Haj amallarini ado etishga hozirlik ko‘rayotgan yurtdoshlarimiz qalblari o‘zgacha quvonchga to‘lib, ibodat zavqini his etmoqdalar. Boisi bu yerdagi qulay shart-sharoitlar, yaratilgan imkoniyatlar juda ham yuqori darajada.
Makka shahridagi ishchi guruhining bildirishicha, ziyoratchilarimizga Makkai mukarramada zamonaviy mehmonxona o‘zbekistonlik ziyoratchilar xizmatida bo‘lmoqda. Ayni kunlarda, ziyoratchilar ibodatlarini chiroyli va mukammal ado etishlari uchun mehmonxonada barcha qulayliklar muhayyo qilingan.
5 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari ziyoratchilarning taomlanish jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar, ular bilan birgalikda tamaddi qildilar.
Aytish joizki, O‘zbekistondan borgan 15 nafar mohir oshpazlar ziyoratchilarimizga o‘zlarini huddi vatandagidek his etishlari va ibodatlarda yengillik bo‘lishi uchun munosib taomlarni tortiq etishmoqda.
Muftiy hazratlari ziyoratchilarning taomnomasida issiq kunlarda odamlarni zo‘riqtirmaydigan va ibodat qilishlariga halal bermaydigan ovqatlar bo‘lishiga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladilar. Shuningdek, milliy taomlar, parranda, baliq va yengil hazm bo‘ladigan ovqatlar tayyorlashini oshpazlarga tavsiya etdilar. Kuchli qovurilgan, yog‘li va hamrli taomlardan imkon qadar saqlanishni bildirdilar.
Saudiya Arabistonidagi hamkor “al-Hidoya” shirkati tomonidan taomlar so‘nggida olma, xurmo, nok, banan kabi ho‘l mevalar hamda qatiq kabi sut mahsulotlari berilmoqda. Iloji boricha ko‘proq suv va sharbatlar ichish shifokorlar tomonidan tavsiya etilmoqda, chunki issiq ob-havo sharoitida organizmda suyuqlik miqdorini normal darajada saqlab turish uchun juda ham muhimdir.
Bir so‘z bilan aytgan-da, ziyoratchilarimizga barcha shart-sharoitlar eng yuqori darajada muhayyo qilingan, asosiy maqsad esa ularning ibodat halovatlarini topishlariga xizmat qilishdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Shu yil 9 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamkorligida o‘tkazib kelinayotgan namunaviy-amaliy tadbirlarning navbatdagisi Sirdaryo tumanida o‘tkazildi.
Mazkur tumandagi “Abu Bakr” masjididagi yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiligida Sirdaryo viloyat vakilligi xodimlari, tumanlar bosh imom-xatiblari va tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh tuzilib, ular hududdagi 7 ta masjid va 21 ta mahallaga biriktirildi. Shuningdek, mahallalardagi “Haj – 2024” ziyoratchilari ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etildi.
Tadbir doirasida imom-xatiblar 105 ta oilaga, 21 ta oilaga, umumiy hisobda 126 ta oilaga kirib, targ‘ibot va amaliy yordam ishlarni olib bordi.
Xususan, 38 ta xonadonda yot g‘oyalar ta’siriga moyil bo‘lganlar bilan suhbatlashilib, ularning tushunchalari to‘g‘rilandi. 19 oila buzilishining oldi olindi. Nogironligi bor, ehtiyojmand va tabarruk yoshdagi qariyalar yashaydigan 5 ta oilaga kirib sovg‘a-salomlar ulashildi.
Shuningdek, ishchi guruh a’zolari imom-xatiblar faoliyatini o‘rgandi. Jumladan, ustav asosida ish yuritish, jamoani boshqarish, masjidni toza va ozoda saqlash, unda qulay sharoitlar hozirlash kabi jihatlar ko‘rib chiqildi. Natijada imom-xatib boshchiligidagi masjidlar jamoasining faoliyatiga ijobiy baho berildi.
Bundan tashqari, ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini ado qilib, qavmga “Tinchlik ne’mati”, “Shukronalik”, “O‘zaro hamjihatlik”, “Oila muqaddasligi”, “Husni xulq”, “Qo‘shnichilik odoblari”, “Mazhabga ergashish va yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish” kabi dolzarb mavzulardagi ma’ruza qilishdi. Ularda 1 300 nafardan ortiq namozxon qamrab olindi.
Tadbir so‘ngida Sirdaryo tumani imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy va masjid boshqaruvidagi faoliyatida kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Ma’lumot o‘rnida Sirdaryo viloyati imom-xatiblari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan Ishchi guruh faoliyati 2025 yilning 28 yanvar kuni Xovos tumanida o‘tkazilishi reja qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati