Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Yanvar, 2025   |   1 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:14
Quyosh
07:35
Peshin
12:41
Asr
15:56
Shom
17:41
Xufton
18:57
Bismillah
31 Yanvar, 2025, 1 Sha`bon, 1446

Aytilgan gap – otilgan o‘q, yoxud islom shiorlari haqida noto‘g‘ri ma’lumot tarqatayotganlarga munosabat

7.08.2019   4563   7 min.
Aytilgan gap – otilgan o‘q, yoxud islom shiorlari haqida noto‘g‘ri ma’lumot tarqatayotganlarga munosabat

Inson bu dunyoda jismonan sog‘lom bo‘lib yashashi uchun suv va havoga qanchalik muhtoj bo‘lsa, ma’nan milliy qadriyatlarga, ma’rifatga shunchalik ehtiyoj sezadi. Bu qadriyatlarning, ma’rifatning ildizi Islom ta’limoti bilan sug‘orilgan bo‘lsa, ikki karra saodatdir! Aksincha bo‘lsa, qashshoqlikdan boshqa narsa emas.

So‘nggi paytlarda internet saytlarida, ijtimoiy tarmoqlarda, bosma nashrlarda tarqatilayotgan xabarlar, maqolalarni o‘qib, kishining hayrati oshadi. “O‘rgimchak to‘ri” shunchalar rivojlandiki, fikringiz bo‘g‘zingizdan tovush bo‘lib chiqar-chiqmas, butun dunyoga tarqalib ketyapti. Bu – yaxshi, albatta: maqolani ko‘rasiz, kuzatasiz, o‘qiysiz, uqasiz va xulosa chiqarasiz.

 

Ammo... maqola asossiz, milliy va diniy qadriyatlarimizga putur yetkazadigan bo‘lsa-chi...
 
Yaqinda gazetalardan birida chop etilgan tanqidiy maqolani o‘qib, ochig‘i, hafsalam pir bo‘ldi. Chunonchi, bugun mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida ommaviy axborot vositalari erkinligi ta’minlanib, xalqning chinakam minbariga aylantirilayotgan bir paytda, asossiz “shov-shuvlar” ketidan quvib, o‘quvchilarni chalg‘itish, muqaddas dinimizning sofligiga putur yetkazishni kasb qilib olayotganlar haliyam borligi kishini o‘yga toldiradi. Muxbirning-ku aqli yetmagandir, deyish mumkin. Bosh muharrir qayoqqa qarayapti?!
 
Ming afsuski, so‘nggi vaqtlarda ayrim noxushliklarni Islom shiorlari bilan bog‘lab yoritish – “masjid bunday bo‘ldi”, “imom unday bo‘ldi” deyish holatlari uchrayotgani kishini tashvishga soladi. Bulardan maqsad nima? Shunday nobakor yo‘l orqali, ya’ni diniy qadriyatlar sha’niga putur yetkazish evaziga arzonfurush maqola bilan ommaning e’tiborini jalb qilishdan kimga, nima naf?..
 
Xo‘sh, aslida tanqid qanday bo‘lishi kerak?
 
Keling, ma’rifatparvar bobolarimizning yozganlariga quloq tutaylik. Mahmudxo‘ja Behbudiy: “Majalla (oynoma) va jaridalar(ro‘znoma)ning katta bir xosiyati tanqid, ya’ni saralamoqdur. Sarroflar aqchani, tujjorlar mato’ni saralaganidek, muharrirlar ham umumiy hol va maishatg‘a taalluq nimarsalarni saralaydurki, boshqa so‘z ila “tanqid” atalur”, (“Oyna” jurnali, 1914 yil 32-son) degan.
 
Tanqid o‘rinli, asosli, jamiyatda urchigan illatlarga murosasiz bo‘lish, inson manfaatlarini ta’minlash, muqaddas dinimiz sofligini asrash niyatida yozilgan bo‘lsa, xalqning tahsiniga sazovor bo‘lishi tayin. Biroq milliy qadriyatlarimizga tosh otish, muqaddas dinimiz shiorlarini obro‘sizlantirishga bo‘lgan har qanday urinish oqibati halokatlidir.
 
Ko‘nglidan o‘tgan fikrni aql tarozisiga solmay, mulohaza qilib pishitmay, dinimiz mezonlariga rioya qilmay, tayyor xomashyo sifatida soxta obro‘ orttirish ilinjida maqolaga kiritib yuborish tanqid emas. Axborot tezligi asrida aytilgan gap – otilgan o‘q. Borib tekkan, o‘rnashgan joyini kuydirib yuborganidan so‘nggina hushimizga kelamiz.
 
...Ayrim maqolalarda keltirilgan faktlar masjiddan ancha olisda sodir bo‘lgan esa-da, sarlavhaga “masjid” so‘zi olib chiqilgan. Xalqimiz “Allohning uyi” deya mehr ila ulug‘lab, e’zozlaydigan, azizu muqaddas va tabarruk joyni inson aytishga ham uyaladigan so‘zlar bilan yonma-yon ishlatishga hech kimning haqqi yuq! 
 
Qanday vazifada ishlashi yoki ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, Islom shiorlarini yomonotliq qilishga urinish – xalq mutlaqo kechirmaydigan qing‘irlik. Ayrim kishilar matbuot sohasidagi erkinlikni suiiste’mol qilib, hurmat-ehtirom kabi insoniy tuyg‘ular, sharqona odob-ahloq, milliy-diniy an’analar, o‘lmas qadriyatlar va umumbashariy qonun-qoidalar kabi oliy mezonlarga rioya qilmayotganini kuzatib turibmiz.
 
