Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Dekabr, 2024   |   25 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:48
Peshin
12:29
Asr
15:19
Shom
17:03
Xufton
18:23
Bismillah
26 Dekabr, 2024, 25 Jumadul soni, 1446

Muhammad Mutavalliy Sha’roviyning hikmatlari

8.08.2019   3271   7 min.
Muhammad Mutavalliy Sha’roviyning hikmatlari

Alloh taolo Qur’onda shunday deb marhamat qilgan: “So‘ngra uzoq (vaqt) qolmay (hudhud kelib) dedi: “Men sen ogoh bo‘lmagan narsalardan ogoh bo‘ldim...” (Naml surasi, 22-oyat).

Hudhudning Payg‘ambarga aytgan gapiga qarang. Sulaymon alayhissalomdan kichikroq bo‘lgan maxluq Hudhud Sulaymon alayhissalomga “Men sen bilmagan narsani bildim” deyapti. Bu so‘z bizga o‘zimizdan kichiklar bilan go‘zal odob ila muomala qilishimizni o‘rgatish uchun aytilmoqda. U Zot bizdan kichik bo‘lganlarga bizga o‘rgatmagan narsani o‘rgatadi.

Qarg‘a bizga vafot etganlarimizni qanday dafn etishni o‘rgatmadimi? Alloh taolo Qur’onda shunday deb marhamat qilgan: “Shundan so‘ng, Alloh unga birodari murdasini qanday ko‘mishni ko‘rsatish uchun yerni kavlovchi bir qarg‘ani yubordi” (Moida surasi, 31-oyat).

 

*****

 

Alloh taolo Qur’oni Karimda:

وَاذْكُرْ فِي الْكِتَابِ إِسْمَاعِيلَ إِنَّهُ كَانَ صَادِقَ الْوَعْدِ وَكَانَ رَسُولًا نَبِيًّا وَكَانَ يَأْمُرُ أَهْلَهُ بِالصَّلَاةِ وَالزَّكَاةِ وَكَانَ عِنْدَ رَبِّهِ مَرْضِيًّا

«Va kitobda Ismoilni esla. Albatta, u va’dasiga sodiq hamda Rasul va Nabiy bo‘lgan edi. U ahlini namozga va zakotga buyurar edi va Robbi huzurida rozi bo‘lingan edi» degan. (Maryam surasi, 54-55-oyatlar)

Kim nubuvvat xislatlaridan bir xislatni olishni (xislatga ega bo‘lishni) istasa, ahlini namozga buyursin.

 

*****

 

Qur’on qaysi qori tomonidan o‘qilayotgan bo‘lsa ham, uni tinglayotgan musulmon kishi «Men gapirayotgan Allohni eshityapman» deb tasavvur qilishi va o‘qiyotgan qorini unutishi kerak.

 

*****

 

Odamlarning tadbirlaridan bezovta bo‘lma! Ular nari borsa Allohning sen haqingdagi irodasini amalga oshiradilar, xolos.

 

*****

 

Hayotdagi eng katta musibat o‘lim emas. Chunki, o‘lim hayot qonuni. Lekin eng katta musibat — o‘zing tirik bo‘la turib, qalbingda Allohdan bo‘lgan qo‘rquvning o‘lishidir.

 

*****

 

Ummiylik (savodsizlik, o‘qish-yozishni o‘rganmaganlik) Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uchun ayb deb gumon qilishdan ehtiyot bo‘l. Savodsizlik boshqalar uchun ayb bo‘lsa-da, u zot alayhissalom uchun bu sharafdir. Chunki, ummiy so‘zining ma’nosi “Onasidan tug‘ilgan kunidagidek sof fitratda bo‘lib, biror kishidan ilm o‘rganmagan” deganidir. Shunday! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xalqdan ilm o‘rganmadilar. U zot alayhissalom Xoliqdan ta’lim oldilar. Natijada, u zot alayhissalomning ilmlarining martabasi xalqlarning ilmining martabasidan ustun bo‘ldi.

 

*****

 

Agar musulmonlar orasida bitta faqirni ko‘rsang, bilginki, o‘sha yerda uning haqqini o‘g‘irlagan bitta boy bor.

 

*****

 

Qilgan har bir ishingga nadomat qilmaslikni xohlasang, barcha ishni Alloh uchun qil!

 

*****

 

Agar Alloh sendan ketishini kutmagan narsangni olib qo‘ysa, tezda senga kelishini kutmagan narsangni beradi.

 

*****

 

Shunday kun keladiki, yuzingda birgina tabassum paydo bo‘lishi uchun o‘zini fido qiladigan, o‘zini baxshida qiladigan insonni topasan. Shunday ekan, qalbing eshiklarini qulflab olma! Chunki, qalbing eshiklarini chertuvchilarning hammasi ham uni jarohatlashni niyat qilmavermaydi!

 

*****

 

Ey insonlar! Qattiq og‘riq paydo bo‘lganda tabibning oldiga boriladi. Lekin johillikdan ko‘ra qattiqroq og‘riq, gunohlardan ko‘ra jirkanchroq kasallik, o‘limdan ko‘ra xavfliroq xavf yo‘q.

