“Assalamu alaykum, ya ahlal-qubur. Yag‘firullohu lana va lukum, antum salafuna va nahnu bil-asar”
“Assalomu alaykum, ey qabr ahli! Alloh bizni va sizlarni mag‘firat etsin. Sizlar bizdan oldin kelgansiz, biz ham sizning ortingizdan kelamiz”.
Hazrat Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim ota-onasi yoki ulardan birining qabrini har juma kuni ziyorat qilib, “Yosin” surasini tilovat qilib, uning savobini ularga bag‘ishlasa, suradagi har bir so‘z va harf adadicha Alloh taolo ularning gunohlarini mag‘firat qiladi”, dedilar (Imom Daylamiy rivoyati).
Ma’qal ibn Yasor roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “O‘liklaringizga “Yosin” surasini tilovat qiling”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim qabristonga kirib, “Qul huvallohu ahad”ni o‘n bir marta o‘qib, savobini o‘liklarga bag‘ishlasa, unga o‘liklar adadicha savob beriladi”, deganlar (Imom Doraqutniy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Dunyodan o‘tganlarning yaxshi sifatlarini eslanglar, ularning yomon sifatlarini aytishdan saqlaninglar”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Imron ibn Husayn roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam janozada hozir bo‘lganlarida qayg‘ulari ortar, nihoyatda kam gapirar, fikr-mulohazaga g‘arq bo‘lar edilar” (Imom Hokim rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Kotibiyat mas’ul xodimi Muhammadamin qori Xoliqovning padari buzrukvori vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Muhammadamin qori Xoliqovga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi