Tojikiston rasmiylari Qurbon hayiti bayramida aholi uylarida dasturxonlar tuzalishini tekshirish yuzasidan ogohlantirdi. Kim ayamasdan dasturxon yozgan bo‘lsa, 5 ming somoniy (500 dollardan ko‘proq) jarimaga tortiladi.
O‘zA xabariga ko‘ra, bugun Dushanbedagi oziq-ovqat bozorlariga yaqinlashib bo‘lmaydi, rasmiylarning hayitda “kamtar dasturxon” borasida reydlar o‘tkazish haqidagi ogohlantirishiga qaramay, mahsulotlar narxi oddiy kunlardagidan ko‘ra qimmatroq.
“Mehrgon” bozorida muhbirlar suhbatlashgan poytaxtlik Islomiddin Rajabov har yili hayitlarda oziq-ovqat mahsulotlari narxi qimmatlashib ketishiga o‘rganib qolganini aytadi.
“Hatto kamtarin dasturxon uchun Qurbon hayitida 300-400 somoniy sarflashga to‘g‘ri keladi. To‘kin dasturxon 1000 somoniy va undan kattaroqqa tushadi. O‘ylaymanki, sotuvchilarni nazorat qilish kerak – ular odamlarning bayram arafasida har qanday narxda mahsulot sotib olishidan foydalanib qoladi”, – deydi Islomiddin.
Ayni paytda, din, milliy qadriyatlar, tantanalar va urf-odatlarni tartibga solish qo‘mitasi matbuot kotibi Afshin Muqimning xabar berishicha, Qurbon hayiti bayrami kuni qo‘mita xodimlari mamlakatning ayrim hududlarida reydlar o‘tkazib, aholi uylarida dasturxon yozilishini tekshiradi. Kamtarona dasturxon yozish haqidagi ogohlantirishni rad etadiganlarga jarima solinadi.
Qo‘mita vakillari oddiy bayramona dasturxon yozishni, ekzotik mevalar o‘rniga mahalliylarini qo‘yish, dasturxonni uy bekalari pishirgan shirinliklar bilan bezashni tavsiya etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 8 yanvar kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati, haj-umra, oilaviy masalalar va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Masjid va imomlar faoliyatiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati