eshitib, ular ham baland ovozda takbir aytishar edi. Natijada Mino takbir sadolariga to‘lib ketardi.
Tashriq kunlarida hojilarimiz haj amallarini oxiriga yetkazadilar. Ular ana shu paytda Alloh taoloni ko‘p zikr qiladilar.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
“Ibodatlaringizni tugatganingizda Allohni otalaringizni eslagandek, balki undan ham kuchliroq zikr qiling. Odamlardan ba’zilari: «Robbimiz, bizga bu dunyoda bergin», – deydir va oxiratda unga nasiba yo‘qdir” (Baqara surasi, 200-oyat).
Hojilarimiz Zulhijjaning 10-kuni “Jamratul aqaba” (katta shayton)ga tosh otadilar. Shuningdek, soch oldirish, qurbonlik qilish va tavofi ziyoratni ushbu uch kun (Zulhijjaning 10, 11, 12-kunlari)ning oxirgi kunigacha kechiktirish mumkin. Agar oxirgi kun o‘tib ketsa, ushbu uch ishdan birortasi boqiy qolmaydi va jarimasi uchun qurbonlik qilish lozim bo‘ladi.
Minoda turgan hojining agar juda shoshilinch va uzrli sababi bo‘lmasa, Minoda uch kecha tunaydi, agar o‘ta zarur sababi bo‘lsa, ikki kecha – Zulhijjaning o‘n birinchi va o‘n ikkinchi kechalari tunaydi.
Agar o‘n ikkinchi kecha ham tunab, o‘n uchinchi kuni zavoldan keyin uchala jamra (tosh)ni otib, keyin ketsa, afzalroqdir. Alloh taolo aytadi: «Bas, kim ikki kundan keyin shoshilib, ketib qolsa, unga gunoh yo‘q. Kim kechikib qolsa, unga ham gunoh yo‘q. Bu – taqvo qiluvchilar uchun. Allohga taqvo qilinglar va bilinglarki, albatta siz Unga to‘planursiz» (Baqara surasi, 203-oyat).
Hojilar namozlarni jamlamasdan, har bir namozni o‘z vaqtida qasr qilib o‘qiydilar.
Tashriq kunlari har kuni zavoldan keyin hojilar uchchala jamarot (toshlari)ni otadilar. Chunki, Jobir roziyallohu anhu rivoyat qilishicha: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qurbonlik kuni choshgoh vaqtida tosh otdilar, qolgan kunlari esa, quyosh tikkadan og‘ganidan so‘ng otdilar» (Muslim (1299), Buxoriy (3/731) «Kitobul-haj»da ta’liq qilgan, Abu Dovud (1971), Termiziy (894), Nasoiy (3063), Ibn Moja (3053) rivoyatlari).
Shuningdek, bu kunlarda barcha insonlar takbirni ko‘p aytishlari hamda duoga haris bo‘lishlari ham mustahabdir.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning “Ushbu (tashriq) kunlarda ro‘za tutmanglar! Chunki bu kunlar yeb-ichish va Alloh azza va jallani zikr qilish kunlaridir” degan gaplarida hayit va undan keyingi uch kun davomida ro‘za tutmay, taomlanib, Allohni zikr qilish, Unga ko‘p duo va ibodat qilish uchun kuch to‘plashga ishora bordir.
Alloh taolo biz musulmonlarga bayram qilib bergan Qurbon hayiti va undan keyingi uch kun (Zulhijjaning 11, 12, 13-kunlari)ni shodlik va quvonch ila, ibodat, zikr va duo bilan o‘tkazishimizni nasib etsin!
Internet manbalari asosida
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.