O‘zbekistonda Qurbon Hayiti 11 avgust, yakshanba kuni nishonlanadi. «Toshshahartransxizmat» kompaniyasidan ma’lum qilishlaricha, «bayramni ko‘tarinki ruxda o‘tkazish, xalqimizga munosib sharoit yaratish maqsadida mutasaddi tashkilotlar tomonidan qator chora-tadbirlar belgilangan».
Qayd etilishicha, kompaniya tomonidan Hayit kunlari poytaxt ahliga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida avtobuslar 4:30 dan yo‘nalishlarga chiqariladi.
Jom’e masjidlari atrofida «Toshshahartransxizmat» mutasaddi xodimlarining 5:00 dan 8:00 gacha navbatchiligi tashkil etiladi. Jom’e masjidlari oldidan o‘tuvchi yo‘llarda harakat vaqtincha cheklangan taqdirda avtobuslarni mazkur hududga yaqin, yo‘lovchilar uchun qulay bo‘lgan yo‘llardan o‘tkazish choralari ko‘riladi.
Eslatib o‘tamiz, Hayit namozi soat 5:45 da o‘qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati