O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu,
Muhtaram Prezident Janobi Oliylari,
Siz va Siz orqali barcha yurtdoshlarimizni Islom dinining eng ulug‘ bayrami — Qurbon hayiti munosabati bilan muborak haj ibodatini chin ixlos va katta mamnunlik ila ado etayotgan hojilarimiz nomidan samimiy muborakbod etamiz.
Alloh taolo butun xalqimizga ushbu qutlug‘ ayyomni fayzu barakotli qilsin, yurtimizdagi tinchlik, osoyishtalik ne’matini bardavom aylab, xalqimiz faravonligini yanada ziyoda etsin.
Biz, o‘zbekistonlik hojilar bugungi saodatli kunlar uchun shukronalar aytib, Yaratgandan yurtimizga qut-baraka, xalqimizga baxt-saodat, ertangi umidimiz bo‘lgan farzandlarimizga nurli kelajak so‘rab duolar qilmoqdamiz.
Har yili minglab fuqarolarimizning haj ibodatini yuksak saviyada, barcha qulay shart-sharoitlar yaratilgan holatda ado etayotganlari, hech shubhasiz, mamlakatimizda vijdon erkinligini kafolatlash, milliy-diniy qadriyatlarimizni qayta tiklash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning yorqin ifodasidir.
Sizning sa’y-harakatingiz bilan dunyo ilm-fani, madaniyati, xususan, muborak islom ta’limoti rivojiga bemisl hissa qo‘shgan aziz alloma-avliyolarimizga yuksak hurmat-ehtirom ko‘rsatil-moqda, ularning boy ilmiy merosi o‘rganilmoqda, qadamjolari xalqimiz ardog‘idagi tabarruk manzillarga aylantirilmoqda.
Yangidan barpo etilgan masjidlar, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazlari, Xalqaro islom akademiyasi va Hadis ilmi maktabi yurtimizda milliy-diniy qadriyatlarimizga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tiborning ifodasidir. Ushbu muazzam majmualar xalqimizga ilm-ma’rifat tarqatish, yoshlarimizni to‘g‘ri yo‘lga boshlashda yo‘lchi yulduz vazifasini bajarishiga ishonamiz.
Mazkur ma’rifat koshonalariga qadam qo‘ygan kishi ulug‘ allomalarimiz, boy tariximizdan ibrat olishi, ruhiy-ma’naviy olami boyib chiqishi shubhasiz.
Shu kunlarda imon nuri ziyodalashib, qalbi musaffo bo‘lgan yetti mingdan ortiq hojilarimiz Makkai mukarrama, Arafot va Mino vodiysida Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz ravnaqini so‘rab duoi xayrlar qilmoqdalar.
Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida Yaratganning roziligi yo‘lida, riyo va gunohlardan xoli bo‘lgan, husni xulq ila ado etilgan mabrur hajning mukofoti jannat ekani va gunohlardan pok bo‘lishi bayon qilingan.
Darhaqiqat, haj ulug‘ mukofotlarga noil qilishi bilan birga inson hayotida yaxshilik sari burilish yasaydigan ibodatdir. Shunday ekan biz — o‘zbekistonlik hojilar ishontirib aytamizki, Vatanimizga qaytgach, shaxsiy hayotda, ijtimoiy faoliyatda boshqalarga ibrat va namuna ko‘rsatib, ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash, oilalar mustahkamligini ta’minlash, hududlarni obod etish va ehtiyojmandlarga yordam qo‘lini cho‘zishdek savobli ishlarda bor kuch-g‘ayratimizni ayamaymiz.
Muhtaram Prezident Janoblari, biz hojilar Arafotda turib, Sizning rahnamoligingizda yurtimiz hamisha omon, elimiz doimo tinch, turmushimiz yanada farovon bo‘lishini Haq taboraka va taolodan iltijo qilib so‘ramoqdamiz.
Alloh taolodan Sizga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat tilaymiz, xalqimiz va aziz diyorimizni hamisha O‘z panohida asrashini so‘rab duolar qilib qolamiz. Jonajon O‘zbekistonimizda boshlangan ulkan islohotlarning yorug‘ yuz bilan amalga oshishida Alloh taolodan tavfiq va madad so‘rab qolamiz.
O‘zbekiston hojilari
Makka shahri, Arafot vodiysi,
2019 yil 10 avgust
Savol: Chatgpt (sun’iy intellekt) orqali diniy savollarimizga javob olsak bo‘ladimi, shu javoblarga amal qilsak bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, bu joiz emas. To‘g‘ri, Chatgpt platformasi ayrim sohalarda insonlarga foyda bermoqda. Ammo diniy savollarga to‘g‘ri javob berishga ojizlik qiladi. Chunki u ham inson omili tomonidan ishlab chiqilgan bir mahsulot. Qolaversa, ba’zan savollarga taxminiy javoblar, hatto bu masala falon kitobda bor deb, arabiy iboralar ham berishi mumkin. Lekin u keltirgan iboralar na u aytgan kitobda va na boshqa fiqhiy manbalarda uchramaydi. Shu bois shar’iy masalalarga ahli ilm, mutaxassislarga murojaat qilish orqali yechim topish darkor. Alloh taolo oyati karimada bunday marhamat qilgan:
فَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِنْ كُنْتُمْ لَا تَعْلَمُونَ
“Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahlidan so‘rangiz!” (Anbiyo surasi, 7-oyat).
Musulmon odam biror narsani bilmay qolsa, uni biladigan kishidan, o‘sha sohaning «zikr ahli»dan o‘rganishi lozim bo‘ladi. Shunday ekan, e’tiqod va dinu-diyonatga tegishli narsalarni ham shu sohaning bilimdonlaridan so‘rash talab etiladi. Buyuk tobeiy Ibn Sirin rahimahulloh bunday deganlar:
إن هذا العلم دين فانظروا عمن تأخذون دينكم. رواه مسلم
“Albatta, bu ilm dindir. Bas, diningizni kimdan olayotganingizga qaranglar” (Imom Muslim rivoyati).
Mazkur iboraning sharhida Mulla Ali Qori rahimahulloh bunday deganlar:
“Bu ilm” so‘zidan murod Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatga olib kelgan Qur’oni karim va hadisi sharifdan iborat bo‘lgan ta’limotdir. Uni ishonchli va adolatli zotlardan olmoqdamisiz yoki yo‘q, shunga nazar solinglar, ya’ni qayerdan, kimdan ilm olayotgangizni aniq bilinglar”. (“Mirqotul mafotih” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.