Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Dekabr, 2024   |   25 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:48
Peshin
12:29
Asr
15:19
Shom
17:03
Xufton
18:23
Bismillah
26 Dekabr, 2024, 25 Jumadul soni, 1446

Dog‘istonda noodatiy Qur’on musobaqasi o‘tkazildi

5.08.2019   2174   1 min.
Dog‘istonda noodatiy Qur’on musobaqasi o‘tkazildi

Islom olami robitasining Kitob va sunnatga xizmat qilish hay’ati va Dog‘iston musulmonlar idorasi imom Navaviy nomli madrasada Qur’on musobaqasini tashkil etishdi. Bu haqda ioqas.org nashri xabar beradi.

Ushbu musobaqa faqat ulug‘ yoshli Qur’on hofizlari uchun tashkil etilgan bo‘lib, unda yigirma bir ishtirokchi qatnashdi.

Yoshi ulug‘ ishtirokchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun kelgan muxlislarning juda ko‘p bo‘lgani ham musobaqaning yana bir e’tiborli jihatlaridandir.

Musobaqa g‘oliblarini taqdirlash uchun marosimga Rossiyada Kitob va sunnatga xizmat qilish hay’atining rahbari Ustoz Ibrohim Soburov va Dog‘iston musulmonlari idorasi xorijiy aloqalar bo‘limi boshlig‘i Doktor Shahobiddin Husaynov hamda Dog‘iston muftiysi Shayx Ilyos Amlatov tashrif buyurdi.

Yakunda musobaqa ishtirokchilariga esdalik sovg‘alar topshirildi, hamda musobaqa tashkilotchilariga minnatdorchilik bildirildi. Shuningdek, Islom Olami Robitasining Qur’oni karimga qilayotgan hizmatlariga muvaffaqiyatlar tilab duoyi-xayrlar qilindi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar

Zaharli o‘qdan saqlaning!

25.12.2024   1036   4 min.
Zaharli o‘qdan saqlaning!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Avratga qarash ham zinoning bir turidir. Erkakning, ayolning avratiga qaraydigan kimsalarga qanday jazo berilishi quyidagi oyatlarda aytilgan:

«(Mo‘minlar) Allohdan boshqa hech qanday ilohga ibodat qilmaydilar; Alloh (o‘ldirishni) harom qilgan jonni nohaq o‘ldirmaydilar; zino qilmaydilar. Kim bu ishlarni qilsa, uqubatga duchor bo‘ladi. Qiyomat kuni ularning azobi bir necha barobar ko‘paytiriladi, ular u yerda xor bo‘lib, abadiy qoladi. Kim tavba qilsa, iymon keltirib, solih amal qilsa, Alloh o‘shalarning yomonliklarini yaxshiliklarga almashtiradi. Alloh mag‘firatli, rahmli Zotdir» (Furqon surasi, 68-70-oyatlar).

Mana shu oyatga ko‘ra, kim ko‘zi bilan zino qilsa-yu, tavba qilmasa, Qiyomatda uqubatga duchor bo‘ladi. Uqubat jahannamdagi bir vodiy bo‘lib, u yerda zinokorlar azoblanadi. Kimki zinokorlar vodiysiga tushadigan bo‘lsa, uning uchun azob ko‘proq bo‘ladi, u yerda xor bo‘lib, abadiy qolib ketadi.

 

Zaharli o‘qdan saqlaning!

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadisi qudsiyda bunday deganlar: «(Nomahramga) qarash iblisning zaharli o‘qlaridan biridir. Kim bu ishni Mendan qo‘rqib tark qilsa, buning o‘rniga qalbiga halovat beraman» (Imom Hokim rivoyati).

 

Oddiy o‘q bilan zaharlangan o‘qning farqi

Oddiy o‘q ba’zan tegsa ham, insonni o‘ldirmaydi, faqat tekkan joyigagina zarar yetkazadi. Zaharli o‘q esa salgina silab o‘tsa ham, zahari butun tanaga tarqab ketadi. Tezda chorasi ko‘rilmasa, odamni o‘ldiradi. Bunday o‘q tekkanda zahar butun tanaga tarqab ketmagunicha uning ta’siri sezilmay turadi.

Birovning avratiga qarash ham o‘sha avrat egasiga zarar beradigan zaharli o‘qdir. Bunday o‘q insonga tegsa, u bilan birga butun tanaga tarqab ketadigan kuchli zahar ham sanchiladi. Natijada insonning ruhiy holati ostin-ustin bo‘ladi, ibodatlariga, darslariga salbiy ta’sir qiladi, oilaviy aloqalarini buzib, barbod qiladi. Zahar (nazar) qanchalik oddiy bo‘lmasin, baribir tanaga tarqab, ta’siri uzoq vaqtdan keyin bo‘lsa ham yuzaga chiqadi. Demak, maktabda ham dugonasining avratiga qarash – zaharli o‘qdir. Xonanda va raqqosalarning avratlariga qarash – zaharli o‘qdir. Barcha harom narsalarga qarash haromdir. Bu zaharli o‘qlarning ta’siri boshida sezilmaydi. Harom narsaga qarab, yo‘lingizda davom etib ketaverasiz, lekin bu qarashlar namozingizga, Qur’on yod olishingizga, o‘qishingizga va oilaviy munosabatlaringizga singib, siz sezmagan holda bularning barchasini barbod qiladi. Demak, ko‘zni haromdan tiyish insonning qalbiga, tanasiga zahar yetib borishidan asraydi.

 

Bir qiz aytadi:

«Bo‘sh vaqtlarimda rosa serial, kino ko‘rardim. Tabiiyki, hammasida harom narsala (ochiq-sochiq tanalar, behayo sahnalar, uyat so‘zlar) bor edi. Haromga qarash zaharli o‘qligini, kim bu ishini Allohdan qo‘rqqani uchun tark etsa, Alloh uning qalbiga saodat ato etiishini bilgunimcha shunday yuraverganman. Bilganimdan keyin esa telefonga, internetga bilan qaraydigan bo‘la boshladim. Nimalarni ko‘rayotganimga, ular hayotimga qanday ta’sir qilayotganiga e’tibor bera boshlagan edim, ajoyib holat bo‘ldi. Har gal behayo narsalarni ko‘rganimda qalbimda qandaydir og‘riqni his qilardim – xuddi menga zaharli o‘q tekkandek bo‘lardi. Ko‘zimni tiyib, haromdan saqlana boshlaganimda esa butunlay boshqa holat bo‘ldi. Bu safar qalbim sururga, xotirjamlikka to‘ldi. Shundan keyin televizor pulti men uchun faqat televizorni emas, balki qalbimning holatini ham nazorat qiladigan vosita bo‘lib qoldi: behayolikni, buzuqlikni ko‘rsatadigan kanallarga olsam, qalbimda qayg‘u va tushkunlik eshigini ochgan bo‘laman; lekin boshqa kanalga olib, haromdan saqlansam, qalbimda baxt-saodat eshigini ochgan bo‘laman. Ko‘zimni haromdan saqlaganim sari hayotim go‘zallashib boraverdi. Avvallari biror kunim kino va seriallarsiz o‘tmaydigandek edi, endi esa ularsiz mutlaqo baxtli, pokiza yashayapman».

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.