Arafa shunday ulug‘ kunki, uning hurmatidan Alloh taolo nainki Arafotdagilarni, balki u yerlarga yetisha olmagan barcha mo‘minlarning iltijolarini qabul qiladi.
Haj ibodatining eng muhim manosiklaridan biri Arafot maydonida bir muddat turishdir. Zilhijja oyining 9 kuni farishtalar misoli oppoq kiyimli hojilar Mino vodiysidan Arafot maydoniga ko‘chib o‘tishdi. Arafotda bir muddat turish hajning eng muhim farz amallaridan hisoblanadi. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Haj – arafadir”, deya marhamat qilganlar.
Arafot sahrosi Makka shimolida joylashgan Jabalur-rahma tog‘i etagidagi tekstlikdir. Makka shahri bilan Arafot sahrosi o‘rtasidagi masofa 25 kilometrni tashkil etadi.
Arafot shunday makonki, uning sharofatidan Alloh taolo o‘sha yerda umidli qo‘llarini samoga ko‘tarib, zor yig‘lab turganlarning tilaklarini bermaslikka, qo‘llarini bo‘sh qaytarishga hayo qiladi.
Shunday ekan hamma hojilar Arafot tog‘iga borib, Alloh taolodan gunohlarining kechirishini so‘rab yolvordilar. Yurtdoshlarimiz o‘zlari, ahli oilalari, yoru do‘stlari va barcha mo‘min-musulmonlarning haqlariga duolar qilib, Ulug‘ Mavloga iltijo qilmoqdalar. Yurtimizning tinch, xalqimizning farovonligi bundan ham ziyoda bo‘lishini, ularni mana shunday muqaddas zaminda ibodatga qoim bo‘lib, duoga qo‘l ochib turishlariga hissa qo‘shgan, xizmatlarida kamarbasta bo‘lib turgan barcha mutasaddilarning ham qalblaridagi ezgu niyatlari ro‘yobga chiqishini so‘radilar...
Ularning dillarida shunday ulug‘ ibodatga musharraf bo‘lganlari uchun cheksiz quvonch, tillarida shukr, yuzlarida esa ma’naviy poklanish baxsh etgan ajib nur porlamoqda...
Hojilarimiz kun botgunga qadar Arafot maydonida toat-ibodat va duoyu iltijolar bilan band bo‘ladilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Shu yil 8 may kuni Buxoro shahridagi Mir Arab oliy madrasasida vakillik tasarrufidagi masjid imom-xatiblari o‘rtasida “Moturidiy ta’limoti bilimdoni” nomli intellektual bellashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Buxoro viloyatidagi vakili, Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir domla Elov kirish so‘zi bilan ochib, bellashuvning ma’naviy, ilmiy va tarbiyaviy ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Viloyat bosh imom-xatibining o‘rinbosari Otabek domla Avezovga esa tanlov tartib-qoidalarini tushuntirdi.
Bellashuv quyidagi to‘rt shart asosida o‘tkazildi:
1. Taqdimot sharti
2. Moturidiy ta’limoti bo‘yicha savol-javob;
3. Diniy-ma’rifiy sohadagi davlat siyosatiga oid savol-javob;
Tanlov ishtirokchilari moturidiylik ta’limotining asosiy qoidalari, aqidaviy yechimlari va mantiqiy-ilmiy asoslari yuzasidan o‘z bilimlarini namoyon etdi.
Bellashuv yakunlariga ko‘ra quyidagi jamoalar g‘olib deb topildi:
• 1-o‘rin: Moturidiy me’rosxo‘rlari;
• 2-o‘rin: E’tiqod durdonalari;
• 3-o‘rin: Aqida imomlari.
Mazkur tanlov Imom Abu Mansur Moturidiyning ilmiy merosini chuqur o‘rganish, uni keng targ‘ib qilish va bu orqali sof e’tiqod, ilm va ma’rifat asoslarini jamiyatda mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati