Caudiya Arabistoni Podshohi taklifiga binoan haj ibodatlarini ado etayotgan bir guruh olimlarimiz Arafot vodiysida turli davlatlardan kelgan nufuzli ulamolar bilan birgalikda haj amallarini ado etishmoqda. Haj ibodatining eng muhim manosiklaridan biri Arafot maydonida bir muddat turishdir. Zilhijja oyining 9 kuni farishtalar misoli oppoq kiyimli hojilar Mino vodiysidan Arafot maydoniga ko‘chib o‘tishdi. Arafotda bir muddat turish hajning eng muhim farz amallaridan hisoblanadi. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Haj – arafadir”, deya marhamat qilganlar.
Ulamolarimiz Arafot maydonida Podshohning mehmonlariga ajratilgan chodirlarga joylashib, taniqli olimu fuzalolar bilan muloqotlarga kirishib, ilmiy-ma’rifiy suhbatlar qurishmoqda.
Ushbu jarayonlarda Saudiya Arabistoni Podshohligining markaziy telekanali muxbirlari o‘zbekistonlik ulamolardan mamlakatimizda olib borilayotgan o‘zgarishlar va yangiliklar haqida intervyular oldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi maslahatchi Abduhakim qori Matqulov intervyu berish chog‘ida muhtaram Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ayniqsa, diniy-ma’rifiy jabhadagi ahamiyati beqiyos ishlar, yangi barpo etilayotgan masjidlar, ilmiy majmualar, ochilayotgan diniy ta’lim muassasalari haqida alohida to‘xtaldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Kotibiyati mudiri Muhammad Ayubxon Homidov esa O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi buyuk allomalarimiz nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi tashkil etilgani yurtimizda Islom dini ilmini yanada ravnaq toptirishga xizmat qilayotganini so‘zlab berdi.
Arafotdagi ushbu o‘zbekistonlik ulamolar Qurbon hayiti munosabati bilan muhtaram Prezidentimizni va barcha yurtdoshlarimizni muborakbod etib, Alloh taolo butun xalqimizga ushbu qutlug‘ ayyomni fayzu barakotli qilishini, yurtimizdagi tinchlik, osoyishtalik ne’mati bardavom bo‘lishini va xalqimiz faravonligini yanada ziyoda etishini so‘rab duolar qilmoqdalar.
Muborak safar jarayonlarini saytimizda kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati