Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Savdogar kishi shubhali narsalardan yiroqda bo‘lishi juda ham zarur.
Tijoratda ko‘p uchrab turadigan shubhali, noaniq, aslini bilib bo‘lmaydigan, shuning bilan birga, shariatdagi hukmi noaniq bo‘lgan savdo mollaridan uzoqda bo‘lish tojir uchun o‘ta muhimdir. Musulmon tojir bunday narsalarning hukmini biladigan olimlardan so‘rab olib, keyin sotsa, haromdan saqlangan bo‘ladi.
No‘mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, halol ochiq-oydindir. Albatta, harom ochiq-oydindir. Va ikkovlari orasida shubhali narsalar bordir. U (shubhali narsa)larni odamlarning ko‘plari bilmaslar. Bas, kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘si uchun poklangan bo‘ladi. Kim shubhalarga tushsa, haromga tushadi», dedilar».
Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasoiy rivoyat qilishgan.
“Bozor va unga bog‘liq masalalar” kitobidan
manba: islom.uz
Cavol: Sajdai sahv qilish uchun salom berishda bir tomonga salom beriladimi yoki ikki tomongami?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Har ikkisi ham to‘g‘ri. Ya’ni namozxon sajdai sahv qilishda bir tomonga salom bersa ham, ikki tomonga salom bersa ham to‘g‘ri ish qilgan bo‘ladi. Chunki fuqaholarimiz har ikki holatni sahih — to‘g‘ri deb fatvo berishgan. Ayrim fuqaholar yolg‘iz namoz o‘qiyotgan kishi – ikki tomonga salom berishi, imom esa – bir tomonga salom berishi yaxshidir, deganlar. Chunki imom ikki tomonga salom bersa, ergashuvchilarning ba’zisi namoz tugallandi deb o‘ylab namozga zid hatti-harakat sodir etishi mumkin, deyishgan (“Durarul hukkam” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.