7 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Makka shahridagi o‘zbekistonlik ziyoratchilar joylashgan mehmonxonada tashkil etilgan tibbiyot markazi faoliyati bilan yaqindan tanishib, muolaja olayotgan ziyoratchilar holidan xabar oldilar.
Ma’lumki, yurtimizdan borgan 35 nafar malakali shifokor ziyoratchilarga tunu kun xizmat ko‘rsatmoqda. Tibbiyot markazida 40 o‘ringa mo‘ljallangan yotoqlar hozirlangan, mazkur markazga 140 million so‘mlik dori-darmon mahsulotlari yetkazib berilib, tibbiy vositalar bilan jihozlangan. Tibbiyot markazining 20 o‘rni ayollar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ularga 10 nafar ayol shifokor xizmat ko‘rsatmoqda.
Muftiy hazratlari shifokorlar bilan suhbatda, ziyoratchilar salomatligiga juda katta e’tibor qaratish zarurligi, eng tezkor uslubda muolaja qilish choralarini ko‘rish lozimligi va dori-darmon vositalarini to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha muhim tavsiyalarni berdilar. Chunki, ziyoratchilarning sog‘lom va o‘zlarini bardam his etishlari ularning ibodatlari to‘la-to‘kis ado etishlariga asosiy omil ekanini muftiy hazratlari alohida ta’kidladilar.
Muolaja olayotgan ziyoratchilar bilan suhbatlashganda, o‘zbekistonliklar uchun yaratilgan shart-sharoitlar havas qiladigan darajada ekani, bevosita mehmonxonaning o‘zida tibbiyot xizmati tashkil etilgani juda ham katta qulaylik bo‘layotgani, tibbiy yordamga ehtiyoj sezganda, ortiqcha mashaqqat chekishga hojat yo‘qligi, shifokorlar ham o‘z ishini ustasi va shirinso‘zligini alohida ta’kidlashdi.
Chindan ham, hali biror bir mamlakat ziyoratchilar uchun mehmonxonaning o‘zida bu darajada tibbiy xizmat yo‘lga qo‘ymagan. Endigina MDH davlatlarining ayrimlarida shifokorlar muborak safarga jalb etilayotgan ekan.
O‘z navbatida aytish kerakki, shifokorlar guruhi tomonidan ziyoratchilar bilan suhbatlar o‘tkazilib, bu yilgi haj mavsumi yilning nisbatan issiq paytiga to‘g‘ri kelgani, bunday kezlarda oftob urishidan saqlanish, ko‘proq suyuqlik ichish, soyabon tutib yurish zarurligi haqida tushunchalar berilyapti.
Ziyoratchilarimiz salomatligini asrashda tibbiyot xodimlarining o‘rni nihoyatda muhimligini e’tirof etgan holda, bunday tajribali hamda o‘z vazifasiga mas’uliyatli soha fidoyilarining xizmati katta ekanini alohida e’tirof etamiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O'zbekiston Mahallalar uyushmasi tomonidan tayyorlangan yuqoridagi rolikda "Mahalla yettiligi" tarkibining vazifalari haqida ma'lumot berilgan.
"Yettilik" quyidagilardan tarkib topgan: mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, soliq xodimi hamda ijtimoiy xodim.