Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Dekabr, 2024   |   27 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:48
Peshin
12:30
Asr
15:20
Shom
17:04
Xufton
18:24
Bismillah
28 Dekabr, 2024, 27 Jumadul soni, 1446

Haj ziyoratchilari muftiy hazrat suhbatlaridan bahramand bo‘lmoqda

6.08.2019   2306   1 min.
Haj ziyoratchilari muftiy hazrat suhbatlaridan bahramand bo‘lmoqda

Makka shahrida haj ibodatini bajarishga hozirlik ko‘rayotgan yurtdoshlarimiz har kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining ma’rifiy suhbatlaridan bahramand bo‘lmoqda.
Makka shahridagi peshin paytidagi havoning issiqligi va Harami sharifdagi izdixom tufayli o‘zbekistonlik ziyoratchilar joylashgan “Abroj al-Hidoya” mehmonxonasida ham namozxonalar hozirlangan va ziyoratchilarimiz Harami sharifga borolmagan paytlarda namozlarini shu yerlarda jamoat bo‘lib o‘qib olishlari mumkin.
Muftiy hazratlari mana shunday namozlardan keyin ziyoratchilar bilan suhbat qurib, har bir ziyoratchi haj amallarini to‘la-to‘kis ado etishi va hojilik maqomiga munosib bo‘lishi uchun nimalarga e’tibor qaratishi zarurligini so‘zlab bermoqdalar.
Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida Yaratganning roziligi yo‘lida, riyo va gunohlardan xoli bo‘lgan, husni xulq ila ado etilgan mabrur hajning mukofoti jannat ekani va bunday inson gunohlardan pok bo‘lishi xushxabari berilganini muftiy hazratlari bayon qilib berdilar.
Mamlakatimizdagi 33 milliondan ziyod aholi orasidan saralanib kelgan va muqaddas zaminda haj ibodatini ado etishga chog‘langan yurtdoshlarimiz bunday saodatli kunlar uchun shukronalar aytib, Yaratgandan yurtimizga qut-baraka, xalqimizga baxt-saodat, farzandlarimizga nurli kelajak so‘rab duolar qilmoqdalar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Imom – so‘zi va amali uyg‘un inson

27.12.2024   1121   2 min.
Imom – so‘zi va amali uyg‘un inson

1. Diniy sohani tanlashingizga nimalar va kimlar turtki bergan?

– Diniy sohani tanlashimga padari buzrukvorim sababchi bo‘lgan. U kishi bizga yoshligimizdan qisqa suralarni yodlattirgan. Tumanimizdagi jome masjidlar imomlariga shogird tushdim. Maktabni tugatgach, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga o‘qishga kirdim.
 

2. Bugungi imom qanday bo‘lishi kerak?

– Bugungi imom ilmli, odobli, muomalada, yurish-turishda barchaga ibrat va namuna bo‘lishi zarur. O‘z ustida tinimsiz ishlashi kerak. Shu bilan birga, yurtimizda diniy-ma’rifiy va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardor va bu xayrli ishlarni xalqqa yetkaza oladigan bo‘lishi zarur.


3. Imom-xatib odamlar orasida xuddi yuzdagi xoldek bo‘lishi kerak. Shunday emasmi?

– Bugun xalqimiz ma’rifatini yuksaltirish, ­bid’at-xurofotlarga murosasiz bo‘lishda imomning o‘rni alohida. Imomning so‘zi va amali uyg‘un, ya’ni aytganiga o‘zi amal qiladigan bo‘lishi kerak. Shunda­gina u odamlar orasida xuddi yuzdagi xoldek bo‘ladi.


4. Bugun jamiyatimizda sizni qaysi jihatlar quvontiradi va tashvishga soladi?

– Yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar barcha qatori meni ham quvontiradi. Ayniqsa, Qur’on va tajvidni o‘rgatish kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani tahsinga sazovor.

Ayrim yoshlarning bilib-bilmay aqidasi buzuq turli g‘alamislar tuzog‘iga tushib qolayotgani dilni xufton qiladi.


5. Eng ko‘p o‘qiydigan kitoblaringiz? Diniy manbalardan tashqari qanday mavzulardagi kitoblarni mutolaa qilasiz?

– Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahi­mahullohning “Tafsiri Hilol”, “Hadis va hayot”, “Ruhiy tarbiya” asarlarini qo‘ldan qo‘ymay mutolaa qilaman. Alixonto‘ra Sog‘uniyning “Turkiston qayg‘usi” kitobi, jadidchi bobolarimizning asarlari meni maftun etgan.


6. Tanlagan kasbingizdan ko‘nglingiz to‘lmagan paytlar ham bo‘lganmi?

– Kasbim – faxrim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning meroslarini imkon qadar xalqqa yetkazayotganimdan behad baxtiyorman, alhamdulillah.


Ma’lumot o‘rnida, Shokirxon Imomiddinov 1979 yilda Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida tug‘ilgan. 1997–2001 yillarda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida ta’lim olgan. 2001 yildan beri Quyi Chirchiq tumani “Olmazor” jome masjidida imom-xatib hamda 2019 yildan buyon mazkur tuman bosh imomi bo‘lib ishlab kelmoqda. 

"Hidoyat" jurnalining 8-sonidan olingan

 

Imom – so‘zi va amali uyg‘un inson
Maqolalar