 

*****

 

Agar berganingdan ko‘ra olganingda ko‘proq hursand bo‘lsang, demak, sen dunyo ahlidan ekansan.

Agar olganingdan ko‘ra berganingda ko‘proq hursand bo‘lsang, demak, sen oxirat ahlidan ekansan.

 

*****

 

O‘lim o‘z haqiqatida yaxshilikdir. Agar o‘layotganlar yaxshi insonlar bo‘lishsa, Allohning huzuridagi mukofot ularga tezlashtiriladi. Agar o‘layotganlar yomon kimsalar bo‘lishsa, Alloh taolo yurtlar va bandalarini ulardan qutqaradi.

 

*****

 

Sahobalardan biri shunday degan: “Agar biz masjidga kirsak, dunyo ishini poyabzallarimiz bilan birga tashqarida qoldirardik”.

 

*****

 

Fursatni qo‘ldan bermaylik!

Farzandingizga boshqa birov Fotiha surasini sizdan oldin yodlatib qo‘yishiga imkon bermang. Axir u umr bo‘yi ushbu surani tilovat qilib namoz o‘qiydi.

(N.H. Ya’ni bir umr o‘qiladigan surani boshqa kishi yodlatib, bir umrlik savobdan quruq qolmang!)

 

*****

 

HAQNI AYTA OLMASANG, U HOLDA BOTILGA QARSAK CHALMA!

 

*****

 

Allohga, sizga biror narsa berishi uchun ibodat qilmang, balki, Allohga, sizdan rozi bo‘lishi uchun ibodat qiling. Agar rozi bo‘lsa, ne’matlari bilan sizni hayron qoldiradi.

 

*****

 

Ba’zi odamlar “Muso alayhissalomning davridagi Fir’avn kim edi?”, “Zulqarnayn kim edi?” kabi savollar bilan o‘zlarini mashg‘ul qiladilar. Biz ularga aytamiz: “Sizlar hech narsaning tagiga yeta olmaysizlar. Chunki, qissani hikoya qilishdan maqsad muayyan shaxs emas, balki qissadan olinadigan hikmat, ibrat ekanini bilishimiz uchun Alloh subhanahu va ta’olo bizga shaxslarni bayon qilmay, qissaning o‘zini hikoya qildi”.

 

*****

 

Albatta, din gapiriladigan so‘z va amal qilinadigan sulukdir. Agar so‘z sulukdan ajratilsa, da’vat zoye bo‘ladi.

 

*****

 

«Agar haq bilan haq o‘rtasidagi kurashni ko‘rsang, bunday kurashning topilishi aslo mumkin emas. Chunki, haq bittadir! Haq bilan botil o‘rtasidagi kurash uzoqqa cho‘zilmaydi! Chunki, botil doim yo‘q bo‘luvchi, yengiluvchidir».

 

*****

 

Ey Alloh! Meni uch narsadan uzoqlashtirma:

  1. Namozimdan.
  2. Ota-onamning roziligidan.
  3. Yaxshi ko‘rganimdan.

 

*****

 

Asarda shunday kelgan: “Haqiqiy olim uni yaratgan Zotni taniydigan va nima uchun yaratganini biladigan kishidir”.

 

*****

 

Rizq foydalaniladigan narsadir, qo‘lga kiritiladigan narsa emas. Gohida sen ko‘p molni qo‘lga kiritishing mumkin, lekin undan infoq qilmaysan, undan foydalanmaysan. Shuning uchun u sening rizqing hisoblanmaydi. U mol boshqalarning rizqidir. Sen uning qo‘riqchisi bo‘lasan, xolos. To uni sohiblariga (merosxo‘rlarga) yetkazguningcha undan bir chaqa ham infoq qilmaysan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Odam bolasi “Molim, molim” deydi. Ey Odam bolasi! Senga molingdan faqatgina yeb, tugatganing, kiyib, eskitganing yoki sadaqa qilib, sarf qilganing as qotadi” deganlar.

 

*****

 

Agar senga nisbatan hasad qiluvchilar bo‘lmasa, bilgingki, sen muvaffaqiyatsiz inson ekansan!

(N.H. Ya’ni insonlar faqat muvaffaqiyatli, ishi yurishib turgan kishilargagina hasad qilishadi. Hech kim omadsiz, ishi yurishmagan, muvaffaqiyatsizlikka uchragan kishiga hasad qilmaydi. Agar kimdir senga hasad qilayotgan bo‘lsa, demak, sening muvaffaqiyatingga hasad qilayotgan bo‘ladi.)

 

To‘plab, tarjima qiluvchi Nozimjon Hoshimjon

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Otangizning ismi Rasululloh ﷺga ko‘rsatilishini istaysizmi?

26.12.2024   1259   1 min.
Otangizning ismi Rasululloh ﷺga ko‘rsatilishini istaysizmi?

Videolavhalar