Alloh taolo Qur’oni karimda: “U (inson) biron so‘zni talaffuz qilmas, magar(talaffuz qilsa) uning oldida hoziru nozir bo‘lgan bir kuzatuvchi (farishta u so‘zni yozib olur)” (Qof surasi, 18-oyat), deb bayon qilgan.
 
Boshqa bir oyati karimada esa: “Ey mo‘minlar! Agar sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga aziyat yetkazib qo‘yib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon bo‘lmasligingiz uchun(u xabarni) aniqlab (tekshirib) ko‘ringiz!” (Hujurot surasi, 6-oyat), deb marhamat qilinadi.
 
Ushbu oyati karimalardan jurnalistning aytganlari va yozganlarini kuzatuvchi farishtalar borligi, vaqt-soati yetib “daftar ko‘tarilganda”, bugun yozganlari ertaga o‘zlarining foyda yoki zarariga hujjat bo‘lishi, qalam ahli eshitgan narsasini tekshirib ko‘rmasdan qog‘ozga tushirmasligi ayon bo‘ladi. Har qanday noxush va bema’ni materiallarni odamlarni hayratga solish maqsadida qasddan Islom shiorlariga bog‘lab yozishdan saqlanish kerak.
 
Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi va sallam ham muborak hadisi shariflarida: “Eshitgan narsasini gapiraverishi kishininig gunohkor bo‘lishiga kifoya” (Imom Muslim rivoyati), deyilgan. Demak, eshitgan narsani yozaverish, bilib-bilmay dinimizni malomat qilaverish ham katta va og‘ir jinoyat ekani oydinlashadi.
 
Hammani lol qoldiradigan yo keng ommani jalb etadigan material yozaman deya, arzon shuhratga uchib, Islom shiorlariga zarar yetkazish – jurnalistika etikasiga ham, millatimiz axloqiga ham, muborak dinimiz ta’limotiga ham mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi!
 
Har bir so‘zimizni yozishga chog‘lanar ekanmiz, ongimizda Yaratgan Parvardigorimiz – Alloh taolo va Uning Rasulining bizni ogohlantirgan kalomlari, ajdodlarimiz ibrati, Islom dini qadr-qimmati shakllansa, so‘z aytish mas’uliyatini yanada teranroq anglagan bo‘lar edik. Zotan, qalam ahllarining sharafli kasbida qo‘lga kiritadigan yutuqlarini ta’minlovchi muhim omil shu aslida.
 
Shu o‘rinda yana bir jihatni ta’kidlash kerak. Ommaviy axborot vositalariga oid qonun hujjatlarida ham biror-bir tashkilot yoki shaxs faoliyatiga oid xabarni tarqatishdan avval, uning to‘g‘riligi va haqqoniyligini tekshirish qayd etilgan. O‘zbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”giQonunining (yangi tahriri) 5-moddasida: “Ommaviy axborot vositalari qonun hujjatlariga muvofiq axborotni izlash, olish, tadqiq etish, tarqatish, undan foydalanish, uni saqlash huquqiga ega hamda tarqatilayotgan axborotning xolisligi va ishonchliligi uchun belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi”, deb alohida ko‘rsatib qo‘yilgan.
 
Xalqimiz ardoqlaydigan mo‘tabar maskanlarga shunday munosabatda bo‘lish – yurtimiz tinchligiga raxna solish, xalq orasida fitna qo‘zg‘atish yoki “ko‘rinmas kuchlar”ningnayrangiga uchishdan boshqa narsa emas. Bunday xatolar takrorlanmasligi uchun muqaddas dinimiz sha’niga putur yetkazayotgan kimsalarga yetti o‘lchab, bir kesmasa, ishini Xudoning O‘zi to‘g‘rilab qo‘yishi mumkinligini eslaridan chiqarmasliklarini ta’kidlaymiz.
 
Xulosa qilib aytganda, bugun shuhratning ketidan quvib, “mish-mishlar”ga uchib, uydirma axborot tarqatayotgan, asossiz maqolalar yozib, dinimizni haqoratlayotgan mualliflar tutumida, fikru zikrida shaytoniy “men!” ustuvor. Ular “men”ini kibr bilan yo‘rgaklab olishgan. Bundaylarni, avvalo, ogohlantirish zarur. Shunda ham tiyilmasa, ularga Allohning O‘zi kifoya: agar xohlasa, shu dunyoning o‘zida, xohlasa, oxiratda jazo beradi.
 
Iloho, o‘zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham mehribon Parvardigorimiz buyurgan, janob Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam tavsiya etgan, o‘tganlarimizning ruhi shod bo‘ladigan, xalqimizni xursand qiladigan, ota-onalarimiz rozi bo‘ladigan yo‘llardan yurishimizni nasib etsin!
 
Ibrohimjon INOMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari

 

 

 

O‘zA
Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Bir hadis sharhi: Jannat va do‘zax juda yaqin

31.01.2025   70   1 min.
Bir hadis sharhi: Jannat va do‘zax juda yaqin

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: Jannat sizlarning har biringizga kavushining bog‘ichidan ham yaqinroqdir, do‘zax ham xuddi shunday (Imom Buxoriy rivoyati).

Sharh: Ushbu hadisda ozgina bo‘lsada, yaxshilik qilib qolishga targ‘ib va ozgina bo‘lsada, ham yomonlik qilishdan qaytarish bor. Chunki toat-ibodat insonni jannatga yaqinlashtiradi, gunoh-ma’siyat esa, uni do‘zaxga yaqinlashtiradi. Alloh taolo aytadi: Kim bir zarra miqdoricha yaxshilik qilsa, uni ko‘radi. Kim bir zarra miqdoricha yomonlik qilsa, uni ham ko‘radi (Zalzala surasi, 7-8-oyatlar).

Homidjon qori ISHMATBЕKOV

Maqolalar