Bugun, 8 avgust kuni, yurtimiz hojilari belgilangan tartibda, muborak haj ibodatini ado etish uchun Mino vodiysiga chiqib ketadilar. Shu munosabat bilan, 7 avgust kuni «Haj-2019» mavsumi ishchi guruhi Makka shahridagi «Abrojul hidoya» mehmonxonasida guruh rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda Mino, Arafot, Muzdalifada amalga oshiriladigan tashkiliy ishlar, bajariladigan amallar tartibi bo‘yicha kelishib olindi.
Eslatib o‘tamiz, bugun yurtimiz hojilari tamattu hajini niyat qilib ehrom bog‘lab, «Labbayka»ni aytib Mino sari yo‘l olishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Kotibiyat mas’ul xodimi Muhammadamin qori Xoliqovning padari buzrukvori vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Muhammadamin qori Xoliqovga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi