Journal of Hospital Infection nomli tibbiy jurnalda soqolni doim o‘tkir tig‘li asbob bilan qirib olishning zararlari haqida yangi tadqiqot xulosasi e’lon qilindi.
Unda aytilishicha, soqolni qirib olish yuzda ko‘rinar-ko‘rinmas jarohatlar paydo bo‘lishiga olib kelar ekan. Bunga sabab soqol orasidagi bakteriyalarning olingan tuk teshiklari orqali teri ostiga kirishidir.
Soqollilar va soqoli olinganlar ustida olib borilgan bu tajribaning ko‘rsatishicha, doim soqolni o‘sitirib yuradigan kishilar soqolini olib yuradiganlarga nisbatan bakteriya zarariga kamroq ro‘baro‘ bo‘lar ekanlar.
Ushbu rasmda soqol tuklari orasida tabiiy ravishda yashovchi bakteriya va viruslar ko‘k va sariq rangda berilgan. O‘tkir tig‘li ustara bilan soqolni olish esa ushbu viruslarning teri ostiga kirib olishiga, bu esa surunkali teri yaralari, toshmalar, husnbuzarlar va so‘gallarning ko‘payishiga olib kelishi mumkin ekan. Shu bois shifokorlar soqolni kamroq olishni, agar iloji bo‘lsa, soqolni olmay, qo‘yib yurishni maslahat bermoqdalar.
Tadqiqotchilar yana shunday xulosalarga ham kelishdiki, soqol kishining jozibali, hurmatli va viqorli ko‘rinishiga sabab bo‘lar ekan.
Shuningdek, “Neyshnl geografik” kanalida o‘tkazilgan tajribada soqol kishining ishonchliroq ko‘rinishiga ham sabab bo‘lishi aytilgan.
Ba’zilar o‘ylaganidek, soqol bakteriyalar uyasi emas.
Yuzini kun davomida bir necha marta yuvadigan odamning soqoli orasida zararli bakteriyalar bo‘lmaydi, qolaversa, yuz soqol sababli viruslar hujumidan himoyalangan holda bo‘ladi.
Biz musulmonlar kun davomida tahorat asnosida yuzimizni bir necha bor yuvamiz. Bu esa turli zararlardan himoyalanashimizga bois bo‘ladi.
Ha, aytgandek, soqol yuzni ultrabinafsha nurlar ta’siridan ham himoya qilib, teri saratonining oldini oladi.
Bundan tashqari soqol astma, allergiya kasalliklarining mikroblari og‘iz bo‘shlig‘iga tushib, o‘pkaga yetib borishining ham oldini oladi.
Qolaversa, qishning qahraton sovug‘ida soqol o‘ziga xos izolator vazifasini bajarib, yuz, jag‘ va og‘iz bo‘shlig‘ini sovuqda muzlashdan yoki sovuq urishidan himoyalanishiga sabab bo‘ladi.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
وَمَا آتَاكُمُ الرَّسُولُ فَخُذُوهُ وَمَا نَهَاكُمْ عَنْهُ فَانتَهُوا وَاتَّقُوا اللَّهَ
“Payg‘ambar sizga nimani bersa, o‘shani olinglar va nimadan qaytarsa, o‘shandan qaytinglar. Allohdan qo‘rqinglar” (Hashr surasi, 7-oyat).
Alloh taolo bu oyati karimada biz bandalarini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga itoat qilishga, u zot alayhissalom bergan, tavsiya qilgan narsalarini olib, qaytarganlaridan qaytishimizni va bu borada O‘zidan qo‘rqishimizni amr qilmoqda.
Barchamizga yaxshi ma’lumki, soqol qo‘yish Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning doimiy sunnatlaridandir. Bizning hanafiy mazhabimizda soqol qo‘yish vojib amal hisoblanadi. U zot sollallohu alayhi vasallam biz ummatlarini soqol qo‘yishga buyurganlar.
Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Mo‘ylabni qisqartirib, soqolni mo‘l qo‘yinglar!» — dedilar». Imom Buxoriy rivoyati.
Boshqa bir hadisda esa Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘nta narsa fitratdan (insonning tabiiy qiladigan ishlaridan) deb, shularning orasida soqol qo‘yib, mo‘ylabni qisqartirishni ham zikr qilganlar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bizga yaxshiligi, foydalari bor amallarni qilishimizni amr etib, yomonligi, zararlari bor narsalarni qilishimizdan qaytarganlar. Shuning o‘ziyoq u zotning haq Payg‘ambar ekanliklariga yaqqol dalildir.
Abduddoim Kahel maqolasi va internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
#xabar #haj2025
Bugun kechqurun 15 ming o‘zbekistonlik ziyoratchilar Makkai mukarramadagi mehmonxonalardan haj ibodatining asosiy amallarini bajarish uchun Mino vodiysiga yo‘l oladilar.
Aytish joizki, bugungi kungacha O‘zbekiston ishchi guruhi vakillari tomonidan ziyoratchilarimiz ulug‘ ibodatni bekamu ko‘st ado etishlari uchun Mino, Arofat va Muzdalifa vodiylarida barcha shart-sharoitlar to‘liq tayyor holatga keltirilgan.
Ayni maqsadda ishchi guruhi va shifokorlarning ma’lum a’zolari mazkur muborak vodiylarda bir muddat oldin borib, ziyoratchilarimizni kutib olishga shay bo‘lib turibdilar.
Xususan, bu yil, O‘zbekiston tomonining talabiga muvofiq, Arafot hududidagi chodirlar yopiq tarzda barpo etildi. Ularning atrofi issiq o‘tkazmaydigan panellar bilan o‘ralgan, sovutish tizimi o‘rnatilgan, gilam va to‘shaklar solingan. Bu hozirgi yoz kunlarida ziyoratchilarga qo‘shimcha qulaylik yaratadi.
Shuningdek, barcha sharoitlarga ega tibbiyot markazlari, 3 mahal issiq ovqat va 24 soat davomida choy va salqin ichimliklar bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yiladi. Arafotda Muzdalifada foydalanish uchun hojilarga maxsus to‘shak va soyabonlar tarqatish rejalashtirilgan.
Ayni paytgacha soha rahbarlari tomonidan ishchi guruhi a’zolari, ellikboshilar va shifokorlar jamoasiga haj jarayonlarini namunali boshqarish, belgilangan tartiblarga rioya etish va shar’iy masalalar haqida batafsil tushuntirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati