Ko‘p asrlik milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, dunyo ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ajdodlarimizning bebaho merosini o‘rganish, uning asosida yoshlarni komil inson etib tarbiyalash jamiyatda barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhitni ta’minlashning muhim shartlaridan biri hisoblanadi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Islom akademiyasi, Mir Arab oliy madrasasi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari boy ilmiy-tarixiy merosimizni o‘rganish va targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.
Yurt obodligi, xalqning yuksak madaniyati belgilaridan biri ilm-ma’rifat va ibodat maskanlarining obodligidir. Masjidlarning ko‘rkamligi xalqning ma’naviyati va estetik didini ham ko‘rsatib turadi. Yurtimizdagi masjidlarning bugungi chiroyi zamirida juda katta ma’nolar bor.
Ana shu chiroyga yana bir chiroy qo‘shildi. Namangan shahrida “Muhammad al-Amin” jome masjidi xalqimiz xizmatiga topshirilishi haqidagi xabar dillarni sururga to‘ldirdi.
Bugun – 9 avgust kuni “Muhammad al-Amin” jome masjidiga erta tongdan keksa otaxonlarning muborak tashriflari bilan kun boshlandi. Chunki, ayni Qurbon hayiti arafasida masjidning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Namangan viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi A.Tursunov, viloyat hokimining o‘rinbosari J.Aloydinov, viloyat hokimligining jamoat va diniy tashkilotlari bilan aloqalar kotibiyati mudiri M.Ubaydullayev, Namangan shahar hokimi Sh.Abdurazaqov, Namangan shahar hokimining o‘rinbosari A.Iminov, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari R.Egamberdiyev, shahar-tumanlardan tashrif buyurgan keksalar, Namangan shahri masjidlarining imom-xatiblari va mahalla ahli ishtirok etdilar.
Tadbir Qur’oni karim tilovati bilan boshlandi. So‘zga chiqqanlar bu ulug‘ ne’mat uchun Yaratganga shukronalar aytib, muhtaram Yurtboshimizga o‘z minnatdorchiliklarini bildirlar.
Ushbu yangi ochilgan jomeni Alloh taolo mahalla ahliga muborak qilsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasining
Namangan viloyat vakilligi
Matbuot xizmati
Bugun – chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov Diniy idoraga turli masalalarda kelgan fuqarolarni qabul qildi. Ularning masjidlar faoliyati, sohani rivojlantirish, moddiy yordam kabi masalalarida qilgan murojaatlari tinglandi.
Fuqarolar tomonidan bildirilgan taklif va so‘rovlar atroflicha o‘rganilib, Diniy idora vakolati doirasida tegishlilari bo‘yicha mas’ullarga tez fursatlarda hal etish yuzasidan topshiriqlar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati