Haj pallasi Alloh taoloni zikr qilish avjiga chiqadigan mavsum. Buning avji esa Qurbon hayiti kunlari bo‘lib, qurbonlik so‘yish bilan yanada maromiga yetadi. Bugan har bir hoji nomidan Allohning yo‘lida chorva hayvonlari qurbonlik qilindi.
Hanafiy mazhabi bo‘yicha qurbonlik qilish vojib amaldir. Qurbonlik qilish hur, oqil, muqim va zakot nisobiga molik bo‘lgan musulmon shaxsga vojib bo‘ladi. Qurbonlik qilishning ulug‘ amal ekani haqida Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislarida bayon etilgan: “Qurbonlik kunlari Odam bolasi qiladigan amallar ichida qon oqizishdan (jonliq so‘yishdan) ko‘ra, Allohga mahbubroq amal yo‘qdir...” (Imom Termiziy rivoyati).
Yana bir hadisi sharifda bu dunyoda qurbonlik uchun so‘yilgan jonliqning qiyomat kuni Sirot ko‘prigidan o‘tar paytda hozir bo‘lib, sohibini o‘zining ustiga mindirishi va Sirotdan olib o‘tishi haqida aytilgan.
Qurbon hayiti boshqa bayramlardan shunisi bilan ajralib turadiki, mazkur ayyomda Alloh yo‘liga qurbonlik qilingan hayvonlar go‘shtlari uzoq-yaqindagi muhtojlar, yetim-yesirlarga va ehtiyojmand kishilarga tarqatish ila ularning ko‘ngillari shod etiladi.
Saudiya Arabistoni hukumati ham hojilarimizning qurbonlik go‘shtlarini uzoq mintaqalardagi og‘ir sharoitlarda kun kechirayotgan mo‘min-musulmonlarga yetkazish bilan ushbu savobli ishni yanada ziyoda aylaydi.
Barcha hojilarning qurbonliklarini Haq taolo qabul aylasin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Muhyiddin ibn Arabiy aytadilar: “Kimning qanday hojati bo‘lsa, shom namozining farz va sunnatini o‘qib bo‘lganidan keyin o‘rnidan turmasdan Fotiha surasini 40 marta o‘qisin. Shundan keyin, Allohdan hojatini so‘rasin, albatta so‘ragan narsasini beradi. Biz buni tajriba qilib ko‘rdik va foydasini topdik. Fotiha surasini o‘qib bo‘lganidan so‘ng ushbu duoni o‘qiydi: “Allohim! Sening ilmingni o‘zi Sendan so‘ramaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan O‘zing so‘rovimga kifoya qil. Sening karamingni o‘zi Senga so‘zlamaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan so‘zimga kifoya qil va qalbimdagi tilagimni hosil qil”.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV