O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 8 iyundagi 115-sonli “Usmon Mus'hafini talab darajasida saqlashni ta’minlash to‘g‘risida”gi Qaroriga va 2019 yil 25 iyundagi 01-07/44-7-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi majlisi”ning Bayonnomasida ko‘rsatilgan 1-2-bandlarining ijrosi yuzasidan “Usmon Mus'hafi” saqlanayotgan carkofagning havoni tozalab, namlikni bir me’yorda ta’minlab turuvchi uskunasining xizmat qilish muddati tugagani tufayli 2019 yilning 5-6 avgust kunlari ushbu uskuna yangisiga almashtirildi.
Almashtirish jarayonida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari shayx Abdulaziz Mansur hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘limi bosh mutaxassisi Tolibov Ma’mur, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti biologiya fanlari nomzodi Maxsumxonov Ahmadjon, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xalqaro aloqalar bo‘limi yetakchi mutaxassisi Masaitov Saidjamol, Germaniya Federativ Respublikasidan kelgan mutaxassis Mayer Sebastian (Maier Sebastian), O‘zbekiston musulmonlari idorasi Kutubxona mudiri Mahkamov Kamoliddin va yetakchi mutaxassisi Ikramov Saidrahmatlar ishtirok etdilar.
Shayx Abdulaziz Mansur hazratlari “Mo‘yi Muborak” muzeyida saqlanayotgan “Usmon Mus'hafi” va uning vatanimiz tarixi va kelajagida tutgan muhim ahamiyati haqida gapirib o‘tdilar.
“Usmon Mus'hafi” saqlanayotgan carkofagga o‘rnatish uchun olingan RK-2/5 rusumli uskunani O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Germaniyaning GLASBAU HAHN firmasi o‘rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq, germaniyalik mutaxassis Mayer Sebastian o‘zi bilan olib kelib, joriy yilning 5 avgust kuni yuqorida nomlari zikr qilinganlar ishtirokida o‘rnatdi.
Mutaxassis Mayer Sebastian 6 avgust kuni yangi o‘rnatilgan RK-2/5 rusumli uskunani ishlash jarayonini nazorat qildi. Uskuna talab darajasida ishlayotganiga amin bo‘lganidan so‘ng, Mus'hafning saqlanishida mas’ul bo‘lgan kishilarga uskuna ishlash jarayonidagi talablarni tushuntirib, ularga uskunani ishlatish yo‘riqnomasini topshirdi.
Germaniyalik mutaxassis GLASBAU HAHN firmasi talabiga muvofiq sarkofagning xizmat qilish muddati tugagan eski RK-2 rusumli uskunasini o‘zi bilan olib ketdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Fiqh ijtihod va fikrlar majmuasi bo‘lib, bu fikrlar nafsu havoga berilishdan kelib chiqmagan, balki Qur’on va Sunnatni anglashdan kelib chiqqan, Qur’on va Sunnatdan olingandir. Alloh azza va jalla bizga shu yo‘lni buyurgan. Agar Alloh fiqhga tegishli har bir masalaning hukmini bayon qilishni iroda qilganida, hozir millionlab oyatlar, millionlab hadislar turgan bo‘lardi. Lekin hammasi bo‘lib, olti mingdan sal ortiq oyat nozil bo‘lgan, muayyan adaddagi hadislar vorid bo‘lgan. Har bir masalaga oyat-hadis kelsa, shuncha oyatni, shuncha hadisni kim yod olardi? Nabiy sollallohu alayhi vasallamning o‘z zamonlarida avtomobillar haqida gapirishlarini tasavvur qiling! Unda u zotning so‘zlarini hech kim tasdiqlamagan bo‘lardi-ku!
Ijtihod qilish noto‘g‘ri desangiz, sahobalar ham ijtihod qilishgan. Keyin o‘sha o‘z ijtihodi bilan chiqargan hukmga amal qilishni odamlarga buyurishgan. Odamlar ularga taqlid qilishgan, ergashishgan. Mana shu yo‘sinda ularning yo‘llaridan yurib kelishgan.
Tahallul tarafdorlari orasida «Fiqh dinning bir qismi emas», «Mazhab egalarining aytganiga amal qilish shart emas», degan gaplar tarqalgan.
Tashaddud ahli ham mana shunga chaqiryapti. Ularning asl maqsadi fiqhiy mazhablarni yo‘q qilib, dinsizlikka yetaklash edi. Masalan, men dinni mahkam ushlasam-u, lekin na hanafiy, na shofe’iy, na molikiy va na hanbaliy mazhabini tutmasam, unda dindan nimani ushlayman? Menda fiqh degan narsa qolmaydi-ku! Fiqhni mana shu mazhablar tashkil qiladi-ku! Alloh bizga «Zikr ahlidan so‘rang» deb buyurib, ergashishimizga rozi bo‘lgan ilmlarni mujtahidlarning ijtihod va fikrlari tashkil qilmasa, nima tashkil qiladi?!
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan