Qurbonlik xuddi zakot kabi hijratning ikkinchi yilida Madinada shariat bo‘yicha haq va to‘g‘ri ibodat sifatida qabul qilingan. Bu ibodat Kitob, sunnat va ijmo bilan sobitdir. Qur’oni karimda marhamat qilinadiki:
إِنَّا أَعْطَيْنَاكَ الْكَوْثَرَ * فَصَلِّ لِرَبِّكَ وَانْحَرْ * إِنَّ شَانِئَكَ هُوَ الْأَبْتَرُ
“Biz senga kavsarni berdik. Bas Robbingga xolis namoz o‘qi va jonliq so‘y. Albatta, seni yomon ko‘rib, ayblovchining orqasi kesik”. (Ma’no tarjimasi “Tafsiri hilol”dan olindi)
«Kavsar»ni tafsirchilarimiz «ko‘p yaxshilik» deb aytganlar. Payg‘ambarlik, Qur’on, hikmat, ummatning ko‘pligi, shafoat va Payg‘ambarimizga berilgan boshqa son-sanoqsiz yaxshiliklar ham shular jumlasidan.
«Bas, Robbingga namoz o‘qi va jonliq so‘y».
Ulamolarimiz ushbu oyati karimadagi «namoz»dan murod, iydi qurbon namozi, «jonliq»dan murod qurbonlikka so‘yiladigan hayvon, deganlar.
mazhabimiz ulamolari hur, muqim, boy musulmon odamga qurbonlik qilish vojibdir, deganlar.
Shuningdek, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining boshqa hadislarida:
«Qurbonlik qilinglar! Chunki, u otangiz Ibrohimning sunnatidir», deganlar.
Qurbonlik Alloh taologa yaqinlik hosil qilish uchungina qilinadi. Alloh taolo bandaning qurbonligiga muhtoj emas, balki bandaning o‘zi qurbonlik sababidan beriladigan ajrga muhtoj.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. «Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Odamzot so‘yish kuni qon chiqarishdan ko‘ra Allohga mahbubroq ish qilgan emas. Albatta, u(hayvon)lar qiyomat kuni shoxlari, junlari va tuyoqlari bilan kelurlar. Albatta, qon yerga tushishidan oldin Allohning huzuridagi makonga yetur. Uni chin ko‘ngilla chiqaringiz», dedilar». (Termiziy rivoyati)
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. «Nabiy sollallohu alayhi vasallam so‘yish kuni ikkita shoxli, ola, bichma qo‘yni so‘ydilar. Ikkisini yuzlantirganlaridan so‘ng:
«Albatta, men yuzimni osmonlaru yerni yaratgan Zotga, Ibrohimning millatida bo‘lgan, to‘g‘ri yo‘lga moyil bo‘lgan holimda yuzlantirdim va men mushriklardan emasman. Albatta, mening namozim, ibodatlarim, hayot va mamotim olamlarning Robbi Alloh uchundir. Uning sherigi yo‘q. Ana shunga buyurilganman. Va men eng avvalgi musulmonlardanman. Ey, bor Xudoyo, bu Sendan va Senga Muhammaddan va uning ummatidan. Bismillahi va Alohu Akbar», dedilar so‘ngra so‘ydilar». (Abu Dovud va Ibn Moja rivoyat qilgan)
Qurbonlikning ko‘plab fazilatlari bor. Insonlar o‘rtasida mehr va muhabbatni paydo qiladi. Adovatni ketkazadi. Qurbonlik qiluvchining martaba va obro‘sini ko‘taradi. Gunohlar to‘kilishiga sabab bo‘ladi.
Qurbonlik qilish boylargagina vojib bo‘lganligi kambag‘allarga yengillikdur. Shu bilan birga muqaddas dinimizda qurbonlikka qodir bo‘la olmagan kambag‘allar ham o‘ksitilmaydi.
Qurbonlikning fazilatlarini eshitib sahobalardan birlarining rag‘bati qo‘zib ketib Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga savol berdi:
«Aytingchi, men urg‘ochi maniyhadan o‘zga narsa topmasam, uni qurbonlik qilamanmi?» dedi».
(«Maniyha» birov tomonidan sog‘ib ichib turish uchun berilgan sog‘in hayvon).
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bu savolga:
«Yo‘q!» deb javob berdilar va :
«Lekin, sochingni va tirnoqlaringni olasan. Mo‘ylabingni qisqartasan. Qovug‘ingni tozalaysan. Ana o‘shalar, Allohning nazdida sening qurbonligingning tugal bo‘lganidir», dedilar».
Iloho, xalqimizning turmushlari yanada farovon bo‘lib, qurbonlik qilishga qodir bo‘lguvchilarning soni ko‘payishini Alloh nasib aylasin.
Shahobiddin Parpiyev – Asaka tumani bosh imom-xatibi
Shu yil 9 yanvar kuni Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev boshchiligida vakillik xodimlari, shahar-tuman bosh imom-xatiblari va iqtidorli imomlar ishtirokida tuzilgan ishchi guruh O‘zbekiston tumaniga tashrif buyurdi.
Dastlab tumandagi 7 ta masjid va 7 ta mahallada, shuningdek, “Haj — 2024” ziyoratchilari va mahalla fuqarolar yig‘ini raislari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, amaliy tadbir rejasi tuzildi.
Ishchi guruh a’zolari va imom-xatiblarga biriktirilgan mahalla hududidan “Haj – 2024” ziyoratchisini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etdi. Birgalikda mahallaning eng kamida 3 tagacha muammoli xonadoniga kirib, u yerda yashayotganlardan hol-ahvol so‘radi. Ularning muammolarini o‘rgandi, taklif, fikr-mulohazalarini tingladi. Imom-xatiblar 22 ta oilaga kirib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot va amaliy yordam tadbirlarini olib bordi.
Shuningdek, tumandagi "Qudash" muruvvat uyiga tashrif buyurilib, tashrif chog‘ida muruvvat uyida yashovchi imkoniyati cheklangan, mehr-muruvvatga muhtojlarni holidan xabar olinib, muruvvat uyi uchun maishiy texnika va maishiy jihozlar hamda boshqa turdagi zaruriy ashyolar xayriya qilindi.
Shu bilan birga, muruvvat uyida "Yashil makon" dasturi doirasida 100 tup mevali va manzarali ko‘chatlar ekildi.
Tumanning "Bog‘i Eram" mahallasida yashovchi kam ta’minlangan oilaga homiylar ko‘magi bilan zamonaviy qulay sharoitlarga ega bir xonalik uy qurib berildi. Ishchi guruh mazkur xonadonga tashrif buyurib, xonadon egalari bilan muloqot qildi.
Peshin namozi so‘ngida masjidlarda jamoatga ma’ruza qilinib, odamlarga manfaat yetkazishning fazilati, ofiyat ulkan ne’mat ekani, yoshlar tarbiyasi doimiy e’tibor markazda bo‘lishi zarurligi, bu borada ota-onalarning o‘rni haqida ilmiy va hayotiy misollar yordamida tushuntirildi.
Masjidlar va imomlar faoliyati ko‘zdan kechirildi hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan kerakli tavsiyalar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati